Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

«Faridaning ikki ming qo‘shig‘i»ni ko‘rdim, afsus...

«Faridaning ikki ming qo‘shig‘i»ni ko‘rdim, afsus...

«O‘zbekkino»da taniqli rejissyor Yolqin To‘ychiyev rejissyorligida suratga olingan «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmining yopiq taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Bu men uchun mutlaqo kutilmagan film edi. Biror marta reklamasini ko‘rmaganman, «Ilhaq» kabi targ‘ib qilinaverib, «miyaga singib qolmagan». Tarixiy film ekanligi esa, xayolimga ham kelgani yo‘q!

Mashhur adib Chingiz Aytmatovdan, nega asarlaringiz qahramonlari ovloq joylarda, odamlar kam hududlarda yashaydi, deb so‘rashganida, bunday joylarda inson ko‘p o‘ylaydi-da, deb javob bergan ekan. «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» ham xuddi shunday. Qahramonlar ko‘p emas, syujet ham o‘tkir emas. Film deyarli jimjitlikda kechadi. Va, ehtimol, aynan shu qirralari bilan ham u tomosha qilishga munosib! Shaxsan men uchun «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» – chinakam san’at asari! Uni qayta-qayta ko‘rishni niyat qildim.

Dodhohning to‘rt xotini bor. Ular turli yoshda. Biroq filmni kundoshlar haqida deb bo‘lmaydi. Bunday deyish juda tor tushuncha bo‘lib qolardi. Filmda taqdirlar berilgan, biroq mutlaqo boshqacha yo‘sinda yondashilgan.

Qahramonlarning hayoti, o‘y-xayollari, ayniqsa Faridaning iztiroblari... qandaydir boshqacha. Filmda sevgi ham, xiyonat ham bor. Siyosiy tuzum, ijtimoiy borliq ham aks etgan unda.

Xotimani qarang: suyukli xotini dodhohni o‘ldiradi. Ammo yuqorida aytganimizdek, u baribir iztirob chekishda davom etadi. Bu ko‘zlarida aks etadi. Ehtimol, bu bir umrlik pushaymonlik, g‘am-anduh bo‘lar. Shunday jo‘n xulosa chiqarasiz: jallod jallodni o‘ldirdi!

Mashhur rejissyor Ali Hamroyev aytganidek, Yolqin To‘ychiyev besh yil mobaynida yangi film ishladi. Montajning o‘ziga yetti oy vaqt ketgan. Filmdagi dodhoh roliga uzoq yillardan buyon AQShda istiqomat qilib kelayotgan professional aktyor Bahrom Matchonov munosib ko‘rilgan. Aktrisalar Ilmira Rahimjonova, Yulduz Rajabova va yosh aktrisalar ham suratga tushgan.

Ijroga gap yo‘q, agar mohirona o‘ynay olishmaganida bu rejissyor hech qachon ularni suratga olmagan bo‘lardi. Yana shuni alohida uqtirish joizki, xususiy kinostudiyalarning bunday film ishlashini tasavvur ham qilish mumkin emas. Ular aksar hollarda «konfet» izlash bilan band. Aslida kinoni professionallar ishlashi kerak, shart ekan!

«Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» rosa tomoshabinbop bo‘lishiga ko‘zim yetmaydi. Eng afsus chekadigan tomonim shunda! U – klassik film. Klassikani esa, o‘zingiz bilasiz, uncha-buncha odam qabul qilavermaydi.

Yolqin To‘ychiyevni navbatdagi durdona filmi bilan tabriklaymiz!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring