Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

O‘zbek tibbiyoti: Muz joyidan ko‘chgan, ammo...

O‘zbek tibbiyoti: Muz joyidan ko‘chgan, ammo...

Har qanday jamiyat farovonligining jiddiy indikatorlaridan biri aholi salomatligi va tibbiyot rivoji hisoblanadi. O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi muntazam izlanishda, ammo hamon depsinib turgan bolaga o‘xshaydi. Yillar, o‘n yillar o‘tmoqda. Nimanidir jiddiy o‘zgartirish vaqti allaqachon kelgan.

Darhol ta’kidlaymiz: bu maqolada keltirilgan muammolar u yoki bu shaklda har qanday davlatda uchrashi mumkin. Ya’ni mukammal tibbiyotga erishgan mamlakatning o‘zi yo‘q. Shu bilan birga, yurtimiz sog‘liqni saqlash tizimi qator jiddiy masalalarga takror va takror duch kelmoqdaki, ularning yechimisiz nafaqat rivojlanish bo‘lmaydi, balki ortga qaytish ham kuzatiladi.

Vazirlikdagi qo‘nimsizlik

Amaldagi vazir so‘nggi 2,5 yildagi to‘rtinchisi. 2020 yil noyabrda Alisher Shodmonov o‘rniga qattiqqo‘l rahbar deya ta’riflanib, Abduhakim Hojiboyev tayinlandi. Keyin uning o‘rniga o‘zi shifokor bo‘lmagan, lekin yaxshi boshqaruvchi sifatida atalgan Behzod Musayev iqtidorga keldi. 2022 yil oxirida, hukumatdagi ko‘p sonli o‘zgarishlar jarayonida Musayev yangi ishga o‘tkazildi va uning o‘rniga yosh va umidli deb baholangan Amrillo Inoyatov vazir etib tayinlandi.

Sohaning birinchi raqamli rahbari nisbatan yosharib borayotgani quvonarli hol, albatta. Ammo bilamizki, har bir vazir almashinuvi tizimda bir silkinishdan darakdir. Ayniqsa, umumiy qoidalardan ham ko‘ra shaxs talablariga jiddiyroq e’tibor beriladigan bo‘lsa. Tabiiyki har bir vazir o‘zining ish uslubini yo‘lga qo‘yadi, qo‘l ostidagi rahbarlarni almashtiradi, javobgarliklar yuklash bilan birga ma’lum mas’uliyatni oladi, rejalar tuzadi, va’dalar beradi. Almashinuvlar tezlashishi natijasida barqarorlikka putur yetadi, yetakchilar uzoq muddatli rejalar tuzishmaydi, islohotlar davomli bo‘lishiga ishonch so‘nadi.

Korrupsiya

Azaliy balo tibbiyotga nihoyatda chirmashib ketgan. Vaziyat shu darajadaki, u oddiy hol sifatida qaralishgacha bordi. Shifokorlar va bemorlar o‘rtasida jarlik solayotgan muammolarning eng jiddiysi bu. Holbuki, o‘zaro ishonch bo‘lmasa, davolash juda qiyin. Shifokor o‘z puliga o‘n yillab o‘qigani, har kuni og‘ir bemorlar dardini eshitib o‘tirgani, eng muhimi – davolagani uchun pora/haq/nazr-niyoz olishga o‘zini ma’nan haqli hisoblaydi. Bemor esa davlat bepul deya ta’riflaydigan tibbiyotga cho‘ntagidan pul to‘layotgani uchun shifokorning go‘riga g‘isht qalaydi. Har ikki tomon ham o‘zicha shunchalar ko‘p va kuchli argumentlar keltiradiki, bu azaliy bahsning adog‘i yo‘qligiga ishonib qolasiz.

Ammo bunday holat abadiy davom etishi mumkin emas. Vrachlar tamagirlikdan voz kechishi, bemorlar tibbiy xizmatdan foydalanish uchun kimdir pul to‘lashi kerakligini tushunib yetishlari kerak.

Tibbiy sug‘urta bu masalada yechim bo‘lishi kutilayotgandi. Biroq u ham o‘z o‘rnini topa olmayapti. Yangi ish boshlagan vazir ham muammo ko‘lamini his qilib, ochiq tan oldi.

Total bilimsizlik

O‘tgan yigirma, balki o‘ttiz yillikda o‘ziga xos yo‘qotilgan avlod paydo bo‘ldi. Tirikchilik tashvishidan ortmay qolgan odamlar juda ko‘p narsalarni, jumladan, kitobni ham begona qilishdi. Buning asorati o‘laroq nisbatan to‘kin kunlarga yetilganda ham ilmsizlik avj olaverdi. Hozir tibbiyotning barcha bo‘g‘inlaridagilar, talabalardan tortib professorlargacha ommaviy bilimsizlik urchiganini tan olishadi.

Bo‘lajak shifokorlarning ko‘pchiligida izlanish, amaliyotga intilish, tadqiqot yo‘q. Aksariyati diplom ilinjida o‘qiydi va go‘yoki real hayotda, bevosita bemorlarga duch kelganlarida hammasini o‘rganib oladiganday tutishadi. Afsuski, korrupsiya tibbiy ta’lim jarayoniga ham chuqur kirib borgan, sessiyalar kimlar uchundir daromad manbaiga aylangan va talabalar ham baho uchun o‘qishga odatlanishgan.

Superkontrakt tizimi esa bir jihatdan korrupsiyani qisqartirdi, to‘lovni shaffof qilib, davlatga kelishini ta’minladi. Ammo shu bilan birga, bilimsiz yoshlarga yo‘l ochdi. Yaxshiki, yangi vazir Inoyatov mardlik qildi – tibbiyotda bu tizimga chek qo‘yishini ta’kidladi.

Xorijga yo‘l

Davlat, tibbiyot institutlari o‘z bitiruvchilarini shunday tasavvur qilishadi: umumiy amaliyotdan tashqari ma’lum yo‘nalishni chuqur o‘rgangan, ma’lum ko‘nikmalarga ega bo‘lgan, kamida bitta til, odatda ingliz tilini biladigan va zamonaviy tibbiy uskunalardan faol foydalana oladigan...

Biroq ming afsuski bunday ideal bitiruvchi uchun ideal ish o‘rni taklif qilinmaydi. Ya’ni salohiyatli mutaxassisga kam maosh va buning ortidan tamagirlik to‘riga o‘ralish, mavhum kelajak hamda shaxsiy o‘sishdan to‘xtab qolish xavf soladi. Shu bois yosh, intiluvchan kadrlarning aksariyati xorijga yo‘l olish payida bo‘ladi va ularni ham buning uchun ayblab bo‘lmaydi. Chunki balandparvoz gaplarga qorin to‘ymaydi, aql ishlatilmasa, malakang oshib bormasa, ortga ketasan. Qolaversa, xorijdagi yetakchi klinikalardagi imkoniyat har qanday mutaxassisni o‘ziga rom qiladi.

Behzod Musayev bosh vazir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan paytlari xorijdagi shifokorlarni O‘zbekistonga chorlagan, ularga ishlab turgan joylaridan kam bo‘lmagan maosh taklif qilinishini bildirgandi. Afsuski, bu reja amalga oshmadi. Besh-o‘n mutaxassisning qaytgani misol bo‘la olmaydi.

Dori vositalariga qaramlik

Tibbiyoti o‘zbekistonchalik dori lobbisiga bo‘ysunib qolgan davlat boshqa bo‘lmasa kerak. Shifokorlarning varaq-varaq dori yozishi, dorixonachilarning jaraq-jaraq pul sanashi shu qadar oddiy holga aylandiki, bemorlar vrach dori buyurmasa yoki bitta yozsa e’tiroz bildiradigan darajaga yetdik.

Vrach tavsiyasi-ku mayli, har qanday dorixonachi, har bir ota-onaning o‘zi bolalarga, hatto go‘daklarga dori belgilaydigan bo‘lib ketdi. Bu holatni xorijdagilar tasavvur qila olishmaydi. Natija ham ko‘p kuttirmadi. “Dok-1 Maks” siropi bilan bog‘liq holat, 20 dan ortiq bolaning azobli o‘limi ko‘zlarni ochgandi. Ammo ochilgan ko‘zlar birorta dorixonani yopishga yetmadi.

Aholining loqaydligi

Davlatni tanqid qilish, tizimni yomonlash mumkin. Biroq aholining o‘zi ham sog‘lom turmush tarziga mutlaqo befarq. Yevropa davlatlarida ko‘chada qayerga qaramang sog‘liq uchun yugurib yurgan, velosiped minayotgan odamga duch kelasiz. Bizning shaharlarimizda kimdir yugursa, hamma ajablanib qaraydi.

Sog‘lom turmush tarzi, sport, to‘g‘ri ovqatlanish degan tushunchalarni shu qadar begona tutamizki, bular go‘yoki shifokorlarning injiqliklaridek. Harakatsizlik, ortiqcha vazn nafaqat yoshi kattalarga, balki yoshlarga ham oddiy holga aylanmoqda. Xalqimiz agar inson o‘zi sog‘ligini asramasa, tibbiyot ham ojiz bo‘lib qolishi mumkinligini anglab yetmayapti.

Yangilikdan qo‘rqish

Rivojlangan davlatdagi klinikalar inson boshini ko‘chirib o‘tkazishni rejalashtirmoqdalar. Ya’ni boshqa bir tanada o‘zga bir ongli inson paydo bo‘lishi ustida harakat ketyapti. Jigar, yurak ko‘chirish kabi operatsiyalar tibbiyotning yarim asr naridagi yutuqlari, bular bilan hech kim maqtanmay qo‘ygan.

Ammo O‘zbekistondan Hindistonga haftasiga kamida ikki marta uchayotgan samolyot bemorlar bilan to‘la, aksariyati jigar ko‘chirish ilinjida. Ma’lumotlarga ko‘ra, respublikada 5 ming nafar bemor jigar sirrozidan azob cheksa, ularning 500 nafari, ya’ni 10 foizi jigar transplantatsiyasi amaliyotiga muhtoj. Bizda ham bu borada dastlabki qadamlar qo‘yilgandi. 2022 yilga qadar mamlakatda jami 10 ta jigar transplantatsiyasi amalga oshirilgan. Afsuski, shundan keyin bu jarayon to‘xtab qoldi. Samarqandda o‘tkazilgan operatsiya esa bemorning ham, donorning ham o‘limi bilan yakunlandi.

Bu, o‘z navbatida, shundoq ham jur’atsiz jarrohlarimizni yanada cheklab qo‘ydi va ular yana an’anaviy, samarasi aniq operatsiyalarni ma’qul ko‘ra boshladilar. Lekin qachongacha 36 mln aholiga ega davlat tibbiyoti bu sohada bir joyda qotib turadi?

Sharoit va ta’minot degradatsiyasi

Ayrim shifoxonalarga ishingiz tushsa u yerdagi sharoit, bemorlar uchun ajratilgan tibbiy ta’minot abgorligidan tushkunlikka tushasiz. Albatta, buning uchun shifokorlar yoki tizimni ayblab bo‘lmaydi. Bu to‘laligicha davlat, xususan mahalliy hokimiyatlar kamchiligi.

Vaziyat o‘nlab yillar davomida shu qadar izdan chiqqanki, so‘nggi vaqtda ajratilgan katta mablag‘lar bilan ham bu borada jiddiy o‘zgarish qilish imkoni bo‘lmayapti. Nafaqat viloyat va tumanlar, balki poytaxtning o‘zidagi aksar poliklinika va klinikalarda hanuzgacha ittifoq davridan qolgan muhit bilan ishlab kelinyapti. Davlat yetkaza olmaganini har qancha tanqid qilish mumkin. Biroq shu bilan birga shifoxonalarga homiylik an’anasi shakllanmagan. Bilamizki, biz maqtaydigan xorijiy davlatlarda qator klinikalarga badavlat insonlar tomonidan katta xayriyalar qilinadi. Biz esa bu jihatimiz bilan ham maqtana olmaymiz.

O‘zbekiston tibbiyotining muammolari tan olinib, ma’lum yutuqlarga ham erishildi. Ya’ni muz joyidan ko‘chdi. Xususan, tez tibbiy yordam tizimi to‘laligicha isloh qilindi. Olis hududlardagi xodimlar tanqisligi yechimi sifatida o‘sha yerlarga borib ishlaydiganlarga salmoqli ustamalar belgilandi. Qator yangi shifoxonalar ishga tushirildi, bemorlarga ta’minot, shifokorlarga maosh oshirildi. Albatta, “Maosh oshirildi” degan joyini tibbiyot xodimlari istehzo bilan o‘qigan bo‘lsalar kerak. Ammo hammasi nisbiylikda o‘lchanadi: ya’ni 5-6 yil oldin oyligingizga necha kg go‘sht olardingiz, bugun qancha olyapsiz?

Bundan tashqari, koronavirus pandemiyasi davrida davlat ham, tizim ham pulni va o‘zni ayamadi. Ko‘plab shifokorlar bu kurashda jon fido qilishdi. Lekin yutuqlar o‘zimizniki, muammolarni ochiq tahlil qilib, ularga qarshi kurashmas ekanmiz, bu muhim sohada o‘zgarishlar kuta olmaymiz.

Abror Zohidov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring