Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroning bitta tumanida o‘nlab IIB xodimlari ishdan haydaldi

Buxoroning bitta tumanida o‘nlab IIB xodimlari ishdan haydaldi

Foto: «Xabar.uz»

2018-yilning oktyabr oyida Qorako‘lda bir guruh yoshlar tomonidan ikki kun davom etgan bezoriliklar bir nafar yosh yigitning o‘limi bilan yakun topgan edi. Mahalla-ko‘y hamda ichki ishlar profilaktika inspektorlari vaziyatga jiddiy e’tibor qaratganida fojianing oldi olinarmidi, deysan-da. Taassuf...

Oradan salkam ikki yilcha vaqt o‘tdi. Biroq tumanda qotillik, tan jarohati yetkazish, bosqinchilik, o‘g‘rilik, bezorilik, o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari kabi jinoyatlar soni oshaverdi...

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi ishchi-guruh tomonidan Buxoro viloyatida olib borilgan o‘rganishlar yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda bu haqda so‘z bordi.

Yig‘ilishda xizmatni tashkil etishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan Qorako‘l tumani IIB boshlig‘i O.Qurbonov, Qorako‘l tumani IIB tergov bo‘linmasi boshlig‘i F.Norov hamda 6 nafar profilaktika inspektori egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.

Ma’lumotga ko‘ra, Qorako‘l tumanidan tashqari, G‘ijduvon, Buxoro, Qorako‘l, Jondor va Peshko‘ tumanlarida ham yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni o‘tgan davrga nisbatan ko‘paygan. Yig‘ilishda ichki ishlar organlarining boshqa huquq-tartibot idoralari va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda huquqbuzarliklarning oldini olish borasida aniq yondashuv asosida tizimli ish olib borilmaganligi keskin tanqid qilingan.

Xususan, viloyatning 109 ta mahallasida jinoyatchilik ko‘rsatkichi o‘tgan yilgiga nisbatan oshgan. Ayniqsa, «Ashrafiy», «Shayhon», «Sadriddin Ayniy», «Rabotiqalmoq», «Sharq», «Pomo‘za», «Afrosiyob», «Zarafshon» va «Do‘stlik» mahallalarida yuqori bo‘lgan. Shu nuqtai nazardan, yig‘ilish davomida xizmat vazifasini bajarishdagi kamchiliklari uchun vazir tomonidan viloyat IIB probatsiya bo‘limi boshlig‘i B.Asadov, Buxoro tumani IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.Salixovlar ham o‘z vazifasidan bo‘shatildi.

Buxoro viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i J.Boltayev, Buxoro tumani IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari M.Mustafoyev, Buxoro viloyati IIB 1-sonli jazoni ijro etish koloniyasi boshlig‘ining tarbiyaviy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari T.Abdullayevlarning esa har biriga intizomiy jazo choralari berildi.

Ichki ishlar vaziri bilan o‘tgan uchrashuvlarda asosiy e’tibor 2019-yil davomida va joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash borasida hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar, aholi tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash va fuqarolarning mol-mulklarini ishonchli muhofazalash, yoshlar ishtirokidagi huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi.

Albatta, ijboiy ko‘rsatkichlar ham yo‘q emas. Olib borilgan profilaktika ishlari natijasida o‘tgan yil davomida viloyatda jinoyatlar soni 8,5 foizga, jumladan, qotillik 31,6 foizga, og‘ir tan jarohati yetkazish 15,9 foizga, bosqinchilik 50 foizga, o‘g‘irlik 28,3 foizga, firibgarlik 10,4 foizga kamayishiga erishilgan. Buxoroning 179 ta mahallasida jinoyatlar sodir etilmagan bo‘lsa, 170 ta mahallada jinoyatlar ko‘rsatkichi kamayishiga erishilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring