Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh davlat kotibi O‘zbekistonda bolalar otasi bilan masjidga erkin borishiga umid bildirdi

AQSh davlat kotibi O‘zbekistonda bolalar otasi bilan masjidga erkin borishiga umid bildirdi

Foto: Interfaks

2019-yilning 21-iyun kuni AQSh Davlat departamenti 2018-yil yakunlariga ko‘ra diniy erkinlik bo‘yicha navbatdagi ma’ruzasini e’lon qildi. Unda dunyodagi e’tiqod erkinligining holatiga baho berilgan.

Hujjat har yili chop etiladi va uning asosida AQSh Davlat kotibi u yoki bu davlatni «alohida xavotir uyg‘otuvchi davlatlar» ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. 2018-yilning dekabr oyida Davlat departamenti rahbari o‘z qarori bilan O‘zbekistonni rasman ushbu toifadan chiqarib, shu orqali diniy erkinlikni ta’minlash sohasida mamlakatimizdagi sezilarli o‘sishni e’tirof etdi.

Ma’ruzani taqdim qila turib, Davlat kotibi Maykl Pompeo diniy erkinlikni ta’minlash masalalarining AQSh tashqi siyosati kun tartibidagi ustuvor ahamiyatini ta’kidladi va qator mamlakatlardagi holatga baho berdi.

«Men yaxshi xabardan boshlayman. O‘zbekistonda hali oldinda katta ishlarni amalga oshirish kerak, lekin 13 yilda birinchi bor mamlakat alohida xavotir uyg‘otuvchi davlat sifatida e’tirof etilmadi», – dedi Maykl Pompeo.

AQSh tashqi siyosat idorasi rahbari O‘zbekistonda BMTning Din va e’tiqod erkinligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shohidning tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» qabul qilinganini, diniy motivlarga ko‘ra jazoni o‘tayorgan bir yarim ming mahkumning ozod etilgani va ularning erkin harakatlanayotganini, 16 ming fuqaroning diniy-ekstremistik oqimlarga aloqador shaxslar ro‘yxatidan chiqarilganini ham qayd etdi.

Davlat kotibi diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olish jarayonining yanada huquqiy isloh qilinishiga va bolalarning o‘z ota-onalari bilan masjidlarga erkin borishlarini ta’minlanishiga umid bildirdi.

O‘zbekistonning AQShdagi Elchixonasi qayd etishicha, diniy erkinlikni ta’minlash masalalaridagi O‘zbekiston-Amerika hamkorligi konstruktiv va dinamik ahamiyat kasb etmoqda.

2018-yil iyul oyida O‘zbekiston Diniy erkinliklarni ilgari surish masalalariga bag‘ishlangan vazirlar konferensiyasida ilk bor qatnashdi. Keyinchalik mamlakatimizga AQShning Maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi Sem Braunbek boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurib, diniy erkinliklarni ta’minlash, amaldagi normalarni takomillashtirish va soddalashtirish, jumladan «Vijdon va diniy tashkilotlar erkinligi to‘g‘risidagi» yangi qonun loyihasini ishlab chiqish, diniy jinoyatlari uchun jazoni o‘tayotgan minglab shaxslarning ozod etilganligi, ma’rifatli Islomni ilgari surish va diniy ta’limni rivojlantirishning institutsional mexanizmlarini yaratish borasida amaliy choralar ko‘rilayotganligiga ishonch hosil qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

O‘zbekistonda amerikalik mutaxassislar ishtirokida diniy ekstremizm va radikallashuvga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan qo‘shma seminarlar o‘tkazilmoqda. Yaqin kunlarda AQSh tinchlik instituti bilan hamkorlikda Imom al-Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida navbatdagi seminarni o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Markaz diniy hurfikrlilikni ilgari surish va radikallashuvning oldini olish sohasidagi o‘quv-tadqiqot salohiyatini oshirish borasida muvaffaqiyatli maydonga aylanib ulgurdi.

Joriy yil may oyining oxirida ikki tomonlama munosabatlar tarixida birinchi bor O‘zbekiston muftiysi Usmonxon Alimov rasmiy delegatsiya tarkibida Vashington shahriga tashrif buyurib, konfessiyalararo iftorda va mamlakatimizda e’tiqod erkinligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan davra suhbatida ishtirok etdi, AQShning mutasaddi idoralari vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Noyabr oyida turli AQSh shtatlaridan pastorlar, ravvinlar va imomlar konfessiyalararo muloqotda qatnashish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishi rejalashtirilgan.

Mamlakatimiz elchixonasi ma’lum qilishicha, AQSh Davlat departamenti taklifiga ko‘ra O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya 18 iyul kuni Vashington shahrida bo‘lib o‘tadigan Diniy erkinliklarni ilgari surish masalalariga bag‘ishlangan ikkinchi vazirlar konferensiyasi ishida qatnashadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring