Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«1000 ta kitob yozish niyatim bor» — robototexnik Mirzohid Abduhalilov

«1000 ta kitob yozish niyatim bor» — robototexnik Mirzohid Abduhalilov

Foto: «Xabar.uz»

«Xabar.uz» nashri «Among youth» loyihasini davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz dasturchi, robototexnik Mirzohid Abduhalilov. Qahramonimiz 2020-yili Andijon mashinasozlik institutini tamomlagan. Shu yili Prezident qarori bilan «Mard o‘g‘lon» davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Bugungi kunda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot texnologiyalari maktabida o‘quvchilarga dars bermoqda.

«Ota-onam va ustozlarim ruhlantirishdi»

Ochig‘i, bolaligimdan harbiy kasbga juda qiziqardim. Shu boisdan harbiy maktabga o‘qishga kirganman. Umuman, harbiy sohadan tashqari, tabiatan barcha sohalarga qiziquvchan edim. Oldimdan qanday kasb chiqishidan qat’i nazar shu sohada o‘zimni sinab ko‘rishga kirishardim.

3-sinfda o‘qib yurgan paytlarim ota-onam menga kompyuter olib berishgandi. O‘sha vaqtdan kompyuterga bo‘lgan qiziqishim uyg‘ongan. Kompyuter sohasini qishloqda turib o‘rganishimga sabab bo‘lgan yana bir omil bor. Bu — ota-onam. Ular kompyuterni ko‘p marta buzib qo‘ygan paytlarimda ham hech koyishmasdi. Hatto bir safar kompyuter ustida «tajriba» qilayotib uni yoqib yuborishimga oz qolgan. Umuman, ota-onamning doim qo‘llab-quvvatlovi o‘zimga nisbatan ishonch bilan ulg‘ayishimga turtki bo‘ldi.

Harbiy maktabni tamomlab, harbiy akademik litseyga hujjatlarimni topshirdim. Afsuski, omadim kelmay u yerga kirolmadim. Ammo 3 yillik tahsilni tumanimizdagi kollejlardan birida davom ettirdim. Kollej davrida ham harbiy bo‘lish ishtiyoqi so‘nmadi.

Kollejni bitirganimdan so‘ng TATU qoshidagi harbiy kasbga yo‘naltirilgan maxsus fakultetga kirish istagi paydo bo‘ldi. Biroq tibbiy ko‘rik jarayonida biroz bo‘yim pastligi uchun yakuniy imtihongacha yetib borolmadim.

O‘sha vaqtlari hayotdan juda xafa bo‘ldim. Tushkunlik natijasida biroz muddat hech bir oliygohga hujjatlarimni topshirishni istamadim. Ammo, ota-onam va ustozlarim ruhlantirishlari natijasida Andijon mashinasozlik institutiga hujjatlarimni topshirib, o‘qishga qabul qilindim. U yerdagi muhit bolalikdagi qiziqishim – axborot texnologiyalari, xususan robototexnika sohasini chuquroq o‘rganishga undadi.

Natijada dastlab kichik dasturiy mahsulotlar, robotlar yasay boshladim. Viloyat, respublika miqyosidagi ko‘plab tanlovlarda qatnashib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdim. O‘tgan yili mustaqillik bayrami arafasida Prezidentimiz qarori bilan «Mard o‘g‘lon» davlat mukofotiga sazovor bo‘ldim.

Foto: «Xabar.uz»

«O‘quv adabiyotlari yetishmaydi»

Kuzatishlarim bo‘yicha ayta olamanki, mamlakatimizda robototexnika sohasini rivojlantirish uchun asosan o‘quv adabiyotlari yetishmaydi. Sohani ommalashtirish uchun o‘zbek tilidagi o‘quv adabiyotlar soni va sifatini oshirish kerak. Ushbu ishlarga o‘z hissamni qo‘shish niyatim bor. Shu maqsadda, yaqinda robototexnika sohasiga bag‘ishlangan birinchi kitobimni yozib tugatdim. Ayni kunlarda uni mamlakatimizdagi axborot texnologiyalarga ixtisoslashtirilgan maktab va o‘rta-maxsus maktablarida joriy qilish ishlari olib borilmoqda.

Fursatdan foydalanib, dasturlash va robototexnika sohasiga kirib kelayotgan bolalar va tengdoshlarimga bir fikr aytmoqchiman. Avvalo, inson o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yishni o‘rganishi lozim. Maqsad qo‘yganidan keyin unga erishish uchun har qanday mas’uliyat va mehnatdan qochmaslik kerak.

Masalan, men dasturlash va robototexnika sohasini o‘rganyotgan paytlarim atrofimdagi aksariyat insonlar yordam bergisi kelmagan. Lekin tushkunlikka tushmasdan oldinga intildim. Hozir Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot texnologiyalari maktabida o‘quvchilarga dars berib kelyapman.

Foto: «Xabar.uz»

«2020 yilda 86 ta kitob o‘qidim»

Bo‘sh vaqtlarimda asosan kitob o‘qish bilan shug‘ullanaman. Bu mening sevimli mashg‘ulotlarimdan biri. O‘zim uchun yillik, oylik, haftalik kitob o‘qish uchun me’yorlar belgilab olganman.

Ishonsangiz, o‘tgan yili jami 86 ta kitobni o‘qib tugatdim. Joriy yil esa 110 ta kitob o‘qishni rejalashtirganman. Oxirgi o‘qigan kitoblarim, ya’ni yanvar oyida jahon adabiyoti durdonalaridan «Chalg‘ituvchi dunyoda muvaffaqiyat sirlari», «O‘lsang kim yig‘laydi», «O‘yla va boy bo‘l», «Mening hayotim» va «Yolg‘onlar shahri» kitoblari menda katta taassurot qoldirdi.

«Robototexnika yo‘nalishida akademik bo‘lmoqchiman»

Kelajak rejalarini tuzish, shaxsan o‘zimga katta kuch bag‘ishlaydi. Shuning uchun doimo ishlarimni rejali amalga oshirishga harakat qilaman. Ezgu maqsadlarim haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, kelgusida barcha uchun foydali bo‘lgan 1000 ta kitob yozish va robototexnika yo‘nalishida akademik bo‘lish niyatim bor.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring