Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ehtiyot bo‘l, haydovchi! Jarimalar keskin oshirildi

Ehtiyot bo‘l, haydovchi! Jarimalar keskin oshirildi

Foto: «Xabar.uz»

2018-yil 22-oktyabrdagi O‘RQ-503-son Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish kiritildi. Unga ko‘ra, yo‘l transport hodisasi bilan bog‘liq jazolar kuchaytirildi.

«Xushnudbek.uz» kanali bu haqda batafsil izoh berdi.

Qonunga binoan, maxsus huquqdan (transport vositasini boshqarish huquqidan) mahrum etish jazosi ham asosiy, ham qo‘shimcha ma’muriy jazo tariqasida qo‘llanadigan bo‘ldi. Avval ushbu jazo faqat asosiy ma’muriy jazo edi.

Bu nima degani? Masalan, haydovchining qaysidir nojo‘ya harakati uchun yoki jarima, yoki transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish, yoki ma’muriy qamoq jazosi tayinlanishi mumkin edi. Faqat bittasi qo‘llanardi. Endilikda jarimani asosiy jazo tariqasida qo‘llab, qo‘shimchasiga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish ham mumkin.

Xavfsizlik kamari taqmaslik

Xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga va motoshlemlardan foydalanish qoidalariga rioya etmaslik — ilgari jarima EKIH beshdan bir (36 ming 860 so‘m) baravar edi, endi ikkidan bir (yarim minimalka) etib belgilandi. Shunday qilib, 1 noyabrdan jarima 101 ming 365 so‘m bo‘ladi.

Rulda telefonda gaplashish

Rulda telefonda gaplashish – ilgari 2 baravar edi, endi 3 baravar bo‘ldi. 1 noyabrdan 608 ming 190 so‘m bo‘ladi.

1 yil ichida yana telefon bilan qo‘lga tushsa – jarima ilgari 3 baravar edi, hozir 4 baravar bo‘ldi. Demak, 1 noyabrdan 810 ming 920 so‘m bo‘ladi. Shuningdek, 6 oygacha haydovchilik huquqidan mahrum etilishi ham mumkin.

Tezlikka rioya qilmaslik

Tezlik uchun – belgilangandan 40 km.ga ortib ketsa – ilgari 7 baravar edi, endilikda 9 baravar bo‘ldi. Jarimasi 1 noyabrdan 1 mln 824 ming 570 so‘m bo‘ladi.

Tezlik 20 km.dan ortiq, lekin 40 km.dan ko‘p bo‘lmagan kattalikda xuddi shunday huquqbuzarlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin 1 yil davomida takror oshirib yuborishi yoxud tezlikni 20 km.dan ko‘p bo‘lmagan kattalikda xuddi shunday huquqbuzarlik uchun ikki marta ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin 1 yil davomida takror oshirib yuborishi — ilgari jarimasi 10 baravar edi, endilikda 15 baravar bo‘ldi. 1 noyabrdan 3 mln 40 ming 950 so‘m bo‘ladi.

Tezlikni 40 km.dan ortiq kattalikda xuddi shunday huquqbuzarlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin 1 yil davomida takror oshirib yuborishi yoki tezlikni 20 km.dan ortiq, lekin 40 km.dan ko‘p bo‘lmagan kattalikda xuddi shunday huquqbuzarlik uchun 2 marta ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin 1 yil davomida takror oshirib yuborishi yoxud tezlikni 20 km.dan ko‘p bo‘lmagan kattalikda xuddi shunday huquqbuzarlik uchun 3 marta ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin 1 yil davomida takror oshirib yuborishi – ilgari faqat 2 yilga haydovchilik huquqidan mahrum bo‘lardi, endilikda ham 2 yilga haydovchilik huquqidan mahrum qilinib, ham 25 baravar jarima solinadi. Bu — 1 noyabrdan 5 mln 68 ming 250 so‘m bo‘ladi.

Mast holda transport boshqarish

Mast holda boshqarish – ilgari 1 yilu 6 oydan 3 yilgacha muddatga haydovchilik huquqidan mahrum etishga sabab bo‘lardi, endilikda ham xuddi shu muddatga mahrum qilib, ham 25 baravar jarima solishga sabab bo‘ladi. Bu 1 noyabrdan 5 mln 68 ming 250 so‘m bo‘ladi.

Transport vositalarini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxs ichib qo‘lga tushsa – ilgari 30 baravar jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olinardi, endilikda 40 baravar jarima solishga sabab bo‘ladi. Qamoq muddati o‘zgarmagan. 40 baravar 1 noyabrdan 8 mln 109 ming 200 so‘m bo‘ladi.

Mast shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish – ilgari 15 baravar jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha haydovchilik huquqidan mahrum bo‘lardi, endilikda ham 2 yildan 3 yilgacha mahrum qilinib, ham 25 baravar jarima solinadi. Bu 1 noyabrdan 5 mln 68 ming 250 so‘m bo‘ladi.

Mast yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash – ilgari 1 yilu 6 oydan 3 yilgacha haydovchilik huquqidan mahrum etishga sabab bo‘lardi, endilikda ham xuddi shu muddatga mahrum qilinib, ham 15 baravar jarima solishga sabab bo‘ladi. 1 noyabrdan 3 mln 40 ming 950 so‘m bo‘ladi.

Jabrlanuvchiga shikast yetkazish

YH qoidalarini buzish natijasida jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelsa – ilgari 3 baravardan 5 baravargacha jarima solinardi yoki 1 yildan 3 yilgacha haydovchilik huquqidan mahrum etilardi. Endilikda jarima miqdori 5 baravardan 7 baravargacha oshirildi.

YH qoidalarini buzish natijasida mol-mulkning shikastlanishiga olib kelsa, lekin ancha miqdorda moddiy zarar yetkazmasa – ilgari 1 baravardan 2 baravargacha jarima solishnardi yoki 6 oydan 1 yilgacha haydovchilik huquqidan mahrum bo‘lardi. Endilikda jarima miqdori 2 baravardan 4 baravargacha oshirildi.

ESLATMA: Ancha miqdordagi moddiy zarar deganda, EKIH 5 baravar miqdoridan oshib ketgan zarar tushuniladi.

Hujjatsiz boshqarish

Hujjatlari yonida bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi – ilgari «yarim minimalka» jarima solinardi, endilikda 1 baravar jarima solinadi. 1 noyabrdan 202 ming 730 so‘m bo‘ladi.

Boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi, xuddi shuningdek boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxsga transport vositalarini boshqarishning topshirilishi – ilgari 3 baravar jarima solinardi, endilikda 5 baravar jarima bo‘ldi. 1 noyabrdan 1 mln 13 ming 650 so‘m bo‘ladi.

Transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslarning bunday vositalarni boshqarishi – ilgari 5 baravar jarima solinardi, endilikda 10 baravarga oshirildi. Bu — 1 noyabrdan 2 mln 27 ming 300 so‘m bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring