Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Diniy kitoblar nega qimmat? Muammo tahlili

Diniy kitoblar nega qimmat? Muammo tahlili

Foto: «Azon.uz»

Anchadan beri ichimni kemiradigan bir muammo haqida so‘zlamoqchiman. Buning sabablari ko‘p.

Toshkent Islom ma’hadida dars berish bilan birga, yigirma yildan oshdi, matbuot va noshirlik faoliyati bilan shug‘ullanaman. 2003-09 yillari «Fikr Media» nomli firmada diniy mazmundagi kitoblar nashrini amalga oshirdim. Shu davr mobaynida «Fikrat» nomli jurnalga muassislik qildim. «Fikr Media»ning faoliyati sudlanish bilan yakunlandi. Korxona mol-mulkining musodarasi, katta miqdorda jarima va uch yil noshirlik faoliyati bilan shug‘ullanmaslik menga berilgan jazo bo‘ldi. Kamiga faoliyatim qoralangan teleko‘rsatuv ham namoyish qilindi.

2014-yildan «Qaqnus» korxonasi ta’sis etildi. Hozir korxona qoshida nashriyot va bosmaxona faoliyat yuritmoqda.

Bularni men holidan shikoyat qilish yoki o‘zidan qahramon yasash maqsadida yozmayapman. Chunki diniy kitoblar qimmatligi uchun meni ayblab postlar qo‘yilganda ham, faoliyatimdagi muammolar haqida hech kimga nolimaganman. Faqat bularni hozirda izhor qilishdan maqsadim, aytmoqchi bo‘lgan masalam bo‘y-basti bilan ko‘rinsin. Va asosiysi ana shu muammolarni hozirda bartaraf etish vaqti keldi, degan mulohazam bor.

Xullas, mamlakatimizda diniy kitoblar nashri borasida bir qator muammolar bor. Masalan, kitoblarning Diniy qo‘mita (Din ishlari bo‘yicha qo‘mita) tomonidan ekspertiza qilinishiga to‘xtalsam. Qattiq mehnat yoki katta haq evaziga nashrga tayyorlangan kitobni Diniy qo‘mitaga topshirasiz. Hali ekspertizadan o‘tmagan kitobni nashrga tayyorlash jarayonidagi tahlika haqida hech narsa demadim. Mazkur davr jarayonida uyda, ko‘chada yo ishxonada qo‘lga tushib qolsangiz, ruxsat olinmagan kitobni nashrga tayyorlash yoki tarqatish aybi bilan sudga tortilishingiz hech gap emas. Chunki bu to‘g‘ridagi qonunchilik xohlagan tomonga burilish imkonini berar darajada noaniq. Kitobni Qo‘mitaga topshirib, ular ruxsat berishlarini oylab va hatto yillab kutishingiz mumkin. Xudo yorlaqab kitobingizga ruxsat chiqib qolsa, ruxsatnoma blankasida O‘zbekistonda diniy kitob nashrini monopoliya qilgan 3-4 nashriyot va bosmaxonaning nomi (bunday cheklov qaysi qonun va qarorga asosan amalga tatbiq qilinayotganini hali-hanuz tushunmayman. So‘raganimda og‘zaki buyruq bor, deyishgan), kitob tiraji va nashr etish muddati (hozirda shu jihat bekor qilingan) belgilangan bo‘ladi. Ruxsatnomani belgilangan to‘lovni amalga oshirgach qo‘lingizga olasiz va yana tiraj miqdoricha gologrammaga haq to‘lash majburiyatida qolasiz. Undan keyin nashriyotlar narxini surishtirib, monopoliya soyasida chiqarib berilgan qimmat narxli nashriyot bilan shartnoma tuzasiz (ayni kitobni siz o‘zingiz nashriyot va bosmaxonangizda ikki barobar arzonga chop etishingiz mumkin. Lekin bunga haqqingiz yo‘q). Agar nashriyot kitobni ekspertiza xulosasida ko‘rsatilgan muddatda nashr qilib bera olsa, xo‘p-xo‘p, aks holda yana qayta harajat bilan Diniy qo‘mitadan ruxsat olish majburiyatida qolasiz.

Oxirida Qo‘mitaga qilingan xarajat va monopolist nashriyot qo‘ygan narx bilan qimmatlagan kitobni kitob bozoriga taklif etasiz. U yerdagi uddaburon sotuvchilar biri kitobingizni ko‘tarasiga sotib oladi. Tabiiy, oldindan puli to‘langan, cheklangan nusxada nashr etilgan kitobni sotuvchi xohlagan narxida sotadi. Shundog‘am qimmat kitob narxi ikki-o‘n barobar qimmatlashadi. Chunki buyog‘i talab va taklifdan kelib chiqadi.

Kitob narxini ushlab turish uchun noshir uni ko‘tarasiga sotmasligi ham mumkin. Ammo qarzga olingan mablag‘ni qaytarish majburiyati va sotuvchilarning uddaburonligi sabab, baribir kitobni ko‘tarasiga sotishga majbur bo‘ladi.

Bu kitobni noshirdan to o‘quvchi qo‘liga yetgungacha bo‘lgan jarayon. Bunda kitobning muallif yoki tarjimon qo‘lida tayyor bo‘lguncha bo‘lgan qiyinchiliklarni aytmayman.

Endi muammoning men tushunmaydigan jihatlari va amaliy takliflarga o‘tsam.

Tushunmagan jihatlarim: Diniy sohadagi qariyb o‘ttiz yillik, matbuotdagi yigirma besh yillik va noshirlikdagi o‘n besh yillik tajribam bo‘la turib ham, bu sohada hamma qonuniy va moliyaviy jihatlarni rioya qilish maqsadida yuridik shaxslar tashkil etib ham, o‘z nashriyot va bosmaxonamda nega diniy adabiyot nashr va chop etishim mumkin emas? Nima, shu kitoblarni ekspertiza qiladigan, nashr va chop etadigan tashkilotdagi kishilardan ko‘ra dinni hamda siyosatni kam tushunamanmi? Agar dinni ulardan kam tushungan taqdirimda, davlatning mas’ul idorasidan ekspertiza qilingan kitobni nahot o‘z korxonamda nashr va chop qilishga huquqim bo‘lmasa? Bu savolning qadrini yuridik shaxs tashkil qilib, o‘nlab kishilarni ish bilan ta’minlab, davlatga soliq to‘layotgan kishilar juda yaxshi tushunishadi.

Bu sohada ishlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish uchun amaliy takliflarim:

1. Diniy mazmundagi kitobni ekspertiza qilish, mayli kerakdir. Ammo uni diniy bilimga chuqurroq ega bo‘lgan kishilar tomonidan, ko‘rib chiqish muddati qat’iy belgilangan tarzda amalga oshirish kerak (oxirgi bergan kitoblarim ekspertizada 14 oydan beri yotibdi).

2. Kitobning tirajini cheklamaslik kerak. Cheklash kitobning narxi ko‘tarilib ketishiga va hozirda hukumatimiz tomonidan qo‘llanayotgan Islom ma’rifatini keng ommaga yetkazish ishiga qattiq zarba beradi.

3. Diniy kitoblarni nashr etish huquqini muayyan nashriyotlarga berish orqali boshqalarni cheklamaslik lozim. Bu holat zararli monopoliyaga olib boradi, kitob va kitobxonlik ishlariga putur yetkazadi va asl mutaxassis korxonalar huquqini yer bilan yakson qiladi. Qolaversa, diniy ekspertizadan o‘tgandan keyin kitob jamiyat uchun xavfsiz sanaladi. Shunday ekan, bu kitobni nashrga tayyorlagan nashriyot chop qilishining nima yomon tomoni bor. Bu birovning bolasini qo‘lidan tortib olib, begonaga berib yuborishga o‘xshamaydimi?

Xullas, mening bu borada gapim shu. Buni sohadagi mantiqsizliklardan uzoq yillardan beri aziyat chekayotgan kishining fikrlari, deb qabul qiling. Muammolar paydo bo‘lganiga ancha vaqt bo‘lgan. Shuning uchun hozir bunga mas’ul bo‘lgan idora va shaxslar gaplarimni o‘zingizga olmang. Balki hozirgi islohotlar davrida fikrlarimni inobatga olsangiz, bundan faqat yutarsiz.

Bularni izhor qilishimdan maqsad, yuzaga kelgan imkoniyatdan foydalanish, ayrimlarga raddiya berish va sohadaga ishlarni isloh qilishga ojizona bir urinish xolos.

Mubashshir Ahmad
«Azon.uz» portalidan olindi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring