Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tursunali Akbarov

Yig‘lab borma, ho‘ngrab chiqadi!

Ayb faqat adashgandami?

Ayb faqat adashgandami?

Foto: «Advantour»

E’tiqod — o‘ta hassos, o‘ta nozik tuyg‘u. Dunyoni qarang: sho‘rlik zaminning qaysi nuqtasida urushu muhoraba ketayotgan bo‘lsa, aksariyatining tub zamirida e’tiqod omili yotibdi. Turli nizo, notinchlikdan manfaatdor kuchlar ayni omildan ustalik bilan foydalanmoqdaki, oqibatini ko‘rib turibmiz: buzg‘unchi, mutaassib oqimlar safi-yu ta’siri kengayib bormoqda. Eng yomoni, bu fitnalarning aksariyati islomga qaratilayotir: qotil ham musulmon, maqtul ham musulmon...

Diyorimizda dinlararo nizo ham, millatlararo nizo ham yo‘q, shukur. Bu o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlarning hosilasi, albatta. Biroq yurtdoshlarimiz orasida turli buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan, hatto qo‘li qonga botganlari ham uchrayotgan ekan, demak, bu boradagi ishlar sifati baribir maqtanishga izn bermaydi. Mamlakatimizda diniy ma’rifatga berilayotgan yuksak e’tibor, amalga oshirilayotgan ko‘pdan-ko‘p xayrli ishlarni pesh qilib, yoqadan olishga shoshmang, og‘ayni. Ushbu yozuvlarda na xayrli ishlardan ko‘z yumish, na o‘tgan kunga tosh otish maqsadi bor. Kuni kecha ertakdek tuyuladigan ishlar bugun real voqelikka aylanganidan aql shoshayotir hatto: hazor-hazor shukurlar bo‘lsin...

Shunga qaramay xayrli ishlar sifati va samaradorligiga soya solayotgan ma’lum holatlar borki, ular xususida ojizona mulohaza aytish ayb bo‘lmas.

Diniy mazmundagi kitoblar chop etilishi bilan bog‘liq g‘urbatlardan ko‘plarning xabari bo‘lmasa kerak. Asosiy gapga o‘tishdan burun tegishli huquqiy hujjat haqida tassavvur olsak.

Ma’lumki, Vazirlar Mahakamasining 10-qarori (2014 yil 20 yanvar) bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra: «O‘zbekiston Respublikasi hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish faqat davlat dinshunoslik ekspertizasi o‘tkazilganidan keyin amalga oshiriladi». To‘g‘ri talab, o‘rinli tartib. Chunki turli oqim va firqalar o‘z g‘oyalarini tiqishtirib yotgan bugungi zamonda diniy mazmundagi materiallar chop etish, tarqatish ishlari o‘ta hushyorligu nuktadonlikni talab etadi. Bunday vakolat O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga berilgan. Bu vakolat pirovard maqsadga nechog‘li xizmat qilayapti?

Gapni aniq misol bilan davom ettirsak.

Fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf(rahimahulloh)ning asarlariga nainki yurtimizda, balki MDHda ham ehtiyoj katta ekani inkor etib bo‘lmas haqiqat. Hatto rossiyalik ekspertlar ham bu borada bong urmoqda. To‘g‘ri, hazratning kitoblari chiqib turibdi, biroq qancha adadda? Deylik, «Din — nasihatdir» kitobi, yanglishmasam, ikki marta, besh ming nusxadan, jami o‘n ming dona chop etildi. Turli  firqalarning fitnakor g‘oyalariga kuchli raddiya bo‘lgan bu asarning o‘n ming dona chop etilishi tuyani cho‘mich bilan sug‘orishdek gap aslida. Hajmi o‘n bosma taboqqa yetib-yetmaydigan mazkur asar tartibga ko‘ra dinshunoslik ekspertizasidan o‘tishi kerak. Vakolatli organ – Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning diniy material uchun beradigan xulosasi tekin emas. Har bosma taboq uchun eng kam ish haqining bir barobari miqdorida pul to‘lanadi. Bugungi kunda o‘n bosma taboq kitobning ekspertiza xulosasi — bir million yetti yuz yigirma ikki ming to‘rt yuz so‘mga tushadi (172240x10=1722400). Bu hali hammasi emas. Qo‘shimchasiga qo‘mitaning o‘zidan har dona kitob uchun maxsus gologramma sotib olinishi lozim. Bir dona gologramma narxi – 185 so‘m, buni besh mingga (kitob adadi) zarb etsak, miqdor 925 ming so‘m bo‘ladi. Endi 1722400 ni 925 mingga qo‘shamiz: 2 millon 647 ming 400 so‘m! Bu hali bosmaxonaga yetmayoq taxtakachdan ham yupqaroq bo‘lgan kitobga «minayotgan» xarajat. Hali oldinda muharriru musahhih, bosmaxona chiqimlari turibdi...

Bu jarayonning tasavvurga sig‘mas «qoidasi» shuki, kitob adadini (!) ham qo‘mita ekspertlari belgilaydi?! Tegishli xulosa chetida «kelishilgan adad faloncha» degan yozuv zikr etiladiki, «kelishuv»da muallifning (noshirning, nashrga tayyorlovchining, tarjimonning) ixtiyori yo‘q. Demak, «kelishuv»ning ma’nosi shunday: xohlasang – shu, yo‘qsa, ka-atta ko‘cha...

Aksariyat diniy mavzudagi kitob adadi besh mingtadan oshmaydi, nari borsa, 8 ming dona bo‘lishi mumkin, illo undan ortiq emas (hatto shayx hazratlarining kitobi bo‘lsa ham!).

Xo‘p, qayta nashr etish mumkinmi?

Albatta mumkin. Buning uchun bayon qilingan bosqichlarni qayta bosib o‘tishga asab va mablag‘ingiz yetsa bas. Shu jarayonda yana bir tasavvurga sig‘mas holatga duch kelasiz: bitta nomdagi kitob necha marta chop etishga ehtiyoj tug‘ilsa, unga shuncha marta (!) ekspert xulosasi olinishi kerak (tag‘inam endilikda qo‘mitaning muhtaram mutasaddilariga «insof» kirib qolgan: chamasi, uch-to‘rt yillar burun ekspert xulosasi olingan kitob olti oy muddat ichida chop etilmasa, uni (ekspert xulosasini) boshqatdan olish shart edi! Albatta, belgilangan xarajat evaziga)!

Ajablanarlisi, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining yuqorida eslatilgan qarori bilan tasdiqlangan nizomda ekspert xulosasi uchun xarajatlar me’yori belgilanmagan. Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning o‘z nizomida ham bu haqda ochiq gap yo‘q. Faqat 4-moddasida shunday deyilgan: «Qo‘mita faoliyatini moliyalashtirish... O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti mablag‘lari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi». Demak, diniy materiallar ekspertizasi uchun olinadigan mablag‘ni «qonun hujjatlarida taqiqlanmagan manba» deb tushunishdan boshqa chora yo‘q. Qizig‘-a, bitta mahsulotni bitta odamga mantiqsiz talablar bilan qayta-qayta sotish, juda yumshoq aytganda, qaroqchilikdan boshqa narsa emas. Ammo davlatning vakolatli organidan bitta kitob uchun mazmuni o‘zgarmaydigan ekspert xulosasini qayta-qayta olishga majbur qilinish qonun bilan taqiqlanmagan holat go‘yo... Mazkur «tartib»ning huquqiy quvvati haqida bahslashmaymiz. Birinchi nashrdayoq mazmuni ma’lum bo‘lgan ekspert xulosasini qayta olish uchun ketadigan oylab vaqt isrofi xususida ham gapirmadik hali... Og‘riqli nuqta shundaki, ehtiyoj katta, biroq «ekspertiza»da oylab «dam yeb», ijozat bo‘lgan taqdirda ham adadi cheklangan kitob, xohlaysizmi-yo‘qmi, qimmatlashib ketadi. Natijada hammaning ham sotib olishga qurbi yetmaydi. Baski, bunday «tartib» pirovardida diniy ma’rifat tarqatishdek ezgu ishlarga katta to‘g‘anoq bo‘layotganini anglash uchun katta aql shart emas. «Yoshlarimizni internet orqali tarqatilayotgan turli buzg‘unchi g‘oyalardan asraylik!» deya ayyuhannos solish nimasi-yu, o‘sha g‘oyalarga qalqon bo‘ladigan diniy materiallar tarqatish jarayonida bu kabi aqlga sig‘mas tartiblarni «kashf etish» nimasi? Shu kabi omillar sabab «Jaholatga qarshi – ma’rifat!» degan ezgu hikmat quruq shiorga aylanib qolmayaptimi? Beixtiyor rahmatli Hojiboy qiziq aytgan hangoma — bolasi issiq pechka tomon emaklab (go‘dak pechka issiqligini qayerdan bilsin?) ketayotganini kuzatib turgan beparvo onaning gaplari esga kelaveradi: «Borma-a, kuyasan... Hoooy, kuyasan... Ana, kuydi-i-ing!..».

Voqelikni kuzatib, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning bu «tartibi» hammaga emas chog‘i degan xayolga borasan kishi. Hilol Nasimov degan «vallomat» rejissyor bor. Shu «dono» (ssenariy muallifi ham, rejissyor ham, hatto bosh rol ijrochilaridan biri ham o‘zi!) diniy ekstremizm, mutaassib kimsalar haqida bir-ikkita kino olgani-yu buzg‘unchilar qolib, islomning o‘zini salkam «olabo‘ji» qilib yuborayozgani jamoatchilikning haqli noroziligiga sabab bo‘lgani ma’lum. Davlatning million-million pullari isrof qilingan bu kinolar xususida, necha marta efirga ketmasin, qo‘mita ekspertlari lom-lim deganini shu choqqacha birov eshitgani yo‘q. Yoki «Islom va aqidaparastlik oqimlari», «IShID fitnasi» nomli «hashar» kitoblarni olaylik. Yo‘liga «yashil chiroq» yoqilgan bu kitoblar bir necha o‘n minglab nusxada qayta-qayta chop etildi, maxsus «voizlar» yordamida armonsiz targ‘ib etildi. Ammo samara-chi? Ikki-uch yil avval chiqqan mazkur kitoblarni bugun kim o‘qiyapti? Kim eslayapti? Islomdan tasavvuri bo‘lganlarninggina arang tishi o‘tadi bu kitoblarga. Ularda ko‘tarilgan mavzular ommaga sodda uslub, shirali til, jonli bayonlar orqali tushuntirilsagina kutilgan samara berishi mumkinligi donishmad ekspertlarning xayoliga kelmaganidan ajablanasan. Ikki o‘rtada din sohasiga yetti yot begona bo‘lgan insondan «qo‘lbola islomshunos» yasalgani qoldi, xolos. Bundan ko‘ra rahmatli shayx hazratlarining yuzlab bebaho asarlari nashriga kengroq imkoniyat berilganda natija kutilganidek bo‘lmasmidi? Mamlakat rahbari hazratning shaxsi va faoliyatini e’tirof etib, xotirasiga yuksak ehtirom ko‘rsatganidan keyingina, mana endi ma’rifatga tashna ko‘ngillar ul zotning o‘lmas asarlaridan kengroq bahramand bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘layotir...

Mavzu yuzasidan ko‘p va xo‘p gapirish mumkin. Ular orasida aytib bo‘lmaydigan, yozib bo‘lmaydiganlari ham borki, mayli, yaxshi gumonda bo‘laveramiz. Buyog‘iga, Prezident ta’kidlaganidek, «Islom faqat nurli hayotga, ilmu ma’rifatga, yaxshi hayotga undashi» tarannum etilgan ma’rifat buloqlaridan qonib-qonib ichsak, bas. Zero, tashna odam ulkan buloqlarning «qulog‘ini burab», jildiratibgina chiqarilayotgan suvga qoniqmasligi ayon. Buloq boshidagilar buni yaxshi biladi. Bilishiyam kerak!

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring