Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sherali Otaboyev

Qo‘rqoqlardan qo‘rqaman.

Yangi milliy zehniyat va qo‘rqoqlik illatining dovyurak qurbonlari

Yangi milliy zehniyat va qo‘rqoqlik illatining dovyurak qurbonlari

Illyustrativ surat

Ushbu hikoyamni bir asr davomida jamiyat uchun atayin shakllantirilgan qo‘rqoqlik illatining dovyurak qurbonlariga bag‘ishlayman.

Katta bir tashkilot majlislar zali. Umumiy yig‘ilish. Og‘zidan chiqqan har bir gapi qarsaklar bilan qarshi olinishi odatiy hol bo‘lib qolgan davrlarda «xudodan sal pastroqda turuvchi» rahbar ma’ruza qilyapti. Har doimgiday kelgusida qilinadigan ulkan ishlar va rejalar haqida o‘zi ham ishonadigan tarzda gapirmoqda. Oxirida «savollar bormi?» degan navbatchi gapi bilan ma’ruzasini tugatmoqchi edi. Odatdagidek rahbarga savol berilmaslik an’anasi bu gal buzildi. Orqada o‘tirgan bir jinnisifat xodim «menda savol bor?» deya ruxsatni ham kutmasdan so‘zini boshlab ketdi:

— Buyuk va global rejalar tuzishni to‘xtatib, ularni amalga oshirishga qachon kirishasiz? Ularning muddati bormi? Qog‘ozdagi o‘sha buyuk rejalaringiz hayotda o‘z isbotini topganini hech bo‘lmasa nevaralarimiz ko‘rarmikin? — degan qaltis savolni o‘rtaga tashladi.

Umrida xodimidan o‘ziga qarshi gap eshitmagan rahbar bunday keskin savoldan hangu mang edi. «Bu kim?» deganday yonidagi o‘rinbosariga razm soldi. U ham kutilmagan tasodifdan o‘zini yo‘qotib qo‘ygan ko‘yi «ayb menda emas» ma’nosida rahbarga mo‘ltirab turardi. Hech kim yo‘qdek zalda sukunat hukmronlik qila boshladi. Savol bergan boshqa, ammo, qolganlar qo‘rquvdan o‘rindiqlar tagiga kirib ketayotgan edi. «Savolparast» xodim esa «javob uchun oldindan rahmat» deya hech narsa bo‘lmagandek ohista joyiga o‘tirib, javobni kutardi.

Rahbar darhol o‘zini qo‘lga olib, darsga tayyorlanib kelmagan bebosh boladay duduqlanib gapira ketdi.

— Siz, o‘zi shu korxonada ishlaysizmi? Kimning bo‘limida ishlaysiz? (Old qatorda o‘tirgan bo‘lim boshlig‘i kechirilmas gunoh qilgandek, ohista o‘rnidan turib, belangiday egilib rahbarga jovdirab qaradi.) Yaqinda ishga kelganga o‘xshaysiz, — so‘zini davom ettirdi rahbar. — Sizda hali tajriba yo‘q. Ish nimaligini bilasizmi o‘zi?! Bunday katta ishlar uchun shoshqaloqlik qilish katta xato hisoblandi, chunki minglab insonlar taqdiri yotibdi bu yerda. Oldin tajriba oshiring, keyin tushunib yetasiz, — deya davlat va hukumat farmonlari-yu qarorlari, ularning soni va qachon qabul qilinganligi haqida javray ketdi. Keyin oldingi ma’ruzasini yana boshdan takrorladi. Zaldagilar esa go‘yoki savolga ayni javobni olayotgandek bosh irg‘ab turardi. Rahbar bu gal jahl bilan gapirayotganligi bois qarsak chalishga ham ikkilanib qolishgan edi. Ma’ruza tugadi. Bu gal «yana savol bormi» yoki «savoldan qoniqdingizmi» degan gapni aytishga botina olmay yig‘ilishni tugatib chiqib ketdi.

Xodimlar zalni birin-ketin jimgina tark etardi. Savol bergan xodim bilan kelgan sheriklari undan sekingina uzoqlasha boshlashdi. Go‘yo birinchi marta ko‘rib turgandek. Xodim esa mulzam holda xonasi tomon yolg‘iz ketdi.

Quyi bo‘g‘indagi har bir rahbar — o‘rinbosarlar va bo‘lim boshliqlari endi rahbar xonasida favqulodda va tanqidiy ruhda bo‘lajak yig‘ilishga tayyorgarlik ko‘rishardi. Savol bergan bola haqida ma’lumot to‘plashar edi. Bo‘lim boshlig‘i esa xodimini oldiga chaqirib koyimoqda:

— Ey ahmoq, nima qilib qo‘yganingni bilasanmi? Rahbarga ham shunday savol beradimi odam. Uning ishi va gapi hech qachon muhokama qilinmasligini sen ahmoqqa necha bor aytgan edim. Endi seni himoya qila olmayman. Buyog‘iga holingga maymunlar yig‘laydi.

Bola esa o‘zini gunohkordek tutib turgan bo‘lsa-da, qilgan ishidan pushaymon emasdi.

Ertasi kuni boshliq xonasida rahbar xodimlarning tor doiradagi yig‘ilishi boshlandi. Mavzu aniq, bolani jazolash choralari ko‘riladi. Stolidagi hujjatlarni ko‘zdan kechira turib, atrofga rahbarona razm soldi-da, sekin gap boshladi:

— Ahvolni o‘zingiz ko‘rdingiz, bu intizomsiz xodimni darhol jazolash chorasini ko‘rmasak, boshqalar ham o‘rnak oladi. Xo‘sh, kimda qanday taklif bor?

Taklif qanday bo‘lishini hamma biladi: ishdan bo‘shatish.

Rejim bo‘yicha o‘rinbosari oldidagi bir to‘plam qog‘ozni ko‘rsatib, ko‘rnamak xodim bo‘yicha surishtiruv o‘tkazib, bo‘limidagi barcha xodimlardan unga qarshi ko‘rsatma olganini ma’lum qilib, go‘yo qimmatbaho hisoblanadigan ma’lumotlarni boshliqning oldiga surib qo‘ydi. Rahbar ko‘rsatmalarni bir-bir varaqlab ko‘rarkan, o‘rinbosariga ma’noli qarash qildi. O‘rinbosar esa ayyorona jilmayish bilan «o‘zlari ixtiyoriy yozib berishdi...», deya ozgina xijolat tortdi.

Rahbar besh-oltita ko‘rsatmaga ko‘z yugurtirib ko‘rdi-da, «qo‘l ostimizda shunday xavfli jinoyatchi ishlar ekan, bilmagan ekanmiz. Yaxshiyamki, vaqtida bilib qoldik», deya o‘rinbosariga minnatdorlik nazari bilan qarab, «Xo‘sh, endi... qaysi «statya» bilan bo‘shatamiz», deya savol tashlab qo‘ydi.

Bu tashkilot yuristiga tegishli bo‘lgani uchun huquqshunos «Mehnat kodeksi»ning, deya gap boshlagan ham ediki, rejim bo‘yicha o‘rinbosar gapni bo‘lib, yaqin hamkasblaridan «oqimga da’vat etgan» qabilidagi ko‘rsatmalarni ham olib qo‘yganman, har ehtimolga qarshi. Prokuraturaga topshirib yuborsak ham bo‘ladi, — dedi.

Rahbar gapni shartta bo‘lib:

— Bu fikrga qo‘shilmayman. Keyin tekshir-tekshir boshlanadi. To‘g‘ri, bola qamaladi. Ammo boshqa bir tarafi ham bor, korxonamizdan konstitutsion tizimga qarshi «vobchik»lar chiqqani biz uchun katta «minus» bo‘ladi. Hatto ko‘pchilikning boshi ketishi ham mumkin. Shu tarafini ham inobatga olish kerak. Bu yo‘l bo‘lmaydi. Boshqa takliflar bormi? — deya boshqalarga ham razm soldi.

— Eng yaqin hamkasbi bilan atayin janjal uyushtirsak-chi? — taklif kiritdi yurist.

— Bu yaxshi taklif bo‘ldi, — dedi rahbar.

— Bunday olib qaraganda, oddiy bir xodimdan qutulish uchun shuncha taraddud shart emas, — gapga aralashdi juda kamgap ideologiya bo‘yicha o‘rinbosar. — Hozir uni darhol bo‘shatib yuboradigan bo‘lsak, boshlig‘imizning obro‘yiga putur yetadi. Bu tirranchaning rahbarimizga qarshi borganini hamma bilib bo‘ldi. Taklifim shuki, uni har tomondan siqib borishimiz kerak. Ya’ni tiriklayin qiynash kabi. Shunda o‘zi ishdan ketishga majbur bo‘ladi. Shunday qilishimiz kerakki, u olti oyga qolmasdan, o‘zi arizasini yozib ketishi kerak. Mening taklifim shu.

Uzil-kesil nuqta qo‘yadigan fikr bildirgandek, ishonch bilan so‘zini tugatdi o‘rinbosar.

— Bu taklif menga ma’qul, — gapni davom ettirdi rahbar. — Uni barcha imkoniyatlardan mahrum etish kerak. Boshlanishiga lavozimini bir pog‘ona tushiramiz, — deya kadrlar bo‘lim boshlig‘iga qaradi.

— Bu xodim shundoq ham eng past lavozimda ishlar ekan, – gunohkorona javob berdi kadrlar bo‘lim boshlig‘i.

— Unda yarim stavkaga tushiring.

— Imkoni yo‘q. 0,25 stavkada ishlar ekan.

— Unda mukofot pullaridan butunlay mosuvo qilish kerak.

Iqtisod bo‘yicha o‘rinbosariga qaradi rahbar.

— Umuman olganda, xodimlarga mukofot pullari berilmayotganiga uch yildan oshdi, — xafaroq alfozda javob berdi iqtisod bo‘yicha o‘rinbosar.

— Bayram pullari-chi?

— U ham yo‘qolganiga besh yildan oshdi.

— Unda qanday qilib bu tirranchani jazolash mumkin. Biron bir yo‘li bordir? — achchiqlandi rahbar. O‘rtaga ancha vaqt jimlik cho‘kdi.

— Bitta yo‘li bor, — jimlikni buzdi ideologiya bo‘yicha o‘rinbosar. — Bolakayni lavozimga ko‘tarib, yana darhol lavozimdan tushirib yuborish kerak. Shundagina unga psixologik zarba bo‘ladi.

U katta g‘oya topgandek, mag‘rurona barchaga bir razm soldi-da, keyin ma’qullashini kutib turgandek, rahbarga qaradi.

— Nachora, boshqa yo‘li yo‘q bo‘lsa, shu yo‘lni qo‘llaymiz.

Kadrlar bo‘limi boshlig‘iga «senga topshiriq», degandek tushkun kayfiyatda qaradi. U esa darhol yondaftariga bir narsalarni yozib ola boshladi...

Xullas, xodimlarning savol bermasligini ta’minlab turadigan hech narsa qolmaganligini anglab yetgan rahbar boshqa yanada kattaroq va boy tashkilotga boshliq bo‘lib o‘tib ketishga majbur bo‘ladi. U yerda ham 25 yilda mevasini beradigan uzoq muddatli «buyuk» rejalar asosida ish boshlagan emish.

Yosh xodim esa, lavozimi bir pog‘ona oshirilganicha qolib ketgan. Ammo yangi kelgan rahbar ham unga jinoyatchiga qaragandek qararmish. Rahbarlarning xohish-irodasini qonun deb bilguvchi boshqa xodimlar ham o‘zlarini adolatparvar boladan uzoqroq tutishar ekan. U bilan gaplashsa ham pana joylarda pinhona gaplashar emish. Go‘yo rahbarning qulog‘iga yetib borsa ularga ham o‘chirib bo‘lmas tamg‘a bosiladigandek.

Bu voqea qayerda va qachon bo‘lganligini bilmadim-u ammo, ko‘-o‘-o‘p joyda va xo‘-o‘p zamonda bo‘lganligiga ishonchim komil.

Hikoya tugadi. Endi ortiqcha gaplarga ozgina o‘tsak:

Qisqasi, haqni talab qilish, adolatparvarlik, dovyuraklik kabi ajdodlardan meros xislatlar qarsakbozlikka asoslangan ayni jamiyat uchun xavfli, degan qarash va tushunchalar atayin shakllantirib bo‘lindi. Bu tushunchalar o‘tgan bir asrimizning 75 yilida sobiq sho‘rolar tomonidan xalqqa singdirilgan bo‘lsa, oxirgi 25 yilda o‘zimiz o‘zimizga moslab maromiga yetkazib qo‘ydik. Rahbarchalar qiynalmasligi uchun hattoki xalqning sabr kosasi atayin teshib qo‘yildiki, ular tishi to‘kilib ketsa-da, tishini tishiga qo‘yib chidashni ham o‘rganishdi.

Adolatsizlikka jim qarab turishni, rahbarchalarning mantiqsiz har bir gapini qarsak chalib qo‘llashni — bizga o‘tmishi buyuk xalqning sabr-matonati, irodasining nishonasi deb ongimizga shunday ustamonlik bilan singdirishdiki, hattoki bu qusurni milliy zehniyat darajasigacha chiqarib oldik.

Bugun siyosat o‘zgardi. Qarashlar o‘zgardi. Prezidentimiz rahbarlarning xalqqa nisbatan qarashlarini ham 180 darajaga o‘zgartirishlarini talab qilyapti. Ammo tong otib, quyosh chiqqan bo‘lsa-da, ayniqsa, ijodkor xalqi uyg‘onishga, ko‘z ochishga hamon jur’at eta olmayapti.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring