Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

«Avtomobillar odamlarni yeb bormoqda» yoki o‘lim sharpasi

«Avtomobillar odamlarni yeb bormoqda» yoki o‘lim sharpasi

Foto: Avtobiznes.uz

Avtovasvasa

O‘zbek avtomashinani sevadi. Azaliy orzularidan biri — avtomobil sotib olish.

Angliyada XVI asrda yashab o‘tgan gumanist yozuvchi, faylasuf Tomas Mor mashhur «Utopiya» asarida «qo‘ylar odamlarni yeb bormoqda» degan fikrni aytgandi. O‘sha davrda Angliyada qo‘y junidan olinadigan movut xaridorgir mahsulotga aylanadi. Natijada qo‘y boqish uchun yanada ko‘proq yerlar kerak bo‘ladi. Odamlar foydani o‘ylab shu darajaga boradilarki, dehqonlar yashab turgan uylarniyam buzib yaylovga aylantirib yuboradilar...

Bizning jamiyatda esa avtomobillar uchun nafaqat mol-mulk, hatto jonlar berilyapti, sog‘liq va hayot qurbon qilinmoqda. Bu inkor qilib bo‘lmas achchiq haqiqat.

Mashina emas, tobut keldi

Kitobning Ravot qishlog‘ida xunuk voqea yuz berdi. O‘ttiz beshga qadam qo‘ygan Sherzodjon bir yarim yil avval Rossiyaga ishlashga ketgandi. Niyati — biron yil mehnat qilib 4-5 ming AQSh dollari jamg‘arish va minilgan bo‘lsada mashina olish. Ammo Krasnoyarsk shahridagi qurilishlardan birida fojia yuz berdi — yoshgina vujud ehtiyotsizlik sabab yettinchi qavatdan uchib ketdi...

Marhum vatanga qaytarilganda ota hovlida ko‘tarilgan faryod ko‘ngillarni titratdi. Qishloqqa avtomobil emas, temir tobut kirib keldi.

29 yashar Davronbekka Allohning rahmi keldi. Uydagilarning uylan degan qistashlaridan dilgir bo‘lgan yigit shimolga otlandi. Hovli tayyor, darvozaxonaga bitta «toychoq»ni qo‘yib, ana undan keyin boshni ikkita qilish haqida o‘ylasang-da. Chita shahriga yaqin zavodda ishlayotgan Davronbekning oyog‘iga kutilmaganda temir tushib ketmaguncha hammasi zo‘r ketayotgandi.

Xullas... Oyoqni to‘piqdan pastini kesishga to‘g‘ri keldi...

O‘lim sharpasi ko‘ringan kecha

O‘lim hammaning boshida bor. Har bir jon u bilan yuzlashadi. Ammo qaysidir kaltafahm yoki oliftaning qilig‘i senga xavf tug‘dirsachi?

Bir oy avval boshimdan o‘tgan voqea: mehmonda qaytayotgandim. Kutilmaganda orqadan mashinaning kuchli shovqini eshitildi. Lahzada o‘zimni chetga oldim. Bir necha sekundlik harakat meni qutqardi, aks holda yap-yangi «Neksiya» meni majaqlab o‘tishi mumkin edi. Katta tezlikdagi mashina to‘xtab ulgurmay, ko‘cha devoriga urildi, kuchli qarsillagan ovoz olamni tutdi...

Nega biz «temir»ga bunchalik ishqibozmiz?

Hammasiga lo‘ndagina qilib xalqimizni ayblab qo‘yish fikridan yiroqman. Mashinaga ruju qo‘yish bizda boshqa muammolar serob ekaniga ishoradir: ishsizlik yuqori (eng osoni ijaraga bo‘lsada, mashina olib kira qilish), jamoat transporti achinarli ahvolda ( hatto poytaxt Toshkentda pik vaqti avtobus yoki metroda joy topish imkonsiz). Shuningdek, mashinaga yirik moddiy boylik va pulni «ushlab turadigan» ashyo sifatida qarashadi.

«Chiroyli» gaplar bilan siylanadigan «UzAutoMotors»ga hali yo‘q mashina uchun pul eltamiz: zavod hatto buyurtma ko‘pligidan yangi mashina istagidagilarga eshik qattiq yopgan bo‘lsada. Masalan, birgina «Lacetti-Gentra» sotib olish uchun sizdan avval hozir 9 mingdan ziyod kishi pulini to‘lab qo‘yib (!) kutib yotibdi, hozir hatto ariza berishgayam haqqingiz yo‘q.

Bu — shu kecha-kuduzning haqiqati.

Noxush statistika

Avtomobil albatta befoyda narsa emas. Og‘irni yengil qiladi. Uzoqni esa yaqin. Ammo hamma narsaga ishqibozlikning ham o‘z chegarasi bo‘ladi.

Statistika gapiradi: 2020 yilning 10 oyi davomida respublika yo‘llarida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalarida 2 mingga yaqin kishi halok bo‘lgan, 6900ga yaqin kishi tan jarohati olgan. Yo‘l-transport hodisalari haydovchilar yoshi kesimida tahlil qilinsa, eng ko‘pi, ya’ni 1613tasini 23-27 yoshdagi haydovchilar tomonidan sodir etgan. Mutlaq ko‘p YTHlar 37 yoshgacha bo‘lganlar tomonidan sodir etilmoqda.

Ikki mingta jon... Bitta kattagina qishloq aholisi degani.

Otning kallasiday bojxona, narxlar qimmatligi kabi masalalarni tilga olib boshingizni qotirmayman. Bu mavzular ko‘p yozilgani, gapirilganidan hatto me’daga tegib ulgurgan.

Avvalo, avtomobilga bo‘lgan yovvoyi qiziqishimizni jilovlashimiz kerak. Bu «erkatoy»ni sotib olsa, yo‘liga gilam to‘shaydiganlarniyam, ustiga falon pul sarflab «garaj» quradiganlarniyam ko‘rdik.

Axir inson mashinaga emas, mashina insonga xizmat qilishi kerak emasmi?

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring