Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda 60 mingdan ziyod volontyor borligi haqida bilarmidingiz?

O‘zbekistonda 60 mingdan ziyod volontyor borligi haqida bilarmidingiz?

Jamiyatda turli kutilmagan masalalar ro‘y berishi tabiiy hol. Biroq afsuski, davlat har bir holatga individual yondosha olmasligi mumkin. Shu bois volontyorlar shu kabi holatlarda davlat uchun yaqin ko‘makchiga aylana oladi. Buning uchun volontyorlar uchun tegishli sharoit yaratish, ta’bir joiz bo‘lsa, boshini biriktirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu qanday amalga oshiriladi?

Har qanday harakat va tashabbuslarni rivojlantirish uchun uning qonuniy asoslari yaratilishi kerak. Shu bois 2019-yil 2-dekabrda «Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingan edi. 2023-yil 18-avgustda ushbu qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, sohadagi vakolatli davlat organi etib — Yoshlar ishlari agentligi belgilandi.

Agentlik quyidagi vazifalarni o‘z gardaniga olgan:

  • sohada davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
  • normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
  • qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritadi.

Ushbu vakolatlar volontyorlikni rivojlantirish, imkoniyatlarni kengaytirish, volontyorlarni rag‘batlantirish, turli masalalar bo‘yicha loyihalar ishlab chiqib, amalga oshirishga xizmat qiladi.

Yoshlar markazlarida tashkil etilgan «Volontyorlar maktabi»da 10,2 ming nafar yosh volontyor o‘qitildi. Ushbu volontyorlar tomonidan 50 mingdan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan va kam ta’minlangan hamda yolg‘iz qariyalari mavjud oilalarga ijtimoiy loyihalar orqali ko‘maklashildi.

2020-yilda O‘zbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi tashkil qilingan. Hozirda jami 61 ming nafar yoshni qamrab olgan 99 ta doimiy faoliyat yuritadigan volontyorlik guruhlari faoliyat ko‘rsatyapti.

Volontyorlik — fransuzcha volontaire so‘zidan olingan bo‘lib, «ko‘ngilli», «o‘z xohishiga ko‘ra ish qiluvchi», degan ma’noni anglatadi. Soddaroq aytganda, har qanday masala bo‘yicha beminnat xizmat qiladigan, atrofdagi insonlarga, jamiyatga astoydil va hech qanday moddiy manfaatlarsiz yordam beruvchilar — volontyor deb ataladi.

Masalan, koronavirus pandemiyasi davrida, ayniqsa, volontyorlar yaqqol ko‘zga tashlandi. Ular dori-darmonlar va xayriya mablag‘larini yetkazishda faol mehnat qildilar. Eng qiyin paytlarda ular xalq xizmatiga shay turdi, volontyorlar guruhlari paydo bo‘lib, «Xavfsiz yordam», «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati, «Sardoba sari saxovat karvoni» kabi xayriya aksiyalarida faol ishtirok etishdi. Bu esa O‘zbekistonda volontyorlik harakati o‘zining muhim bosqichiga ko‘tarilganini ko‘rsatdi.

Xususan:

  • 870 nafar volontyorlar «Call-markaz»larda aholi murojaatlarini qabul qilishga;
  • 7 500 nafardan ortiq yoshlar xayriya mahsulotlarini qabul qilib olish va murojaat sonidan kelib chiqib qadoqlashga;
  • 2 200 nafardan ortiq yoshlar 500 ga yaqin biriktirilgan avtomashinalarda mahsulotlar to‘plamini markazlarga murojaat qilgan xonadonlarga yetkazib berishga ko‘maklashdi.

Bundan tashqari, Buxoro viloyati Olot va Qorako‘l tumanlarida yuz bergan tabiiy ofat, Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori toshqinidan talafot ko‘rgan aholiga ko‘mak ko‘rsatishda ham 1 000 nafarga yaqin volontyorlar faol ishtirok etdi.

Prezident tomonidan ularning ezgu harakatlari yuqori baholanib, 400 nafarga yaqin volontyorlar «Mehr-saxovat» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring