Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Matbuot va axborot agentligi kitob o‘qigan rahbar-xodimlarni rag‘batlantiradi

Matbuot va axborot agentligi kitob o‘qigan rahbar-xodimlarni rag‘batlantiradi

Foto: «carmencitta.me»

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida» 2017-yil 13-sentabrdagi qaroriga asosan, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini takomillashtirish hamda axborot-kutubxona faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilangan.

Agentlik bu borada bir qancha xayrli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Yaqinda tizimda yana bir ibratli tashabbusga qo‘l urildi. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Bosh direktorining buyrug‘i bilan Agentlik markaziy apparati, tizimdagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi matbuot va axborot agentligi, Toshkent shahar va viloyatlar matbuot va axborot boshqarmalari rahbar-xodimlari har oyda kamida bittadan badiiy asar o‘qishi lozimligi belgilab qo‘yildi.

«Rahbar bo‘lsang, kitob o‘qi!» ma’naviy-ma’rifiy tashabbusiga asosan tizim bo‘yicha har oyning oxirgi shanba kuni «Mutolaa hisoboti» kuni etib belgilandi. Unga ko‘ra, har bir rahbar-xodim o‘sha kuni o‘zi ishlayotgan idoraning rasmiy veb-saytida o‘qigan kitob haqida yozgan taassurotlarini e’lon qiladi.

Eng kitobxon rahbarlarning yozgan hisobotlariga qarab O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan rag‘batlantirib boriladi. Bunda rahbar-xodimning o‘z oilasida kitob o‘qishga targ‘ib qilish faoliyati ham hisobga olinadi.

Bundan tashqari, Agentlik 1500 dan oshiq ommaviy axborot vositasi, 130 dan ortiq nashriyot va 1800 ga yaqin bosmaxonada mehnat qilayotgan minglab soha rahbarlarini ham ushbu tashabbusni faol qo‘llab-quvvatlashga chorlagan.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring