Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Endi 100 mln so‘mgacha bo‘lgan zargarlik buyumlarini deklaratsiya to‘ldirmasdan O‘zbekistondan olib chiqish mumkin

Endi 100 mln so‘mgacha bo‘lgan zargarlik buyumlarini deklaratsiya to‘ldirmasdan O‘zbekistondan olib chiqish mumkin

O‘zbekistonda jismoniy shaxslar qiymati 100 million so‘mgacha (Markaziy bankning ayni paytdagi kursi bo‘yicha qariyb 8,2 ming AQSh dollarigacha) bo‘lgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan mamlakat bojxona hududidan olib chiqishga ruxsat berildi. Bu haqda Adliya vazirligi O‘zbekiston prezidentining 31 oktyabrdagi farmoniga tayangan holda xabar qildi.

Bungacha qiymati 5 ming dollardan ortiq bo‘lgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirgan holda O‘zbekistondan tashqariga olib chiqishga ruxsat berilgan.

Yangi farmonga ko‘ra, qiymati 100 million so‘m va undan ortiq bo‘lgan zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqishi mumkin.

Shuningdek, hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizomga kiritilgan ko‘shimchaga ko‘ra, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirgan holda ma’lumotlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritmasdan O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga tijorat maqsadlarida olib chiqishga ruxsat beriladi.

Avvaloq prezident rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda tayyor zargarlik buyumlarini chet elga olib chiqishga oid tartiblarning murakkabligi aholi va tadbirkorlarga noqulaylik tug‘dirayotgani, buni hal etish uchun zargarlik mahsulotlarini erkin bozorga olib chiqishdagi to‘siqlarni olib tashlash, yakka tartibda zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga o‘z mahsulotlarini sotish huquqini berish, jismoniy shaxslar tomonidan zargarlik buyumlarini chet elga olib chiqish tartibi soddalashtirilishi lozimligi ta’kidlangandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring