Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Elchi tashvish tortmasin — Buxorodagi Karvonsaroyda restoran ochilmaydi

Elchi tashvish tortmasin — Buxorodagi Karvonsaroyda restoran ochilmaydi

Buxorodagi madaniy meros ob’yektlaridan biri – Karvonsaroyda restoran ochilishi haqida xabarlar tarqab, bu Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Violen de Vilmorda ham xavotir uyg‘otgan edi.

22 iyul kuni Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyevning Violen de Vilmor bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvidagi muloqot Fransiyaning «Karvonsaroylar» notijorat assotsiatsiyasi tomonidan ta’mirlangan to‘rt karvonsaroy, jumladan, «Ayoz» karvonsaroyida restoran ochilishi xususidagi mish-mishlarga oydinlik kiritdi: karvonsaroyda restoran ochilmaydi.

Qadimiy karvonsaroy Madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish mintaqalararo davlat inspeksiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan. Bundan ob’yektlar Buxoroda 660 tani tashkil etadi. Shundan, 231 tasi arxeologiya ob’yekti, 364 tasi arxitektura yodgorligi, 19 tasi monumental san’at asari, 22 tasi arxitektura ansambli va 24 tasi diqqatga sazovor joylardir.

Ularni asl holicha saqlash, qadimiy me’morchilik talablariga mos ravishda ta’mirlash borasida muntazam ish olib borilmoqda. Jumladan, joriy yilda viloyatdagi moddiy madaniy meros ob’yektlarini saqlash va restavratsiya ishlari uchun jami 10 milliard 700  million so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

— Bundan 20 yil oldin ta’mirlangan mazkur karvonsaroylar o‘z holicha saqlanmoqda. Bu yerda hech qanday restoran ochish rejasi mavjud emas. Aksincha, bugungi kunda ishlamay turgan bu ob’yektlarning asl ko‘rinishini saqlab qolgan holda ularda sayyohlar tashrif buyurishi uchun qulay imkoniyatlar yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, — dedi viloyat rahbari o‘zaro muloqot chog‘ida.

Davlat tasarrufida va muhofazasida bo‘lgan bu ob’yektlar bo‘yicha hech qanday xavotirga o‘rin yo‘qligiga amin bo‘lgan Violen de Vilmor xonim Buxoro viloyati ma’muriyati bilan Fransiya madaniy-tarixiy obidalarni saqlab qolish va ta’mirlash bo‘yicha o‘z tajribasini o‘rtoqlashishga hamda Versal universiteti yetakchi mutaxassislari ishtirokida seminar-treneninglar tashkil etishga tayyor ekanligini bildirdi.

Muloqot yakunida ikki tomonning bu boradagi o‘zaro hamkorligi madaniy meros ob’yektlarini saqlash va kelajak avlodga yetkazishda katta ahamiyatga ega bo‘lishi ta’kidlangan.

Ma’lumot uchun: Buxoroning Labi-Hovuz majmuasi atrofidagi qadimiy ob’yektlaridan birining orqa yonida ochilgan «Budriddin» kafesi ham buzilib, faoliyati to‘xtatilgan.

Laylo Hayitova,
Buxoro viloyati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring