Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shahnoza Soatova

Ki har ne olami sug‘roda mavjud, Bori bu olami kubroda mavjud. (Alisher Navoiy)

Fransiyada til qonunini buzganlar 3750 yevrogacha jarima to‘laydi yoki mulkidan ajraladi!

Fransiyada til qonunini buzganlar 3750 yevrogacha jarima to‘laydi yoki mulkidan ajraladi!

Adliya vazirligi muhokamaga qo‘ygan qonun loyihasi ustida bahslar tinmayapti. Tortishuvlarda muxolif tomon «nega Litva, Latviya tajribasiga havola beryapsizlar?» degan e’tirozni bildirmoqda, ya’ni til siyosati Boltiqbo‘yi ssenariysi bilan borishidan ayrimlar xavfsiramoqda. Qolaversa, jarima bilan natijaga erishib bo‘lmaydi, bu progressiv usul emas degan fikrlar aytilmoqda.

Biz kichik bir tadqiqot o‘tkazib, ayrim mamlakatlar tajribasini o‘rganib ko‘rdik.

Avvalo, Boltiqbo‘yidan boshqa mamlakatlar tajribasi haqida.

Rossiya. Davlat tili to‘g‘risidagi Rossiya Federal Qonuni 3 moddasida nafaqat davlat tashkilotlari, mulkchilik shaklidan qat’i nazar Rossiya hududida faoliyat yurituvchi har qanday tashkilot davlat tili (rus tili)da ish yuritishi, hatto tashkilotni nomlashda ham rus tilidan foydalanishi belgilangan. Qonunni buzish tegishli javobgarlikka sabab bo‘lishi ham alohida aytilgan. Ma’lumot uchun, Rossiyada 190 dan ortiq millat va elatlar yashaydi.

Gruziya Davlat tili to‘g‘risidagi qonuniga ko‘ra, davlat korxona va tashkilotlarida faqat gruzin tilida ish yuritiladi, zarurat tug‘ilsa, hujjatlar boshqa tillarga tarjima qilinishi mumkin, ammo bu tarjimalar rasmiy hujjat hisoblanmaydi.

Germaniya. Ma’muriy amaliyotlar to‘g‘risidagi qonun 23-paragrafida rasmiy til sifatida nemis tili belgilangan. Agar mas’ul idoraga murojaat nemis tilidan boshqa tilda qilinsa, organ darhol uning nemis tiliga tarjimasini talab qilishi kerak. Nemis tilidan boshqa tilda murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi.

Polsha. Davlat tili to‘g‘risidagi Qonun 4-moddasida davlat organlarida faqat polyak tilida ish yuritilishi belgilangan.

Fransiya. Tubon qonuni

Menga Fransiya tajribasi juda yoqdi. Biz o‘rganishimiz kerak bo‘lgan jihatlari ko‘p ekan, bu yog‘iga diqqat bilan o‘qing.

Yevropaning eng ko‘p tillik mamlakati Fransiya aholisining 51 foizi fransuz tilidan boshqa tilda gaplashadi. Konstitutsiyasida esa faqat fransuz tili davlat tili deb belgilangan. Fransuz tilini madaniy yodgorlik sifatida saqlashga mamlakat madaniyat vazirligi mas’ul hisoblanadi. Rasmiy ish yuritish faqat fransuz tilida. Bu 1994 yilda qabul qilingan Tubon qonuni orqali mustahkamlangan.

Tubon qonuni reklama matnlari va joy nomlari, ommaviy joylardagi peshlavhalarni, jamoat transportidagi yozuvlar, yo‘l ko‘rsatkichlari, mahsulotlar va hatto turli mulklarga yozilgan yozuvlargacha faqat fransuz tilida bo‘lishini talab qiladi. Davlat tashkilotlari tomonidan ish yuritish istisnosiz fransuz tilida olib borilishi, terminlarning fransuzcha muqobili turganda, inglizchasi yo boshqa tildagisini ishlatish taqiqlanishi haqida yoziladi qonunda.

Tubon qonunini buzish jismoniy shaxsga 700 yevro, yuridik shaxsga 3750 yevro jarima solinishiga sabab bo‘ladi. Hatto, boshqa tilda peshlavhasi yoki yorlig‘i yozilgan mulk musodara qilinishi ham mumkin.

2006 yilda xuddi shu qonunni buzgani uchun Amerikaning Gems kompaniyasi 600 ming yevroga jarimaga tortilgan!

Qonun ijrosini amalga oshirish mexanizmi shundayki, nafaqat sud politsiyasi, balki iste’molchilar huquqini himoya qiluvchi vakolatli shaxs ham ushbu qonunga rioya etilishi yuzasidan surishtiruv ishlari olib borishi va qonun buzilish holatlarini aniqlab tegishli organga materiallarni taqdim etishi mumkin. Buning uchun vakolatli shaxs kunduz kuni bino yoki avtotransport ichiga kirib tekshiruv o‘tkazish huquqiga ega. Ushbu tekshiruvga to‘sqinlik qilish yoki kerakli materiallarni taqdim etmaslik jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi, hatto shaxs qamalishi ham mumkin (Fransiya Jinoyat kodeksining 433-5 moddasiga ko‘ra).

Fransuzlar ushbu qonun asosida Mehnat kodeksining 8, 9, 10-moddalariga o‘zgartirish kiritib, xodimlarning fransuz tilida ish yuritishini majburiy qilib qo‘yishgan. Faqat xorijdan kelgan xodim mehnat shartnomasini o‘z ona tiliga tarjima qildirish huquqiga ega.

Atamashunoslik sohasida ham fransuzlar tajribasi menga yoqdi. Har yili Fransuz akademiyasi rasman fransuz tiliga qabul qilinadigan so‘zlar ro‘yxatini e’lon qiladi va diqqat bilan til monitoringini o‘tkazib, fransuz tiliga xos bo‘lmagan so‘zning ishlatilishini aniqlagani zahoti qonuniy chora ko‘radi.

Bugungi kunda fransuzlarda xorijiy so‘zlarni so‘zlashuvda ishlatish madaniyatsizlik va tarbiyasizlik hisoblanadi. Ular hatto qisqartma otlarni ham o‘z tillari orqali yasashadi. Masalan, NATO fransuz tilida OTAN shaklida ishlatiladi.

Mana sizga ko‘pmillatli, rivojlangan, demokratik Fransiya tajribasi!

Xo‘sh bizda-chi? 1989 yil Davlat tili to‘g‘risidagi Qonun qabul qilingani bilan, na uni buzganga javobgarlik bor, na buni nazorat qilish va na amalga oshirish mexanizmlari aniq. Bu sohada qo‘yilayotgan har bir qadam esa darrov siyosiylashtirilib, millatlararo muhoraba maydoniga tortilyapti. Biz shunchaki qonunni ishlatmoqchimiz, xolos.

Asli rasmiy til, davlat bilan muloqot inson hayotining juda katta qismini tashkil qilmaydi. Tilni zarur darajada o‘rganish yo kerak joyda tarjimonlar bilan ta’minlash orqali bu muammoni hal qilsa bo‘ladi. Yagona tilda ish yuritish qulay va arzon. Bot-bot til bahsi ochib, uni siyosiylashtirib, bir-birimizga toshotarlik qilishda ham xayr yo‘q. Jamiyat ongli ravishda bu masalada murosaga kelishi kerak.

Shu bilan men til masalasidagi oxirgi postimni tugatdim. Xayrlisi bo‘lsin!

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring