Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Robaxon Mahmudova: doktoranturaga ilmiy maqola yozish bo‘yicha kurslarni kiritish kerak

Robaxon Mahmudova: doktoranturaga ilmiy maqola yozish bo‘yicha kurslarni kiritish kerak

O‘zbekiston Prezidentligiga “Adolat” SDPdan nomzod Robaxon Maxmudova namanganlik saylovchilar bilan uchrashuvda saylovoldi dasturida ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishga doir tashabbuslar ham ilgari murilayotganini ta’kidladi.

– Biz ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish orqali fan – ta’lim – ishlab chiqarish tizimlarining uzviy aloqadorligini ta’minlaymiz.

Adolatli jamiyat va huquqiy davlat barpo etishda ta’lim, ilm-fan va innovatsiyaning ahamiyatini oshirish choralarini ko‘ramiz. Biz nafaqat olimlarni, balki ixtiro va ixtirochilarni ham qo‘llab-quvvatlaymiz, rag‘batlantiramiz va ularga zarur shart-sharoitlar yaratamiz, – deydi Robaxon Mahmudova.

Nomzod, shuningdek, intellektual mulk ob’yektlarini himoya qilish, mualliflik huquqlari buzilishi holatlariga nisbatan davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, iqtisodiyotning haqiqiy lokomotivi bo‘lgan injener, texnolog, agronom-mexanizator kabi mutaxassislarning sonini ko‘paytirish va malakasini oshirish hamda qayta tayyorlash choralari ko‘rilishini ta’kidladi.

Prezidentlikka nomzod o‘z saylovoldi dasturidan ilmiy tadqiqotlar va ulardan olingan ijobiy xulosalarni hayotga tatbiq qilishga ham urg‘u bergan.

Jumladan, uchrashuvda ilm-fan sohasida yuqori malakali ilmiy kadrlar tayyorlash uchun doktoranturani isloh qilish, doktoranturada ilmiy tadqiqot metodlari, ilmiy maqola yozish bo‘yicha kurslarni kiritish hamda dissertatsiya himoya qilishda nufuzli ilmiy bazalarda ilmiy tadqiqotlar natijalarini chop etish talabini joriy qilish masalasi ham o‘rin olganligi aytib o‘tildi.

– Mamlakatimizda ilmiy tadqiqotlardan olingan ijobiy natijalarni tibbiyot va sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi va biotexnologiyalar, gidrologiya va suv muammolari, energetika, muqobil energiya manbalari va resurs tejamkor texnologiyalar, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi kabi sohalarga joriy qilish ishlarini izchillik bilan olib borish orqali davlatning iqtisodiy qudratini yanada mustahkamlaymiz, – deya ta’kidlaydi Robaxon Mahmudova.

Partiyadan ko‘rsatilgan nomzod, shuningdek, kam ta’minlangan oilalarning farzandlarini davlat granti asosida OTMda o‘qitishni taklif qilyapti.  

– Jamiyatdagi ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar, har bir insonga oliy ma’lumot olish imkoniyatini kengaytirish lozim deb hisoblaymiz.

Shu bilan birga, markazdan uzoq qishloqlarda yashab, a’lo baholar bilan o‘qigan, ota-ona qaramog‘isiz qolgan, kam ta’minlangan iqtidorli yoshlarning davlat hisobidan oliy ta’lim olishini kafolatlaymiz, – deydi u.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring