Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

Diplomatiya universiteti Hukumat qarorini pisand qilmaydimi?

Diplomatiya universiteti Hukumat qarorini pisand qilmaydimi?

Ko‘pchilik abituriyentlar murojaat qilib Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida qabul 30 iyungacha ekanligi, ko‘pchilik hali maktab/kollej/litseydan hujjatlarini olishga ulgurmaganini yozib qolishdi. Hayron bo‘ldim.

Tekshirib ko‘rish uchun JIDU saytiga kirdimu, hayratdan yoqa ushladim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, haqiqatdan rasmiy saytda «hujjatlar 30 iyungacha qabul qilinadi» deb yozib qo‘yilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 28 iyuldagi 594-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 13-bandida aniq qilib yozib qo‘yilgan: «Hujjatlar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kiradigan abituriyentlardan hujjatlar qabul qilish boshlangan kundan 20 kun davomida qabul qilinadi».

Mayli, JIDUdagilar agar 15 ga 20 ni qo‘shishni bilishmagan bo‘lsa, hech bo‘lmasa o‘sha Vazirlar Mahkamasi qaroridagi bakalavriatiga qabul qilish sxemasiga qarab qo‘yishsa yaxshi bo‘lardi. Unda hujjatlar qabul qilish bilan bog‘liq 1-bosqich har yili 15 iyundan 5 iyulgacha davom etadi, deb yozib qo‘yilgan.

JIDU rahbariyati Hukumat qarorini pisand qilmaydimi? Nima uchun bu darajada ochiqdan-ochiq qonunsizlikka yo‘l qo‘yishmoqda? Tag‘in bu OTM xalqaro huquqshunoslarni tayyorlab chiqaradimi?

JIDUning qonunbuzarligi o‘tgan yilda ham kuzatilgan. Masalan, o‘tgan yili hech bir asossiz hujjatlarni 5 iyulda qabul qilishni to‘xtatgan. Hech bir huquqiy asos va tartiblarsiz abituriyentlarni birlamchi suhbatdan o‘tkazgan. Qonun hujjatlarini noto‘g‘ri talqin qilish ortidan chet tili bo‘yicha B2 milliy sertifikat talab qilishgan va qilishmoqda.

Nima ularga qonun yo‘qmi? Hamma o‘zi bilganini qiladigan zamon keldimi?

Rasmiylardan bunga munosabat kutib qolamiz.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring