Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Firuz Allayev

Pessimist shamoldan noliydi, optimist uning to‘xtashidan umid qiladi, realist esa shamolga qaramasdan qanot yozib uchadi.

Rus telekanallari o‘rniga ingliz va turk TVlari namoyish etilsa, alohida kanal ochishga hojat qolmaydi

Rus telekanallari o‘rniga ingliz va turk TVlari namoyish etilsa, alohida kanal ochishga hojat qolmaydi

«Mening fikrim» murojaatlar portaliga ingliz tilida efirga uzatiladigan yangi telekanal ochish haqida petitsiya joylashtirilibdi. Murojaat muallifi telekanalni yoshlar ingliz tilini o‘rganishi, ingliz tilini bilishi muhimligi uchun ochish kerak, degan taklifni beribdi.

Yoshlar ingliz tilini o‘rganishi uchun ingliz tilida doimiy efir bo‘lgani yaxshi, albatta. Lekin, bu uchun davlat budjetidan milliardlab pul sarflash va yangi telekanal ochish noto‘g‘ri qaror.

Bizda axborot maydonida rus televideniyesi hukmronlik qiladi. Masalan, 65ta telekanal efirga uzatiladigan kabel, IP TV yoki UzDigital TV operatorlarida o‘zbek tilida 20ta kanal, rus tilida 45ta kanal efirga uzatiladi. Natijada aholining siyosiy ongi rus propagandasi vositasida shakllanyapti, ko‘pchilikning siyosiy qarashlari Rossiya ta’siriga tushib qolyapti. Shu uchun ham til masalasida ham, chet el kanallari, umuman OAV masalasida ham muvozanat o‘rnatilishi juda muhim.

Vaziyatning yechimi bo‘lsa juda oddiy. Yangi kanal ochish o‘rniga Rossiya24 kanalini BBC World News kanaliga, rus tilidagi Euronews ni ingliz tilidagi Euronewsga, Karusel bolalar kanalida Nickelodeon yoki Cartoon Network kanaliga almashtirish yetarli bo‘ladi. Shunda, asosan Rossiya yangiliklariga moslashgan Rossiya 24 o‘rniga fuqarolarimiz neytral va ancha xolis bo‘lgan BBC World News yoki Euronews orqali yangiliklarni eshitishadi. Kimga Rossiya yangiliklari qiziq bo‘lsa, «Perviy» yoki Rossiya 1 orqali kuzatishda davom etishi mumkin.

Shuningdek, kelajakda yanada muvozanat bo‘lishi uchun Turkiyaning biror neytral telekanali ham efirga chiqarilishi mumkin.

Hozirgi kunda ko‘plab kanallarda filmlar ikkita tilda uzatilmoqda, rus va o‘zbek tillari. Har kim o‘ziga mos tilni tanlab oladi. Kelajakda filmlarning bir qismida rus tilini ingliz tiliga almashtirish mumkin. Shuningdek, bu ishlarni yanada rivojlantirib, filmlarning bir qismini ingliz tilida, faqatgina o‘zbek tilidagi subtitrlar bilan davom ettirish mumkin.

Muammoning yechimi davlat budjetida milliardlab pul sarflab yangi ingliz tilida telekanal ochishda emas, undan sifatliroq yechim yuqorida yozganlarim menimcha.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring