Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Yarim tunda fermerni hokimlikka majlisga chaqirganga jazo belgilanmaydimi?

Yarim tunda fermerni hokimlikka majlisga chaqirganga jazo belgilanmaydimi?

Xabaringiz bormi, yo‘qmi, bilmadimu, 2018 yil sentyabr oyidan boshlab online.sud.uz portalida ayrim sud majlislari translyasiya qilib boriladi (hammasi emas). Istalgan kishi bemalol jinoyat, fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud majlislarini tomosha qilishi, unda bo‘layotgan jarayonlarni onlayn kuzatib borishi mumkin.

Yaxshi tomoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir yakunlangach, o‘sha sud majlisi video shaklida portalda saqlanib qoladi. Kelgusida ham arxiv bo‘limidan ularni tomosha qilish mumkin.

Bu interaktiv xizmat shaffoflik bilan bir qatorda barcha fuqarolar, ayniqsa yuridik sohada tahsil olayotgan talabalar uchun, sud majlislarining o‘tkazilish tartibi haqida jonli misol bo‘la oladi va ularning bu boradagi huquqiy ongini oshiradi.

Kechki soat 11 da hokimiyatga majlisga chaqirilgan va mast holda mashina boshqargan fermer voqeasi:

Portalni kuzata turib, bugun joylangan bir ma’muriy ishni tomosha qildim. Unda Sherobod tumanida yashovchi fermer akamiz mast holda o‘zganing mashinasini ishonchnomasiz boshqarib ketayotganda YPX xodimlari tomonidan to‘xtatilgan va ma’muriy bayonnoma tuzilgan holat sud qilinibdi.

Sud majlisi jarayonida fermer akamiz voqeani izohlay turib, mashina haqiqatdan o‘zganing nomida ekanligi, aniqrog‘i denovlik fuqarodan mashinani sotib olganu, lekin hali o‘z nomiga rasmiylashtirishga ulgurmaganini aytdi.

Va yana o‘sha kuni o‘g‘lining tug‘ilgan kuni bo‘lgani, uyiga mehmonlar kelgani va o‘sha ziyofatda alkogol ichimligi ichgani, lekin tungi 11 larda tuman hokimligiga zudlikda majlisga chaqirishgani va majlisga borishga majbur bo‘lib qolgani, tuman hokimligi joylashgan ko‘chaga burilganda YPX xodimlari uni to‘xtatgani, aybiga iqrorligi va uni kechirishlarini so‘radi.

Sudya mavjud holatni o‘rganib chiqib, fermer akamizni MJtK 131-moddasi 1-qismi (mast holda boshqarish) hamda 135-moddasi 1-qismi (ishonchnomasiz boshqarish) bilan aybdor deb topdi. Va unga haydovchilik huquqidan 1 yilu 6 oy muddatga mahrum qilib, EKIH 15 baravari miqdorida (3 mln so‘m) jarima tayinlandi.

Sudya jarimani tayinlashda javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlarni inobatga oldi. Ya’ni mast holda mashina haydaganlik uchun 1 yilu 6 oydan 3 yilgacha jazo hamda 25 minimalka jarima belgilangan. Shundan kelib chiqib, sudya haydovchilik huquqidan mahrum qilishning eng kam muddatini, jarima jazosini esa belgilanganidan ham kamroq (25 emas, 15 minimalka) tayinladi.

Aytgancha, mashinasini hujjatsiz haydash uchun berib yuborgan shaxs ham 202 ming 730 so‘m jarimaga tortildi.

Lekin yarim kechasi fermerni hokimlikka majlisga chaqirganlarga hech qanday jazo belgilanmaydi. Ana shunaqa.

Siz ham sud majlislarining videosini kuzatib turing, ancha qiziq voqealarga duch kelasiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring