Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sardor Ali

Shaxsiyatparastlik — oshkora ojizlikdir.

O‘limidan keyin dorga osilib, boshi olingan ingliz diktatori Oliver Kromvel

O‘limidan keyin dorga osilib, boshi olingan ingliz diktatori Oliver Kromvel

1660 yil, oradan 11 yil o‘tib Angliyada qirol hokimiyati qayta tiklandi. Qirol Charlz II taxtni egallagach, Oliver Kromvel, Jon Bredshou va Genri Ayrtonning jasadlarini sud qilib, dorga osishga buyruq berdi. 1661 yil 30 yanvar kuni Charlz I qatl etilganining 12 yilligi munosabati bilan ayblanuvchilarning jasadlari Londondan Tayberga olib borildi.

Jasadlarni omma oldida dorga osishdi, so‘ng ayblanuvchilarning boshlari tanalaridan judo qilinib, boshlari Vestminster saroyi yaqinidagi 6 metrlik ustunlarga ilib qo‘yildi. Xo‘sh, qirol nega bir necha yil oldin vafot etgan jasadlarni qayta dorga ostirdi? Aslida Oliver Kromvel diktatormi yoki tarixni o‘zgartirgan shaxs? Bugungi maqolamizda, shular haqida so‘z yuritamiz. 

Ingliz inqilobining boshlanishi

Yangi kapitalistik munosabatlarga asoslangan tartibning keng ko‘lamda yoyilishi uchun XVII asr o‘rtalarida yuz bergan inqilobda ingliz burjuaziyasining g‘alabasi katta ahamiyat kasb etdi. 1603 yilda Genri VIIIning qizi, 1553 yilda Angliya taxtiga o‘tirgan Yelizaveta I o‘zidan voris qoldirmasdan vafot etdi. Shundan so‘ng tyudorlar sulolasi o‘rnini Shotlandiyadagi styuartlar sulolasi egalladi.

1585-1604 yillarda bo‘lib o‘tgan Angliya-Ispaniya o‘rtasidagi dengiz urushida «Yengilmas armada»ning mag‘lubiyatidan keyin, Angliya dengizda hukmronlikni qo‘lga kiritdi. Mamlakatda dengiz savdosi kuchaydi. Xususan, Moskva, Marokash, Ost-Indiya va boshqa bir qator savdo kompaniyalari Erondan Shimoliy Amerikagacha, Shveysariyadan Hindiston va Seylongacha bo‘lgan katta hududda juda faol savdo-sotiqni amalga oshirdi. Styuartlar davridagi monopoliya tizimi natijasida tashqi savdoni asosan londonlik boylar egallab oldi. Buning natijasida Londonda juda qudratli savdo oligarxiyasi vujudga keldi.

Qirol Jeyms I (1566-1625) va uning o‘g‘li hamda vorisi Charlz I monarxiyani kuchaytirish, parlament ta’sirini kamaytirish hamda iqtisodiyot ustidan qirol va elita nazoratini kuchaytirish uchun Ispaniya va Fransiyadagiga o‘xshash mutlaq hokimiyat o‘rnatish uchun harakat qildi. 1620 yilga kelib qirol Jeyms I va parlament o‘rtasidagi ziddiyat yanada keskinlashdi. 1625 yilda qirol Jeyms I vafotidan so‘ng taxtga uning o‘g‘li Charlz I o‘tirdi. Qirol Charlz ham otasining yo‘lidan borib, hokimiyatni markazlashtirishga urindi. 1628 yilda bir yo‘la uchta davlat – Fransiya, Ispaniya va Avstriya bilan urush olib borayotgan Angliyada iqtisodiy qiyinchiliklar boshlandi. Bundan parlament unumli foydalanib, qirolni «Huquqlar to‘g‘risidagi bill» yoki «Huquqlar to‘g‘risidagi petitsiya»ni imzolashga majbur qildi. Unga ko‘ra, qirol parlamentning roziligisiz birorta ham soliq joriy qila olmas, sudning ruxsatisiz har qanday qamoqqa olishlar qonunsiz hisoblanar edi. Biroq qirol bu hujjatni buzdi va 1629 yildan keyin qirol parlamentni chaqirishni to‘xtatdi.

Angliyada respublika boshqaruvi

Qirol Charlzning absolyut hokimiyatga intilishi va ekstraktiv institutlarning urchishi mamlakatda norozilikni kuchaytirdi. 1640 yilning boshiga kelib xazina bo‘shab qoldi. Mamlakatda ochlar qo‘zg‘olonlari, Londonda esa ko‘cha tartibsizliklari avj oldi. O‘sha yili uzoq tanaffusdan keyin parlament ilk bor yig‘ildi. Uzoq muddatli parlament bir qancha muhim islohotlarni amalga oshirdi. Xususan, favqulodda sudlar – «Yulduzlar palatasi» bilan «Yuksak komissiya»ni yo‘q qildi, Shimol va Uels ishlari bo‘yicha kengash tarqatildi, monopoliyalar qonundan tashqari deb e’lon qilindi, cherkov sudini ruhoniy bo‘lmagan shaxslarni jazolash huquqidan mahrum etdi, qirollik yashirin kengashining oliy sud vazifasini bajarish huquqini bekor qildi, qamoqda saqlanayotgan puritanlarni ozod qildi, matbuotning amalda mustaqilligi o‘rnatildi. O‘sha vaqtda Oliver Kromvel muxolifatchilar orasida edi.

Ko‘p o‘tmasdan qirol bilan parlament o‘rtasida ajralish yuz berdi. Charlz I parlamentni jazolashga va shaxsiy hukmi bilan muxolifat rahbarlarini qamashga qaror qildi. 1642 yilda qirol va parlament o‘rtasida fuqarolar urushi boshlandi. Shunda qilib, Angliya ikki bir-biriga dushman lagerga: qirol tarafdorlari – «kavalerlar» va parlament tarafdorlari – «yumaloq boshlilar»ga bo‘lindi. Fuqarolar urushi davrida 43 yoshli Kromvel o‘z hayotining yangi sahifasini boshladi. Kromvel o‘z atrofiga ko‘ngillarni jalb qilib, o‘zining otliq armiyasini shakllantirdi.

1645 yil 14 iyun kuni Neyzbi qishlog‘i yaqinida qirol va parlament qo‘shinlari o‘rtasida hal qiluvchi jang bo‘ldi. Shiddatli jangda parlament tarafdorlari g‘alaba qozondi. Qirol va uning qo‘shini qochib ketadi. Parlament g‘alabasida Oliver Kromvelning o‘rni katta bo‘ldi. Parlament tarafdorlari qirolni sud qilib, 1649 yilda qatl etdi. O‘sha yilning mart oyida parlament qarori bilan qirollik hokimiyati «keraksiz, xalq farovonligi uchun zararli va xavfli» deb hisoblandi. 19 may kuni Angliya respublika deb e’lon qilindi. Deklaratsiyada shunday yozilgan edi: «bundan buyon Angliya parlamentdagi xalq vakillari tomonidan boshqariladi». Angliyada bir palatali parlament joriy etilib, a’zolar soni 100 nafar qilib belgilandi. Bu aslida parlament deb atalgan tashkilotning qoldig‘i edi. Sababi, ijro hokimiyati Oliver Kromvel boshchiligidagi harbiy mansabdorlar rahbarlik qilayotgan 41 kishilik Davlat kengashiga topshirilgan edi. Amalda Angliyada «respublika libosidagi» harbiy diktatura o‘rnatildi.

Kromvelning harbiy diktaturasi

Respublika ommaviy ishsizlik va qimmatchilikka qarshi kurashish uchun hech narsa qila olmadi. Mamlakatda parlament o‘z ta’sirini yo‘qotdi. Boy mulkdorlar tartibsizliklarga barham bera oladigan kuchli yakka hokimiyat o‘rnatish kerak, degan xulosaga keldi. Buning uchun faqat birgina shaxs bor edi. U ham bo‘lsa Oliver Kromvel edi.

1650 yil 26 iyunda Oliver Kromvel parlament tomonidan general-kapitan unvoni bilan butun armiyaning bosh qo‘mondoni etib tayinlandi. Buning evaziga u parlamentni tarqatib yubordi. Shundan so‘ng Oliver Kromvel «ozod davlat Angliya, Shotlandiya va Irlandiyaning lord-protektori» bo‘ldi. Iqtidorga kelgan Kromvel birinchi navbatda Irlandiya va Shotlandiyadagi qo‘zg‘olonlarni shafqatsizlarcha bostirdi. 1649 yilda uning qo‘shini Irlandiyaga bostirib kirdi va aholini vahshiylarcha qilichdan o‘tkazdi. 1652 yilda parlament tomonidan qabul qilingan «Irlandiyani tartibga solish to‘g‘risida» gi qonunga ko‘ra, mahalliy mulkdorlar yerlarining katta qismi musodara qilindi va ingliz zobitlari hamda askarlariga taqsimlab berildi.

Kromvel diktaturasining intihosi

Oliver Kromvel qirol saroyiga ko‘chib o‘tdi, u yerda tez-tez qabullar uyushtirar, diniy kiyinib olib, taxtda o‘tirardi. U «Xudo, qirolni o‘zing asra!» degan duoni «Xudo, protektorni o‘zing asra!» duosi bilan almashtirdi. 1655 yilning yozida mamlakat 11 ta okrugga bo‘linib, ularga protektor tomonidan tayinlanadigan general-mayorlar bosh bo‘ldi. Mamlakatda bayramlar va ko‘ngilochar yig‘inlar taqiqlandi. Har qanday xalq yig‘inlari isyon deb baholanib, uning qatnashchilari qamoqqa tashlandi. Qisqa vaqt ichida protektorning moliyaviy ahvoli halokatli darajada yetdi. Davlatning qarzi oshib, juda katta miqdor – 2 million funt sterlingni tashkil qildi. Shaharliklar Kromvelga arzimagan qarzni ham bermay qo‘yishdi. Soliqlar tushumi ham to‘xtab qoldi.

Bu orada Oliver Kromvel 58 yoshga to‘ldi, uning sog‘lig‘i zaiflashdi, yurishidagi dadillik yo‘qoldi. U o‘zini yolg‘iz his qilar, hech kimga ishonmasdi. 1658 yilning yozida Oliver Kromvel bezgak va tif kasalligiga chalinib, 3 sentyabr kuni vafot etdi. U ingliz qirollarining qadimiy maqbarasi – Vestminister abbatligida dafn etildi. Hokimiyat Kromvelning o‘g‘li Richard Kromvel (1626-1712) ga o‘tdi. Richard na aqli va na iqtidori bilan egallagan lavozimiga mos emasdi. Otasining armiyasi uni tan olmadi. Kechagina otasi oldida tiz cho‘kib turgan amaldorlar unga bo‘ysunishni xohlashmadi. Richard bir necha oy davlat boshqaruvida bo‘lib, 1659 yilning may oyida iste’foga chiqdi.

1660 yilda Angliyada monarxiya qayta tiklandi. Taxtga qatl qilingan qirol Charlz Ining o‘g‘li Charlz II o‘tirdi. Qirol Oliver Kromvel, Jon Bredshou va Genri Ayrtonning jasadlarini sud qilib, dorga osishni buyurdi. 1661 yil 30 yanvar kuni Charlz I qatl etilganining 12 yilligi munosabati bilan ayblanuvchilarning jasadlari Londondan Tayberga olib boriladi. Jasadlarni omma oldida dorga osishdi, so‘ng ayblanuvchilarning boshlari tanalaridan judo qilinib, boshlari Vestminster saroyi yaqinidagi 6 metrlik ustunlarga ilib qo‘yildi. Shamollar, yomg‘irlar va Angliyaning o‘ziga xos iqlimi boshlarnini haqiqiy mumiyoga aylantirdi.

Bir safar qattiq bo‘ron paytida Kromvelning boshi nayzadan uchib ketgan  va saroyni qo‘riqlayotgan askarning oyog‘i ostiga kelib tushgan. Bu soldat nimagadir boshni uyiga olib kelgan. Lekin ertalab qilgan ishidan qo‘rqib ketib, boshni kamin trubasiga yashirib qo‘ygan. 1980 yilning martida  Kromvelning boshi u yerdan olingan va po‘lat qutiga solinib universitet cherkoviga yashirincha dafn qilingan. Lekin aniq qayeriga dafn qilingani haligacha noma’lum…

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring