Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

Hokim seyfidagi 1 million dollar

Hokim seyfidagi 1 million dollar

Foto: «Sputnik»

Oxirgi bir necha oy ichida Samarqand tomondan esgan mudhish voqealar shamoli shunchalik kuch oldiki, bu dovulning cheki ko‘rinmasligi insonni qo‘rquv va xavotirga solib qo‘ydi.

Dunyo sayyohlari ko‘rishni istaydigan tarixiy maskan, islom olami bir bor ziyorat qilishni orzu qiladigan zamin nahotki shu darajada jinoyatlar, boshboshdoqliklar, nafs balosi girdobida qoldi?

Ko‘cha supurishga majburlab chiqarilgan o‘qituvchisi o‘ldi, shifokorlari yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni pechkada yoqdi, militsiyasi himoyasiz ayolni xo‘rladi, maktab direktori o‘quvchilarga zo‘ravonlik qildi, kaltakladi... Bu ro‘yxatning davomi uzun. Juda uzun. Va bu jinoyatlar ortida eng kattasi, eng mudhishi shu viloyat hokimining kirdikorlari bo‘ldi.

Emishki, tintuv vaqtida Samarqand viloyat sobiq hokimi Turob Jo‘rayevning kabinetidagi seyfdan 1 million dollar naqd pul borligi aniqlangan. 1 million dollar! Ishxonadagi seyfda. Boshqa seyfdagilari, xorij banklaridagi, ko‘chmas mulkka kiritilgan, qimmatbaho buyumlar va boshqalarga tikilgan sarmoyalarichi? Jami qancha bo‘lishini tasavvur qila olasizmi?

Agar dunyodagi korrupsiyaning eng ayanchlisini ko‘rsating deyishsa, men shu holatni ko‘rsatardim. Yo‘q, buni hokimning o‘z seyfida million yig‘gani uchungina emas, oqibatidan jamiyat qanchalik aziyat chekayotgani sabab aytyapman. Hokimning seyfiga oqib kelgan pullarning irmoqlari yo‘l-yo‘lakay qanchalab haromga ko‘nikkan jig‘ildonlarni to‘ldirmagan, deysiz. O‘nlab, yuzlab sheriklar, bilib turib yoki manfaati uchun ko‘z yumgan atrofidagilar... Quyi tarmoqlargacha singib ketgan ta’magirliklar... Hammasini jamlasa, qancha summa yig‘iladi? Asosiy savol: bu pullar kimniki? Minglab insonlarning peshona teri, ko‘z yoshi mahsuli emasmi? Ishsiz, o‘zga o‘lkalarda tentirab yurgan o‘zbeklar, maoshini zo‘rg‘a u oylikdan bu oylikka yetkazadigan xizmatchilar, ta’limsiz, tarbiyasiz o‘sayotgan avlod ko‘z o‘ngida gavdalanmadimi ularni? Aynan hokim buni o‘ylashi, his etishi kerakmasmidi? Fojea.

Bu pullarga ko‘cha supurishga hasharchini majburlab emas, obodonlashtirish xodimlarini pul to‘lab chiqarsa, Dianasi o‘larmidi? Bu pullarga davlat shifoxonalarida sharoit yaxshilansa, xususiy shifoxona ochgan nafs qullari qo‘lida chaqaloqlar yondirilarmidi? Bu pullarga ta’lim tizimi tartibga solinsa, maktabi direktori bolalarni kaltaklab, xo‘rlarmidi?

Eng achinarlisi, bu yagona yoki oxirgi holat emas. Tap etadiyu, ertaga boshqa bir hududning seyfi to‘la hokimi chiqib keladi. Yoki bir tarmoqning korrupsiya botqog‘iga botgan rahbari haqida eshitamiz. Va bu dovulning ham chek-chegarasi ko‘rinmaydigandek tuyulaveradi. Yana qo‘rquv va xavotir... O‘t balosi, suv balosi va... korrupsiya balosidan asrasin!

Izohlar 3

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring