Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Ayollar nega jinoyat qilishmoqda?

Ayollar nega jinoyat qilishmoqda?

Ayolga samimiylik, sabr-qanoat, tabassum yarashadi.

Foto: «xabar.uz»

Shu yil 8 mart kuni qashqadaryolik 18 yoshli kelinchak erini bo‘g‘ib o‘ldirgani haqida xabar tarqaldi. Keyin – Navro‘z bayramidan so‘ng 22 yashar ayol ham o‘z erining qotiliga aylandi. Biroz avvalroq esa Surxondaryoda qo‘shmachi ayol 9-sinf o‘quvchisini o‘ldirgan. Xorazmda chaqalog‘ini zovurda cho‘ktirgan ayol qo‘lga olingan. Yaqinda yanada mudhish xabar odamlarni larzaga soldi: andijonlik yosh ona Qo‘qon–Toshkent avtobekati hududida o‘zining o‘g‘lini bo‘g‘ib o‘ldirgan!

Statistika bo‘yicha ommaviy qotillikni erkaklar sodir etadi. Ayollar esa ko‘proq bo‘g‘ib yoki cho‘ktirib o‘ldirishni lozim topishadi. Biroq ular qo‘l urgan yanada qo‘rqinchli jinoyatlar ham bor.

Ayollarga nima bo‘ldi deb ayuhannos solmang! Bu kabi fojialar avval ham yuz bergan. Ommaga unchalik oshkor qilinmagan, xolos. Masalan, 1990-yillarning oxirida Samarqandda bir daydi ayol transplantatsiya qilishlari uchun o‘zining qizalog‘ini arzon-garovga sotib yuborgan. Achinarlisi, zurriyodining hayoti ikki erkak tomonidan ayanchli hal bo‘layotgan chog‘da u oshxonada aroqxo‘rlik qilib o‘tirgan. Qo‘shnilarning aytishicha, onasi og‘ir kasal bo‘lgan damda qizaloq ulardan dori-darmon uchun pul so‘rab chiqqan ekan.

Ancha yillar ilgari Alisher aka ismli bir tergovchi bilan suhbatlashganman. U qotil kelinchak haqida gapirib bergan edi. Bu ayol o‘zining qaynonasini shafqatsizlarcha o‘ldirgan. Nima majbur qilgan bunga?..

Qaynona nuqul undan ayb izlayverib, asabiga tekkan. Shunday kunlardan birida erini ishga kuzatgan kelinchak narvonga chiqib, shiftni bo‘yay boshlaydi. Qaynona odatdagidek yana «ma’ruza» uchun og‘ziga kuch beradi. Gapiraveradi, o‘tgan gaplarni aytib ta’na qilaveradi. Kelinning toqati toq bo‘ladi, ruhiy muvozanati buziladi. U qo‘lidagi bo‘yoq idishni qaynonasining boshiga chunonam uradiki, boyaqish til tortmay o‘ladi. Keyin esa... dahshat! Erini kutib olgan kelinchak uning oldiga likopchada bir nechta somsa qo‘yadi. Eri tanovul qilib bo‘lgach, «mazalimikan, yoqdimi?» deb so‘raydi. «Ha, yoqdi», – javob beradi eri. «Albatta, yoqadi-da, bu somsa onangning ...dan tayyorlangan...».

Ayol kishining shafqatsiz, hatto qotil bo‘lishi dilni xufton qiladi, albatta. Hissiyotlarini jilovlay olishmaydimi ular? Rejissyor Sobir Nazarmuhammedovning «Chayongul» filmini eslang: singlisini zo‘rlagan yigitni o‘ldirishga chog‘langan opa begunoh bolakayni chavaqlab tashlaydi. Esini yig‘ib olganida ancha kech bo‘ladi. Uning qon to‘lgan ko‘zlariga zo‘ravon yigitdan boshqa hech kim ko‘rinmagan edi. O‘zligini yo‘qotib, kuchli stress holatida yosh bolaning umriga zomin bo‘ladi u.

90 foiz qotillikka erkaklar qo‘l uradi, ayollar esa tajovuzkorligini boshqacha tarzda namoyon etadilar. Eng yomoni, bir marta jinoyat qilgan ayolning o‘zini to‘xtatishi qiyin, bu nozik qatlamning 80 foizi noqonuniy ishlarga yana qo‘l uraveradi. Andijonlik qotil onani olaylik. U norasida o‘g‘lini avval ham o‘ldirmoqchi bo‘lgan: bolasining yuziga yostiq bosib turganida qaynonasi kirib, nevarasini qutqarib qolgan. Afsuski, ayol baribir farzandini o‘ldirdi.

Nega ayol qotillik qiladi? Erkaklarda bo‘lgani kabi asosan pul yoki boshqa moddiy manfaatlar uchun! Ammo bir haqiqatni aytish joizki, erkaklardan ko‘ra ayollar tirikchilik oldida ko‘proq vahima va tushkunlikka tushadilar. Ularning tajovuzkor bo‘lishlariga ham shu omil sababchi.

Ayol shaxsiy hayotining yo‘lga qo‘yilmagani – jinoyat qilishining asosiy sabablaridan biri. O‘z bolasini o‘ldirishining boisi esa, yuqorida aytganimizdek, farzandini boqib katta qilish oldidagi qo‘rquvga borib taqaladi.

Rossiyaning Sverdlovsk viloyatida Irina T. sodir etgan jinoyat bunga misoldir. U o‘zining o‘g‘illarini muzlatib o‘ldirgan – birini 2007-yili, ikkinchisini 2009-yilda. Bu qilmishi 2013-yili aniqlandi. So‘roq vaqtida Irina T. bunday shafqatsiz jinoyatga uni qashshoqlik, qizini boqib katta qilish oldidagi qo‘rquv va tug‘ruqdan keyingi depresiya sabab bo‘lganini tan oldi. Ikkala o‘g‘lini ham kommunal uyda o‘zi tuqqan. So‘ng yostiq jildiga joylab, muzlatkichga yashirgan va go‘daklar sovuqdan o‘lgan. Hozir uning qizi buvisining qo‘lida.

Sud amaliyotining ko‘rsatishicha, nojoiz qilmishlar, jumladan, jinoyatlar ildizi oiladagi muhitga borib taqaladi. Jinoyatlarni odob-axloq, ta’lim-tarbiya yo‘lga qo‘yilmagan xonadon vakillari sodir etadi. Oilaviy axloq esa ta’lim, madaniyat va shu kabi omillarga bevosita bog‘liq.

Ayolga samimiylik, sabr-qanoat, tabassum yarashadi. O‘z zurriyodini o‘ldirish unga yot! Ayolga mehribonlik, xokisorlik xosdir. O‘zbek ayoli – Kumushbibi, Ra’no... Ular yomon ish uchun tug‘ilmaydilar, ular farzandlarini avaylab-ardoqlaydilar, qizg‘anadilar. Bir qarindoshimiz xotinini gapga soldi: «Menga qara, Zulfiya... Falonchi aka bilan xotinini ko‘rib turibsan, necha yillardan beri tirnoqqa zor. Kel, yaqinda tug‘iladigan o‘g‘limizni shularga beraylik». Xotini bobillab berdi: «Nima? Men to‘qqiz oy qornimda ko‘tarib yurib, yuragimning bir parchasiga aylanadigan bolamni beramanmi? Hech qachon!».

Ayol – dono, qahramon, fidoyi. U eriga kamarbasta, hammaslak. Bir xonadonda ikki aka-uka ketma-ket uylandi. Akaning ayoli hadeganda tug‘avermadi. Qarangki, ukaning oilasida ham shu muammo. Aslida esa uka o‘zining xotiniga pinhona iltimos qilardi: «Farzandga shoshilmaylik, aks holda men akam bilan yangamning ko‘zlariga qanday qarayman?». Yosh kelinchak ko‘zda yosh bilan ko‘ndi, o‘zining ota-onasi, qavm-qarindoshlariga aytmadi, sabr qildi. Oradan besh yil o‘tgach, avval akaning oilasida, so‘ng ukanikida chaqaloq ovozi eshitildi.

Bolangizni, oilangizni, o‘zingizni, jamiyatni asrang, ayollar!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring