Aholining soliqdan 500 milliard so‘m penyasi kechib yuboriladi — Mirziyoyev
Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi chiqishida aholining mol-mulk va yer soliqlaridan qarzdorliklari bo‘yicha 500 milliard so‘m penya kechib yuborilishini ma’lum qildi.
«Mahallaning moliyaviy mustaqilligini oshirish bo‘yicha ham qator yangiliklar qilinadi. Bu borada, aholidan yig‘iladigan mol-mulk va yer soliqlari yagona mulk solig‘i bo‘lib birlashadi va aholidan undiriladigan qismi mahalla budjetiga to‘liq o‘tkaziladi. Bu – Qoraqalpog‘istondagi mahallalar ixtiyorida har yili 230 milliard so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ qoladi, degani.
Shuningdek, mamlakat bo‘yicha aholining mol-mulk va yer soliqlaridan qarzdorliklari bo‘yicha 500 milliard so‘m penya kechib yuboriladi. (Qoraqalpog‘istonda 20 milliard so‘m).
Shu bilan birga, mahallalar uchun «Ochiq budjet» imkoniyatlarini yanada kengaytiramiz va unga ajratiladigan mablag‘larni 3 karra oshiramiz. Endi, «Ochiq budjet» loyihalari g‘olib bo‘lishi uchun 1,5 ming ovoz yetarli bo‘ladi va ushbu maqsadlar uchun yil yakuniga qadar yana 1,2 trillion so‘m ajratamiz», – dedi nomzod qoraqalpog‘istonlik saylovchilar bilan uchrashuv chog‘ida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter