Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi hajmi qariyb 45 mlrd dollarga yetgan

O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi hajmi qariyb 45 mlrd dollarga yetgan

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2023-yil to‘qqiz oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqdi.

Qayd etilishicha, o‘tgan to‘qqiz oyda mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmi 5,8 foizga, xizmatlar sohasi 6,5 foizga, sanoat 5,7 foizga, qurilish ishlari 5,6 foizga va qishloq xo‘jaligi 4,1 foizga o‘sgan. Aholi jon boshiga umumiy daromadlar esa 14,3 foizga oshib, 14,4 mln so‘mni tashkil etgan. Tashqi savdo aylanmasi 44,7 mlrd dollarni tashkil etib, 2022-yilning mos davriga nisbatan 22,1 foizga o‘sgan.

Hisobot davrida O‘zbekistonda soliq ma’murchiligini takomillashtirish va soliq to‘lovchilarga qulayliklar yaratish evaziga legal faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub’yektlari soni ortib borgan. Natijada, Davlat budjeti daromadlari hajmi 162,9 trln so‘mni tashkil etib, 2022-yilning mos davriga nisbatan 16,6 trln so‘mga oshirib bajarilgan. Mahalliy budjetlar daromadlar prognozi oshirib bajarilgan qismi hisobidan 2023-yilning to‘qqiz oyida hududlar ixtiyorida jami 3 trln so‘m mablag‘lar qoldirilgan.

Majlisda qayd etilishicha, Davlat budjeti xarajatlarining 98,5 trln so‘mi yoki 49 foizi ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun sarflangan. Bunda ijtimoiy xarajatlarning 88,5 foizi ijtimoiy sohani rivojlantirish va aholini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash xarajatlariga to‘g‘ri keladi.

O‘z navbatida deputatlar ayrim sohalar uchun ajratilgan mablag‘larning kam o‘zlashtirilganligini jiddiy tanqid ostiga olib, tegishli vazirliklarga ushbu holatlarni chuqur tahlil qilib, ochiq va ta’sirchan choralar ko‘rish, mablag‘larni qisqa muddatlarda o‘zlashtirish bo‘yicha takliflar kiritish so‘raldi.

Majlis yakunida Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2023-yil to‘qqiz oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining tegishli qarori qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring