Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

«Qo‘g‘irchoq malikasi». Asl kasbi o‘qituvchi bo‘lgan Mohidil o‘zgacha iste’dodi bilan nom qozonmoqda

«Qo‘g‘irchoq malikasi». Asl kasbi o‘qituvchi bo‘lgan Mohidil o‘zgacha iste’dodi bilan nom qozonmoqda

Mohidil Tursunova.

Foto: «Xabar.uz»

Iste’dodli odam har sohada iste’dodli. Ba’zi ijodkorlarni ko‘rganimda shu gap yodimga keladi. Asli buxorolik, ayni paytda Toshkentda yashayotgan Mohidil Tursunovani nafaqat kattalar, hatto yosh qizaloqlar ham taniydi.

Qo‘g‘irchoqlari respublika bo‘ylab o‘z oilalarini, o‘z oyilarini topgan. Asl kasbi o‘qituvchi, farzandlari yosh bo‘lgani bois, uyda qo‘g‘irchoq yasash bilan shug‘ullanadi. Umuman haqiqiy ijodkor bilan suhbatlashib to‘ymaysan, qayta-qayta eshitging, gapirtirging keladi. Yangilik yaratadigan odamlarning suhbatidan bir dunyo yangilik olasan. Bunday odamlarga savol berib javob kutish ham shart emas. Ishini sevgan, hunarini qadrlagan, yangilikka o‘ch inson sizni faqat eshitishga undaydi. 

Ilk qo‘g‘irchoq qog‘ozdan bo‘lgan

Keling, yoshligimda nimaga qiziqqanim haqida aytib beraman —dizayner bo‘lishni xohlaganman. Ota-onamning maslahati va adabiyotga qiziqishim tufayli pedagogika institutiga hujjat topshirib ilk urinishdayoq talaba bo‘lganman. Asl kasbim til va adabiyot o‘qituvchisi.

Bolaligimda dastlab qog‘ozga qo‘g‘irchoqning suratini chizib, qirqib yasaganman. Hozir men yasayotgan qo‘g‘irchoq matolardan tikiladi, bu hunarni hech kim o‘rgatmagan, o‘zim rasmlar, internet orqali o‘rganganman. Qobiliyatim tufayli oson o‘zlashtirganman, deb uylayman. Chunki onajonim qo‘li gul hunarmand ayol bo‘lganlar.

Qo‘g‘irchoq tikishni  xobbi sifatida boshlaganman, tayyor bo‘lgach ijtimoiy tarmoqdagi sahifamga joylaganman, buyurtmalar tusha boshlagan va shu bilan bu qo‘shimcha daromadga aylangan. Dastlab ikki yil davomida deyarli daromad keltirmadi desam ham bo‘ladi, chunki zavq olish uchun har xillarini tikib eksperiment qilib ko‘rardim. Uyimda 10-15ta qo‘g‘irchoq yig‘ilib qolar, ularni arzonga berib yuborar edim. Sekin-sekin qo‘g‘irchoqlarim bir qolipga tushdi va qaysi biriga ehtiyoj ko‘p tushsa shularni tikdim, tikyapman. Shunga ham 6 yil bo‘lib qoldi. Undan oldin bolajonlar uchun o‘yinchoq yostiqchalar tikardim. Kichkina qizim tug‘ilgach o‘z qo‘llarim bilan o‘yinchoq tikib berish orzusi paydo bo‘ldi va ilk qo‘g‘irchog‘imni unga atab tikdim.  Yoshligimda onajonim o‘z qo‘llari bilan qo‘g‘irchoq yasab berardilar va shu xotiramda muhrlangan. Men ham qizimning xotirasida ana shunday qolishini xohladim.

Qaysar qo‘g‘irchoq qaysarligicha qoladi

Qo‘g‘irchoq yasash mayda ish, bunga hammaning ham sabri yetmaydi. Bitta qo‘g‘irchoq yasash uchun 3-4 kun ko‘rinishini o‘ylab yuraman, so‘ng mitti «odamcha» dunyoga keladi, tayyor bo‘lgach uni kiyintiraman. Har bir mayda detallari, aksessuarlari uchun qayta-qayta do‘konga, bozorga yuguraman. Chunki mijozim qo‘g‘irchog‘idan xursand bo‘lishini xohlayman. Qo‘g‘irchoq tikilish jarayonida ham ko‘ylagi, kiyimiga qarab qiyofasi o‘zgarishi mumkin. Har bir qo‘g‘irchoqning xarakteri bor, ya’ni o‘z xarakteri bilan dunyoga keladi. Men uni qayta-qayta o‘zgartirishga harakat qilsam ham shu xarakter kelib chiqaveradi. Bitta qo‘g‘irchoq yasash uchun ba’zida bir kun, ba’zida bir hafta vaqt ketadi. Aynan qaysar qo‘g‘irchoq yaratilayotgan bo‘lsa ko‘p vaqt ketadi. Masalan qo‘g‘irchoqning egasi pozitiv emas, uning ko‘zlarini shunchalik kuldirishga harakat qilmay ko‘zlari «kulmaydi».

Eng yoqimlisi foto hisobot

Qo‘g‘irchoqni yasab bo‘lganimdan so‘ng charchog‘im esimdan chiqadi, zavqlanaman. Birpas dunyo tashvishlarini unutaman. Eng yoqimlisi nima, aytaymi, qo‘g‘irchoqlarim bilan mijozlarning birga suratga tushib fotohisobot jo‘natishi. Ularning o‘xshashini, bir-birini qadrlashini ko‘rib tog‘dek o‘saman, «bolajon» ishonchli qo‘ldaligidan sevinaman. Yana bir gap: men qo‘g‘irchoqni qo‘g‘irchog‘im deb aytmasam qadrsizlayotgandek bo‘lib qolaman.

Nimadan tikasiz...

Ko‘p beriladigan savol «qo‘g‘irchoqlar nimadan tikiladi, matosi qanaqa, qayerdan olasiz, kiyimlarini o‘zingiz tikasizmi?»

Qo‘g‘irchoqlarim maxsus matodan trikotajdan tikiladi, narsalarini «Aliekspress» chet el internet do‘kondan buyurtma orqali olaman, kiyimlarini boshdan-oyoq o‘zim tikaman va to‘qiyman. Hatto qo‘g‘irchoqlarning o‘yinchoqchalarini ham o‘zim tikaman. Dastlab rasmda ko‘rib turganingizdek bosh, oyoq, qo‘l bo‘laklarini tayyorlab olaman. Keyin yig‘aman va eng zavqli onlar mazza qilib kiyintiraman. Ijodkor boshqalarni zavqlantirishni, mukammallikni yaxshi ko‘radi. Agar ilhomim kelmasa qo‘g‘irchoq yasolmayman, o‘sha payti aytaylik shapkachasini to‘qib qo‘yishim, kavushchasinigina tikishim mumkin.

Qo‘g‘irchoqlarim ko‘proq esdalik uchun sovg‘aga mo‘ljallangan. Hech qaysi ijodkor biror asarini boshlaganida sotishni emas, balki, sifatli original, mukammal chiqishini o‘ylaydi. Qo‘g‘irchoqlarim ikki xil— kattalarga va bolalarga mo‘ljallangan. Bolalar uchun chiroyli qilib ko‘zu qosh tikaman. Chunki bola o‘yinchoq orqali dunyoni taniydi. Ularda savol bo‘lmasligi kerak. Kattalarga, sovg‘aga mo‘ljallasam, suvenir sifatida tikib beraman.

Ular mening farzandlarim

Qo‘g‘irchoqlarimni egasiga topshirayotganda hayajonlanaman, yoqdimikan, mendek ularni sevarmikan, ehtiyotlarmikan, degan o‘ylar o‘tadi. Hozirgacha qo‘g‘irchoqlarimning egalari minnatdor bo‘lishgan, keraksizga chiqarishganiga guvoh bo‘lmadim. Agar shunday bo‘lsa... keling bu haqda gaplashmay qo‘ya qolaylik... Qo‘g‘irchoqlarim doim odamlarni xursand qilib, bolajonlarga shodlik ulashib yuraversin.

Ota-bobolarimiz aytgandek, hunarli odam xor bo‘lmaydi, umrim davomida ko‘p bora guvohi bo‘ldim. Har bir o‘g‘il-qiz albatta hunarli bo‘lishi kerak. «Ilm berding o‘g‘ilga — bir odamga berding, ilm berding qizga—butun avlodga berding», deganlaridek hunar  ham shunday deb o‘ylayman. 

Odam sevimli mashg‘uloti bilan o‘ziga va oilasiga katta yordam beradi. Qo‘g‘irchoq tikishdan tashqari rasm chizaman, tikaman, hatto oyoq kiyim ham to‘qiyman. «Handmade», ya’ni qo‘l mehnatining alohidaligi—uning takrorlanmasligi, ba’zida buyurtmachilar biror qo‘g‘irchoqni ko‘rsatib xuddi shunday yasab bering deyishadi, buning iloji yo‘q, eng bo‘lmaganda ranggi bir biriga o‘xshamay qolishi mumkin. Shuning uchun qo‘l mehnati qadrli, sababi u yagona bo‘ladi.

Kosmonavt, styuardessa, hamshira

Bahoroy, vrach kosmetolog, shifokor, kelin-kuyov, tug‘ruqxona shifokori, o‘qituvchi, biznesmen, raqqosa, Garri Potter... Bu qo‘g‘irchoqlarni biror kasb egasiga yoki qahramon timsolida tayyorlab beraman va oilada voyaga yetayotgan qizda biror kasbga muhabbat uyg‘otishida qo‘g‘irchog‘imning hissasi katta. Mijozlar qo‘g‘irchoqni rasmdagidek kiyintirishimni, sochlarini o‘zlarinikidek qilishimni so‘rashadi. Va qo‘limdan kelguncha o‘sha obrazni, qiyofani yarataman. Qo‘g‘irchoq faqat yosh bolalarniki deyishadi, lekin kattalarning qiyofasi yaratilishi o‘sha inson uchun, ya’ni o‘zini jajji qo‘g‘irchoqda ko‘rishi kayfiyatni ko‘taruvchi antistress malham.

Navro‘z uchun maxsus qo‘g‘irchoq

Bahor paytlari, bayramlarimizda milliy qo‘g‘irchoqlarni buyurtma berishadi. Menga juda yoqadi rang-barang matolardan qo‘g‘irchoqni kiyintirish. Ularning sochlarini maydalab o‘zim o‘rib qo‘yaman. Ayniqsa milliy kiyimlarni tikayotganimda har bir elementiga e’tibor beraman. Ba’zida kiyimlar bilan bog‘liq adabiyotlarni titkilashimga to‘g‘ri keladi.

Xorijlik mijozlar-chi?

Chet elga sotib ko‘rmaganman. Bilishimcha qo‘l mehnatini sotishga ko‘maklashadigan xorij saytlari bor ekan, ammo hozircha mijozlarim yetarli, balki kelgusida milliy qo‘g‘irchoqlarimni sotish, boshqalarni qadriyatlarimizdan xabardor qilishga urinib ko‘rishim mumkin. O‘zimizning ko‘rgazmalarda ishtirok etganman, lekin yosh bolam borligi uchun kam qatnashganman. Niyatim kasb-hunarga mo‘ljallangan kurslarni ochib bolalarga turli hunarlarni o‘rgatish. Hozir ba’zi sabablarga ko‘ra, buni amalga oshirolmadim. Kelajakda bu niyatim ham amalga oshadi degan umiddaman.  

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring