Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

«Elektron bog‘cha». Yangi tartibning afzallik va muammolari

«Elektron bog‘cha». Yangi tartibning afzallik va muammolari

Foto: «Uza.uz»

Xabaringiz bo‘lsa kerak, joriy yilning 1-aprelidan boshlab bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga rasmiylashtirish, shu jumladan navbatga qo‘yish faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirilib kelinayapti.

Bu nima degani?

Endi avvalgiday mahalla, ishxonadan ma’lumotnoma va boshqa hujjatlarni to‘plab, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari huzuridagi qabul komissiyalari eshigini qoqib yurmaysiz. Borganingiz bilan hujjatlaringizni qabul qilishmaydi ham. Chunki endi ularda bunday vakolat yo‘q. Yoki bog‘cha mudiri bilan «kelishib» ishingizni bitirib keta olmaysiz. Bu usulda farzandingizni qabul qilishsa va bu aniqlansa, mudir kattagina jarimaga tortilishi aniq.

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi 244-qarori bilan Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlangan. Ushbu reglamentga ko‘ra, 1 apreldan boshlab bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalari(MTM)ga rasmiylashtirish, navbatga qo‘yish faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali amalga oshirilmoqda.

Elektron xizmatlar deyilganda ko‘pchilik boshini changallaydi. Hammadayam bu ko‘nikma yo‘q chunki. Lekin endi vaqti keldi. O‘rganishingiz, ko‘nikishingiz shart.

Bundan buyon davlat xizmatlari bosqichma-bosqich elektron ko‘rinishga o‘tkazilib borilaveradi. Interaktiv xizmatlardan foydalanish ko‘nikmasiga ega bo‘lib olsangiz, o‘zingizga yaxshi, kelgusida vaqtdan va ortiqcha xarajatlardan yutasiz. Korrupsiya va byurokratik to‘siqlarga duch kelmaysiz.

Bolalarni bog‘chaga joylashtirish tizimi qanday ishlaydi?

Reglamentga muvofiq barcha tuman maktabgacha ta’lim muassasalari va bolalar bog‘chalari YaIDXPga ulanadi (afsuski, oradan salkam bir oy o‘tayotgan bo‘lsa-da, tizimga to‘liq ulanmagan yoki endi-endi ulanayotgan tuman va shaharlar ham bor). Portalda bolalarni MTMga qabul qilish bo‘yicha jismoniy shaxslarning murojaatlari ko‘rib chiqilishini kuzatib borish tartibi joriy etiladi.

Ota-onalarda yo‘llanmalarni olish uchun anketa topshirishda ikki yo‘l bor:

  • birinchisi ― belgilangan shakldagi anketani to‘ldirgan holda Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilish;
  • ikkinchisi ― Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali (my2.gov.uz) uydan yoki ishxonadan turib, bir zumda yuborish.

Har ikki holatda ham anketa topshiruvchiga elektron raqamli imzo (ERI) kerak bo‘ladi. Chunki arizachi anketani ERI bilan tasdiqlaydi.

E’tibor bering, ERI mavjud bo‘lmasa bu xizmat ko‘rsatilmaydi!

Ya’ni, elektron raqamli imzosi bo‘lmagan ota-onalar bolalarini davlat bog‘chalariga joylashtira olmaydi. Ular shaharda yashashadimi, qishloqdami, farqi yo‘q: albatta elektron raqamli imzoga ega bo‘lishi shart!

Bu holatda fuqarolarga yengillik tug‘dirish maqsadida Davlat xizmatlari markazlari arizachilar tomonidan joyida ERIni olish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni ta’minlashi belgilangan. Biroq shaxsan guvohi bo‘lishimcha, bu hozir anchagina chigalliklarni yuzaga keltirmoqda.

  • Birinchidan, ERIni olish uchun fuqaroning soliq to‘lovchi identifikatsion raqami (STIR) bo‘lishi lozim.
  • Ikkinchidan, ERIni xarid qilish (17224 so‘m) uchun hujjat to‘ldirayotgan ota yoki onaning elektron to‘lov tizimlariga ulangan plastik kartasi hamda mobil telefoni bo‘lishi talab etiladi.

MTMga bolalarini qo‘yishni istagan ko‘pchilik onalarda (bog‘chaga farzandini joylashtirish bilan asosan ular shug‘illanishadi) STIR ham, elektron to‘lov tizimlariga ulangan plastik karta ham bo‘lmasligi mumkin. Chunki ularning orasida uy bekalari va rasman biror yerda ishlamaydiganlari oz emas.

Baribir bog‘chaga yo‘llanma olish kerak-ku. Boshqa yo‘li bo‘lmasa. Xo‘sh, bolani bog‘chaga joylash uchun qanday yo‘l tutish va nimalarga e’tibor berish kerak?

Birinchi qadam

Demak, endi bolalarini davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga joylashtirishni istagan ota-onalar birinchi bo‘lib tuman soliq idoralariga borishlari va o‘zlariga STIR ochtirishlari (agar shu vaqtgacha olinmagan bo‘lsa) zarur. Yuqorida aytilganidek, elektron raqamli imzoni xarid qilishda STIR kerak bo‘ladi.

Ikkinchi qadam

O‘zingizning nomingizga bank plastik kartasi ochtirasiz (agar mavjud bo‘lmasa) va uni elektron to‘lov tizimlaridan biriga ulatasiz.

Uchinchi qadam

Fleshka xarid qilasiz (elektron raqamli imzo kalitini saqlash uchun) va davlat xizmatlari markaziga borasiz. Agar elektron raqamli imzoni to‘lov tizimlari orqali mustaqil xarid qilishni uddalay olsangiz, bunga sizning sanoqli daqiqalaringiz ketadi. To‘lovni amalga oshirgach, fleshka bilan o‘zingiz yashab turgan tuman (shahar) davlat xizmatlari markaziga borasiz va ERI kalitini sizga ko‘chirib berishadi. Bunda telefoningizga ERI kalitining paroli ham kelib tushadi. Bu parol sizga davlat xizmatlaridan elektron foydalanganda elektron ariza va hujjatlarni imzolash uchun kerak bo‘ladi.

Agar elektron raqamli imzoni mustaqil ravishda to‘lov tizimlari orqali xarid qilishni bilmasangiz, davlat xizmatlari markazida sizga ko‘maklashishadi.

Shu o‘rinda mulohaza: Davlat xizmatlari markazlariga farzandini bog‘chaga joylashtirish maqsadida kelgan ota-onalarning ko‘pchiligi aynan ERI xarid qilishda muammoga duch kelishmoqda. Yuqorida biz sanagan tartib ko‘pchilik uchun murakkab jarayon hisoblanadi. Shuning uchun, «Click» tizimidan foydalanishni biladigan ota-onalardan ular to‘lovni amalga oshirib berishlarini, buning evaziga naqd pul berishlarini aytib, iltimos qilishayapti. Nazarimda, davlat xizmatlari markazlarida aynan shu xizmat muqobilini yo‘lga qo‘yishsa, ota-onalarga ancha yengillik bo‘lardi.

Bu yerda yana bir masala bor: fuqarolarning axborot xavfsizligi. Ko‘pchilik ota-onalar ishi tezroq hal bo‘lishi uchun boshqalar orqali (misol uchun, davlat xizmatlari markazi xodimi) ERI kalitlarini xarid qilishayapti, ularga kalit parolini ma’lum qilishmoqda (bu mavzuda mutaxassisdan alohida intervyu uyushtiramiz). Aksariyat ota-onalar ERI kalitidan faqat bog‘chalarga ariza topshirish mumkin deb yanglish o‘ylashlariyam hech gap emas. Shuning uchun ERI kalitini boshqalarga ishonib topshirib qo‘yishlari ham mumkin.

E’tiborsiz bo‘lmang! ERI kaliti ― oddiy narsa emas. Bu sizning elektron imzongiz! U biror buzg‘unchining qo‘liga tushib qolsa, sizning nomingizdan ko‘plab amallarni bajarishi va oqibatda sizga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin. Shuning uchun na ERI kalitini, na uning parolini begonalarga ishonib topshirmang yoki qoldirmang.

To‘rtinchi qadam

Nihoyat ERI kalitiga ega bo‘lganingizdan so‘ng davlat xizmatlari markazi xodimi siz to‘ldirgan anketa ko‘magida yo‘llanmaga buyurtma beradi yoki farzandingizni navbatga qo‘yadi.

Davlat xizmatlari markazi.

Bolalarni bog‘chaga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ― bepul.

Agar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali(my2.gov.uz)dan foydalanishni bilsangiz, markazga borishingizga hojat qolmaydi. 5-10 daqiqada o‘zingiz yo‘llanmaga buyurtma bera olasiz.

Imtiyoz haqida

Bolalarning quyidagi kontingenti anketalari imtiyozli ro‘yxatga kiritiladi:

  • nogironlarning bolalari;
  • uch nafar yoki undan ko‘p bolalari bo‘lgan oilalarning bolalari;
  • harbiy xizmatchilarning va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining bolalari;
  • talabalar va pedagoglarning bolalari;
  • yetim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar;
  • boshqa muassasalardan o‘tkazilgan bolalar;
  • akalari yoki opalari ushbu muassasaning tarbiyalanuvchisi bo‘lgan bolalar.

Arizachilarda ustunlik huquqining mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumot anketada ko‘rsatiladi.

Biroq! Negadir Yagona portalda imtiyozlar keltirilgan ikkinchi bandda «to‘rt nafar yoki undan ko‘p bolalari bo‘lgan oilalarning bolalari» deyilgan. Bu esa yuqorida tilga olingan reglamentga mos kelmaydi.

Keyingi jarayonlar qanday bo‘ladi?

Barcha MTMlar har oyda bo‘sh o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotni tuman xalq ta’limi bo‘limiga yuboradi. Tuman bo‘limlari bo‘sh o‘rinlarning elektron hisobini yuritib, bolalarni qabul qilish bo‘yicha elektron navbatni shakllantiradi va yo‘llanma beradi, ular asosida bog‘chalar bolalarni qabul qiladi.

Bundan tashqari, tuman bo‘limlari o‘z rasmiy saytlarida quyidagilarni ko‘rsatgan holda o‘z tasarrufidagi barcha bog‘chalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni joylashtirib va muntazam yangilab borishlari belgilangan:

  • muassasadagi o‘rinlar soni va bo‘sh o‘rinlarning mavjudligi;
  • anketalarning umumiy ro‘yxati;
  • anketalarning imtiyozli ro‘yxati

(ammo barcha tuman XTBlarining rasmiy sayti bormi-yo‘qmi, noma’lum. Shaxsan o‘zim bu saytlar ro‘yxatini topa olmadim).

Anketalar Davlat xizmatlari markazlarida yoki YaIDXP orqali rasmiylashtirilgandan keyin tegishli tuman XTBga darhol yo‘llanadi. Shundan keyin 1 ish kuni mobaynida arizachilarga yo‘llanma beriladi yoki navbatga kiritilishi rasmiylashtiriladi (shaxsiy sinovga ko‘ra YIDXP orqali anketa yo‘llanganiga ikki kundan oshdi, lekin hali uning qabul qilingani yoki qilinmagani haqida javob kelgani yo‘q).

YIDXPdan skrin.

Albatta, bu tizim yo‘lga qo‘yilganiga hali bir oy ham bo‘lmadi. Uni to‘laqonli ishga tushirish qiyinchiliklarni yuzaga keltirishi tabiiy. Eshitishimizcha, reglament talablarini bajarmagan mas’ullarga katta miqdorda jarimalar belgilangan. Shu sababli xato qilish va jarimaga tortilishdan cho‘chib, o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shayotgan mutaxassislar ham oz emas. Ularning o‘rnini to‘ldirishga va yangi kelganlarni tayyorlashga yana vaqt ketadi.

Statistika

Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar berishicha, o‘tgan haftada (16-20 aprel kunlari) Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha ariza berish xizmati orqali jami 22460 nafar bola maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirilgan (hisobga olingan). Demak, tizim ishlayapti.

Aslida juda zarur va qulay tizim

Prezident Shavkat Mirziyoyev korrupsiya va byurokratiyaga batamom barham berish uchun aholiga xizmat ko‘rsatish sohasida AKTni jadal rivojlantirishni ko‘p bora ta’kidlamoqda. Shu maqsadda «Davlat xizmatlari markazi»ni tashkil etish g‘oyasi o‘rtaga tashlangandi.

Yaqinda bu yo‘nalishda qabul qilingan qaror asosida xizmat ko‘rsatishni elektronlashtirish yanada ko‘payadi. Endi aksariyat davlat xizmatlaridan masofadan turib foydalanish mumkin. Ortiqcha qog‘ozbozlik, idora binosiga borish, navbat kutishlar yo‘qoladi. Eng muhimi, xizmatlarning elektron tizimga o‘tkazilishi ikki omilga jiddiy ta’sir etadi: o‘rtada inson omili (korrupsiya) vaziyatga aralashmaydi hamda vaqt va naqd tejaladi.

Hozir esa, eng asosiysi, ushbu tizim ishiga bog‘liq idoralar — Maktabgacha ta’lim vazirligi, Davlat xizmatlari agentligi, «UZINFOCOM» yagona integratori va boshqalar o‘z vazifalariga mas’uliyat bilan yondashishda davom etishi, birining kamchiligiga ikkinchisi befarq qaramasdan, hamjihat ishlashlari talab etiladi. Shunda muammolar tezroq hal bo‘lib, minglab insonlar ovoragarchilikdan xoli, tizim esa barcha hududlarda haqiqatan qulay va samarali xizmat ko‘rsatadigan bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring