Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bir kuni oyog‘ini sindirib, uyga bir oyoqda sakrab kelgan». Lola Karimova-Tillayeva otasini xotirladi

«Bir kuni oyog‘ini sindirib, uyga bir oyoqda sakrab kelgan». Lola Karimova-Tillayeva otasini xotirladi

Foto: Instagram / @lola_tillayeva

Bugun, 30-yanvar — O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov tavallud topgan kun. Shu munosabat bilan Lola Karimova-Tillayeva «Instagram»dagi sahifasida otasini xotirlab, post qoldirdi.

«Bugun tavallud topgan kuningiz va biz — farzandlaringiz ushbu sanani yod etib, sizni xotirlashimiz uchun yetarlicha sabab bor.

Vaqt o‘tib, yoshim ulg‘aygan sari siz aytgan so‘zlar, menga bergan maslahatlar va eng muhimi, menga o‘rnak bo‘lgan xatti-harakatlaringizning chuqur ma’nosini anglab borayapman.

Buning uchun minnatdorman va ba’zi xotiralarim bilan sizni o‘ziga aziz deb bilgan hamda otalari kabi hurmat qilgan ko‘pgina insonlar bilan o‘rtoqlashmoqchiman.

Urushdan keyin deyarli barcha erkaklar tamaki chekishgan, bu illatning sog‘liqqa qanchalik zararligini bilmagan holda.

Otam ham o‘sha paytlarda chekkanlar, ammo buni zararini bilib, darhol tashlagan ekanlar. O‘sha paytda yoshlari 40 da edi va o‘sha yili men dunyoga kelganman. Men otam qo‘llarida sigaret ushlaganlarini eslay olmayman. Faqat bu yomon illatga salbiy munosabatlarini eslayman. Ular odamlar chekkanini yoqtirmasdilar va tamaki hidini yomon ko‘rar edilar. Bu munosabatlari bilan atrofdagilarga ham ko‘p yillar davomida o‘z ta’sirlarini o‘tkazganlar.

Hamisha muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanganlar. Yoshroq bo‘lganlarida professional ravishda kurash bilan shug‘ullanganlar. Bir kuni «trenirovka»da oyoqlarini sindirib, uyga bir oyoqda sakrab kelganlar. «Taslim bo‘lgim kelmadi» deya onamga tushuntirgandilar.

Ushbu jarohatdan so‘ng sport bilan shug‘ullanishda davom etaverdilar, suzishni boshladilar. Sport kundalik jadvallarining ajralmas qismi edi. Yoshligimda, esimda, yarim kechagacha ishlasalar ham sportga baribir vaqt topar edilar. Kun chiqishi bilan turib, ertalab soat oltilarda «trenirovka»ga ketar edilar.

Keyinchalik katta tennis bilan jiddiy shug‘ullandilar. Hayotlarining oxirigacha. Umrlarining so‘nggi kunlarida yonlarida kasalxonada bo‘lganimda shifokorlar jismonan juda baquvvat inson ekanlarini va 78 yoshli qariyaga o‘xshamasliklarini aytishar edi. «Sog‘lom tanda sog‘lom ruh» degan ibora ular uchun hayot maslagi edi. Shifokorlarga murojaat qilishni yoqtirmasdilar va sog‘lomliklari, ko‘p jihatdan, metin irodalari tufayli edi. Ovqat tanavvul etishda kamtarona edilar, ortiqchalikka yo‘l qo‘ymasdilar, ziyofatlarni yoqtirmaganlar. Katta dasturxon faqat bayramlarda yozilardi. Ishga butunlay berilgan inson edilar.

Hayotda o‘rnak bo‘lgan fazilatlari bu mavjud sharoitni oldilariga qo‘ygan maqsadga bo‘ysundira olish, o‘tmish haqida afsus chekmasdan hamisha olg‘a yurish qobiliyati edi.

P.S. Ushbu satrlarni yozishni tugatar ekanman, Toshkentda 30-yanvar kirib kelgan va sahar ham yaqinlashyapti. Yuragim tez-tez urar ekan, ko‘z yoshlarimni ushlab turishga harakat qilaman. Sizga atalgan shuncha ko‘p tabriklar, postlar, suratlaringiz… Nevarangiz mehr bilan «bobo»dedi. Bugun minglab insonlar haqingizga duo qilib, sizni mehr bilan yodga oladilar», deb yozadi Lola Karimova-Tillayeva.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring