Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

«Ikiz emas, uchiz!» – egizak so‘zi etimologiyasi

«Ikiz emas, uchiz!» – egizak so‘zi etimologiyasi

9-avgust — Xalqaro egizaklar kuni.

Istanbuldagi xiyobonlardan birida o‘rta yoshlardagi ayol uch nafar bolaga mo‘ljallangan maxsus aravachada chamasi 2-3 oylik chaqaloqlarni sayr qildirib yuribdi.

Birozdan keyin u men o‘tirgan o‘rindiq yoniga kelib o‘tiradi. Mening u bilan gaplashgim keldi. «Ikizmi?» deyman (turkchada bir-ikki eshitganman, o‘z so‘zimiz shunday o‘zgartirib aytiladi deb o‘ylayman). Ayolning negadir achchig‘i chiqadi. Ko‘rmayapsanmi deydi. Men hayron qolaman. Chaqaloqlar bir-biriga o‘xshash, kiyimlari ham bir xil (birida pushti va ikkitasida moviy rangda ekanligini aytmasa).

«Abla» (opa) deyman, men yaqinda kelganman, biror o‘rinsiz gapirgan bo‘lsam, uzr. Suhbatdoshim biroz sokinlashadi. «Ikiz deyil, uchiz!» deydi u dona-dona qilib ta’kidlab. Shunda «ikkilik emas, uchlik» deyotganini tushunaman.

«Bizda uchtaligi ham, to‘rttaligi ham egiz, egizak deb aytiladi» degim keldiyu, indamadim. Chaqaloqlar ayolning nabiralari ekan. (Shu kuni nabira — «torun» deb aytilishini ham bildim). «Birdaniga to‘rt bola tug‘ilsa-chi» so‘rayman undan. «To‘rtiz deb aytiladi». Endi u hayratlanardi...

Demak, o‘zimiz Hasan-Husan, Fotima-Zuhralarimiz haqida ishlatadigan «egizak» so‘zi turk tilidan, «ikiz» so‘zidan olingan ekan.  Fors tilidan olingan «-ak»  qo‘shimchasi esa aftidan, keyinroq qo‘shilgan.

Shu joyida yana bir voqea yodga tushdi. O‘tgan yili avgustning so‘nggi haftasi edi. Surxondaryoda, Hayraton ko‘prigidagi chegara-o‘tish postida Afg‘onistonni tark etayotgan oilalar bilan suhbat o‘tkazadigan bo‘ldik.

Bir xonim uch qizini o‘ylab vatanidan chiqib ketishayotganini aytar ekan, 6-10 yoshlar orasidagi qizaloqlarga ishora qildi. Keyin qizchalarning kattaroqlariga qarab «bular dugona» dedi. O‘zimcha fors tilida gaplashayapmanu, tilni mukammal bilmasligimni hamon ilg‘amayapman. Biror qarindoshining qizini ham birga olib ketayotgan bo‘lsa, o‘zining uchunchi qizi qani deb ham o‘ylayman. U yuzimdagi ifodadan nimanidir anglamayotganimni tushundi shekilli: «Zahro menga ketgan, dugonasi esa dadamizga o‘xshaydi». Bo‘yi ham, yuz tuzilishi ham bir-biriga mutlaq o‘xshamagan, biri oqishdan kelgan, boshqasi qoramag‘iz qizaloqlar egizak ekan. Qizig‘i, bizda xotin-qizlar o‘rtasidagi do‘stlik, o‘rtoqlikni anglatadigan «dugona» so‘zi forsiyda egizak so‘zidan olingan ekan. «Du» degani esa ikki deb tarjima qilinadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring