Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2017-il IT-biznesmenlar iqtibosida. Texnologiyalar olamining yetakchilari shunday degan edi

2017-il IT-biznesmenlar iqtibosida. Texnologiyalar olamining yetakchilari shunday degan edi

Foto: «Hi-tech.mail.ru»

Texnologiyalar olamining yulduzlari o‘tgan yilni qanday ko‘rishgan edi, ular kelajakdan nimalarni kutishyapti va qanday strategiyalarni qo‘llashni maslahat berishadi.

Elon Mask, «Tesla» va «SpaceX» asoschisi:

— Ertalab to‘shakdan turishingga va yashashingga majbur qiladigan sabab bo‘lishi kerak-ku, axir. Nega yashashni istaysan? Nima bilan bandsan? Seni nima ilhomlantiradi? Kelajakni qanday ko‘rishni xohlaysan? Agar kelajak deganda yulduzlar orasida yashash va multiplanetar rejalar tushunilmasa, men uni ma’nisiz hisoblayman.

Jek Ma, «Alibaba Group» asoschisi:


— «Alibaba Group» o‘zining 18 yoshini nishonladi… Ishni boshlagan davrlarimizni hozirgi bilan taqqoslasak, biz ancha ulg‘aydik. Ammo kelajak bilan taqqoslasak — endigina voyaga yetdik… So‘nggi 30 yil ichida paydo bo‘lgan yangi texnologiyalar sabab biz bilgan dunyo sezilarli darajada o‘zgardi. Internet endilikda internet-kompaniyalarning domeni bo‘lmaydi — internet har bir kompaniya uchun ishlaydi.

Sergey Brin, «Google» asoschisi:

— Bir necha yil oldin bizning «Google Brain» deya nomlanuvchi kichkina loyihamiz bor edi (sun’iy intellektni tadqiq qilishga mo‘ljallangan) va to‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, unga biroz bo‘lsa-da e’tibor qaratmaganman. Meni o‘tgan asrning 90-yillari dasturchilari kabi tayyorlashgan: barcha sun’iy intellekt ishlamasligini yaxshi bilardi… Oradan bir necha yil o‘tdi va «Brain» asosiy loyihalarimizning barchasiga taalluqli bo‘lib qoldi: foto va reklama joylashtirishdan tortib, uni qidirishgacha — biz bajaradigan ishlarning barchasi.

Bill Geyts, «Microsoft» asoschisi:

— Odamlar yangiliklarning sarlahvasiga qaraydi va «Dunyo parchalanib ketmoqda» deya o‘yga toladi. Menimcha, unday emas. Dunyo bundan ancha uzoqda. Aslini olganda dunyo hech qachon hozirgidek xavfsiz, adolatli, tinch va gullab-yashnagan emas. Dunyo yanada yaxshilanayotganiga ishonish — bu o‘zgarmas optimistning qarashlari emas. Bu sizga dunyodagi muammolarni mensimaslik yoki e’tiborsiz qoldirish mumkinligini anglatmaydi. Bu AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton aytganidek, intilish sarlavhalari ostiga yashiringan narsani ko‘ra bilishdir.

Tim Kuk, «Apple» rahbari:

— Qo‘shimcha reallik biz texnologiyalardan foydalanadigan usulni butunlay o‘zgartirib yuboradi. AR dasturi mavjud bo‘lib, u siz tasavvur qilgan har qanday narsaning modeli bilan virtual aloqani o‘rnatishga yordam beradi: inson tanasidan boshlab quyosh tizimigacha… Yana shunday dasturlarni ko‘rdimki, ular meni yana dasturlash kurslariga qatnasammikan, deya o‘ylantirib qo‘ydi. Chunki ular ko‘p ma’noda o‘yin qoidalarini o‘zgartirib yuboradi.

Arkadiy Voloj, «Yandex» asoschisi:

— Barchamiz — siz ham, men ham 99 foiz holatda foydalanuvchimiz. Har birimiz dunyoda yaratiladigan narsalarning 1 foizigagina hissa qo‘shganmiz. Qolgan deyarli barcha holatda boshqalar tomonidan yaratilgan narsalardan foydalanamiz. Biroq aynan bizning tanlovimiz insoniyat daraxtining qaysi tomonga o‘sishini aniqlaydi. Shunday ekan keling tanlaylik — do‘kondagi nondan tortib, sevimli qidiruv tizimimizgacha.

Yevgeniy Kasperskiy, «Kaspersky Lab» asoschisi:

— Kriptovalyutalar — bu yaxshi g‘oya. Kriptovalyuta juda yaxshi ishlashi mumkin — bu to‘liq ozodlikda yashashga intilayotgan yagona dunyo uchun aynan kerakli narsa… Bizning vaziyatda dunyo bir-biri bilan urush olib borayotgan davlatlar blokidan iborat, bu esa kriptovalyutalarning ishini yomonlashtiradi. Ular qaysidir davlatga xalaqit bergudek bo‘lsa, ta’qiqqa uchraydi, unga qarshi kurash boshlanadi. 300 yildan so‘ng esa bu mutlaqo ajoyib narsaga aylanadi.

Jeffri Bezos, «Amazon» asoschisi:

— «Rozi emasman, biroq qabul qilaman» jumlasidan foydalaning. Bu sizning ancha vaqtingizni tejaydi. Agarda siz nimagadir aniq ishonsangiz-u, biroq yagona fikrga kela olmasangiz, u holda bunday deng: «Qara, men bu borada rozi emasligimizni bilaman, biroq sen men bilan birgalikda tavakkal qilasanmi? Rosi emassan, biroq qabul qilasan?»… Ko‘pchilik bunga qanday javob berishni bilmaydi va «ha» deydi. Ammo buning boshqa tomoni ham bor. Agarda siz rahbar bo‘lsangiz, siz ham buni bajarishingiz kerak. Men rozi emasman, biroq doim qabul qilaman.

Marks Sukerberg, «Facebook» asoschisi:

— Kim o‘zining birinchi ma’ruzasini eslaydi? Mening birinchi ma’ruzam informatikadan edi… Men biroz kech qolib auditoriyaga futbolkada kirdim. Futbolkani teskari kiyib olganimni ham bilmas edim. Nega auditoriyadagi birorta odam bu haqida aytmaganini ham bilmayman, Ki Eks Jindan tashqari. Shunday qilib, biz muammolarimizni birgalikda yechadigan bo‘ldik. Hozirda u «Facebook» muammolarini yechadi va uning katta qismini boshqaradi. Shu sababli 2017-yilning bitiruvchilari sizlar odamlarga nisbatan mehribon bo‘ling.

Jek Dorsi, «Twitter» asoschisi:

— Barchamiz hammaga ma’lum o‘sha chaqiruvga duch kelamiz… Barchamiz bitta qayiqdamiz. Ko‘plab fikrlar mavjud, biroq biz katta muammolarimizni hal qilish yo‘lida birlashishimiz va ishlashimiz kerak: ekologiya, iqtisodiy tengsizlik, sun’iy intellektni rivojlantirish va uning mehnat bozoriga ta’siri. Biz bularning barchasi haqida gapirishimiz kerak. Ammo biz o‘zimizni arzimagan narsaga baxshida etamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring