Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoro. 21 nafar mahkumning jazoni o‘tash shartlari yengillashtirildi, 4 nafari ozodlikka chiqdi

Buxoro. 21 nafar mahkumning jazoni o‘tash shartlari yengillashtirildi, 4 nafari ozodlikka chiqdi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudining sayyor sud majlisi Buxoro viloyat IIB Jazoni ijro etish bo‘limi 1-sonli jazoni ijro etish koloniyasida bo‘lib o‘tdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudi raisi Zarif Sherov raisligida o‘tkazilgan sayyor sud majlisida dastlab 21 nafar mahkumga nisbatan jazoni ijro etish muassasasi tomonidan kiritilgan taqdimnomalar ko‘rib chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksi 113-moddasiga asosan umumiy tartibli koloniyada jazoni o‘tayotgan mahkumlar manzil-koloniyaga o‘tkazildi.


Qayd etish joizki, ozodlikdan mahrum etish tariqasida jazoni o‘tayotgan mahkumlar uchun umumiy tartibli koloniyalarga nisbatan manzil-koloniyalarda bir qator imtiyoz va yengilliklar mavjud.

Jumladan, manzil-koloniyalarda mahkumlar:

  • soqchisiz, ammo nazorat ostida saqlanadilar;
  • ertalab o‘rindan turishdan kechki yotishgacha bo‘lgan vaqt mobaynida koloniya hududi doirasida erkin yurish huquqidan foydalanadilar;
  • agar ular bajarayotgan ish yoki olayotgan ta’lim taqozo etsa, ma’muriyatning ruxsati bilan koloniya hududidan tashqarida nazoratsiz yurishlari mumkin;
  • fuqarolar kiyadigan kiyimda yuradilar;
  • yonlarida pul va qimmatli buyumlar saqlashlari, puldan cheklanmagan holda foydalanishlari mumkin;
  • cheklanmagan miqdorda telefon orqali so‘zlashishlari, posilka, yo‘qlov va banderollar olishlari hamda jo‘natishlari mumkin.

Shu bilan birga, saqlash rejimini buzmagan, oilasi bor mahkumlarga muassasa boshlig‘i qaroriga asosan manzil-koloniya hududida yoki undan tashqarida oilasi bilan alohida yashashga ruxsat berilishi ham mumkin.


Sayyor sud majlisida muassasada jazoni o‘tayotgan 4 nafar mahkumning jinoyat qonunchiligidagi insonparvarlik prinsipini qo‘llash haqidagi iltimosnomalari ham ko‘rib chiqildi.

Sud ish hujjatlarini o‘rganib chiqib, muassasada jazo turi uchun o‘rnatilgan tartib-qoida talablarini bajargan va mehnatga halol munosabatda bo‘lgan 1 nafar mahkumni o‘talmay qolgan ozodlikdan mahrum qilish jazosidan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish va 3 nafar mahkumning o‘talmay qolgan ozodlikdan mahrum etish jazo muddatini axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirish bo‘yicha ajrimlar e’lon qilindi.

Sudda raislik qiluvchi mahkumlarga ularning huquq va majburiyatlari, muddatidan ilgari shartli ravishda jazodan ozod qilingan yoki almashtirilgan yengilroq jazoni o‘tash davrida boshqa jinoyat sodir etilgan taqdirda jazoning o‘talmagan qismi yangi jazoga qo‘shilgan holda tayinlanishi mumkinligi, shu sababli axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tash tartib-qoidalariga qat’iy rioya qilib, munosib xulq-atvorda bo‘lish lozimligi haqida tushuntirish berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring