Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

A-380 trassasining birinchi qurbonlari daraxtlarmi?

A-380 trassasining birinchi qurbonlari daraxtlarmi?

kun.uz sayti muxbiri Ilyos Safarov, Buxoro viloyatida 31 mingta daraxt, Surxondaryo viloyatida 21 ming 800 ta daraxt, Qashqadaryoning G‘uzor tumanidan boshlanib Qoraqalpog‘istonning Beyneu shahrigacha bo‘ladigan yangi A-380 trassasi uchun qurbon bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berdi. Buning ortidan hali jamoatchilikka ma’lum qilinmagan loyiha haqida barcha xabar topdi.

Ekofaol sifatida mazkur loyihaning amalga oshirilishi ortidan keladigan yo‘qotishlar meni ham befarq qoldirayotgani yo‘q. Shuningdek, O‘zbekiston Ekologik partiyasi markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Abdushukur Hamzayev o‘zining telegram kanalida bildirgan munosabatini hamda kun.uz saytida Ekologiya, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi vazirligi boshqarma boshlig‘i Abdurashid Sodiqovning bergan intervyularini o‘qib, loyiha baribir amalga oshiriladi, degan xulosaga keldim. Bu mening shaxsiy fikrim. Nega aynan bu xulosaga kelganimni ochiqlab o‘tmoqchiman.

Abdurashid Sodiqov intervyusida: «Vazirlik daraxtlarni xatlovdan o‘tkazgan, daraxtlar kesilishi haqida umuman gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Juda zarur bo‘lgan paytda ham ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti qo‘llanilishi mumkin. Bu loyiha Xitoy bankidan kredit olinib moliyalashtirilyapti. Maksimal tarzda daraxtlarni saqlab qolishga harakat qilamiz. Loyihani qayta ko‘rib chiqish taklifi berildi. Daraxtlar kesilishiga va ko‘chirilishiga umuman qarshimiz – vazirlik pozitsiyasi shu. Kesishga ruxsat berilmasligi aniq, faqat ko‘chirishga ruxsat berilishi mumkin», degan.

Men uchun daraxtlarni o‘zi o‘sib turgan joydan, boshqa joyga eltib ko‘chirish ham, uni kesish bilan tenglashtirilgan holat hisoblanadi. Bir o‘ylab ko‘ring, Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi metro qurilishida ham, boshqa qurilish loyihalarida ham «Daraxtlar boshqa joyga ko‘chirib o‘tkaziladi» deyilgandi. Ammo ko‘chirib o‘tkazilmasdan, tunda kesildi yoki ildizi bilan qazib olingan daraxt shahardan chekka joyga eltib tashlandi. Daraxtlarni ko‘chirgandan keyin ko‘chirgan tashkilot 3 yil ularni nazorat qilish majburiyatini olishi kerak. Ammo qaysi tashkilot shu paytgacha bu talabni bajardi. Misol keltira oladimi vazirlik?

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, Buxoroda 31 mingta nishonda, shularning 30 mingtasi saksovul ekan. Ammo saksovul daraxt emasmi? Orol dengizining qurishi natijasida Buxoro, Xorazm, Navoiy viloyatlarining unumdor yerlari ham Oroldan shamol orqali kelayotgan tuzlar natijasida sho‘rlanib boryapti. Ammo shu tuzlarni saksovullar himoya devori sifatida yuqoridagi hududlarga kirib kelishini kamaytirishda xizmat qilyapti. Kundan-kunga iqlim o‘zgarib, yoz kunlari isib boryapti. Ertaga agar shu saksovullar kesilsa yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazilsa odamlar qanday jon saqlaydi?  

Surxondaryoda 21 ming 800 ta daraxt ko‘chirilishi rejaga tushgan. Bandixon, Boysun tumanlari hududiga to‘g‘ri kelar ekan bu.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Abdushukur Hamzayev o‘zining telegram kanalida «O‘zbekiston Ekologik partiyasi mavjud holatni to‘la o‘rganib chiqish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari, olim va mutaxassislarni jalb qilgan holda hududga jo‘nab ketishdi», deb munosabat bildirgan. Nega yashillar partiyasidan ishchi guruh endi hududga yuborilmoqda?

Loyiha yarim tayyor holatga keltirilgan, kredit beruvchilar ham tayin. Ishchi guruh esa holatni o‘rganish uchun endi yuborilyapti. Biz, jamoatchilik vakillari va ekologlar, qandaydir iqtisodiy loyihalar uchun ekologiyani qurbon qilishga qarshimiz. Deyarli har kuni qaysidir mahalla yoki qaysidir tuman (shaharda) daraxtlar kesilyapti. Kesilayotgan daraxtlarning aksariyati qurilish qurbonlari bo‘lmoqda. Barcha jamoatchilik vakillaridan birlashib daraxtlarni saqlab qolishda yordam so‘rayman. Keling birlashaylik.

Feruzbek Sayfullayev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring