Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

2024-yilda iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi

2024-yilda iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi

Prezident bugungi videoselektor yig‘ilishida 2024-yilda iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha turgan ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilda yalpi ichki mahsulotni kamida 6 foizga ko‘paytirib, 100 milliard dollarga yetkazish reja qilingan.

Lekin, o‘tgan yili sanoat 6 foiz o‘sgani bilan, ishlab chiqarishda qo‘shilgan qiymat 40 foizdan oshmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

«Bu raqamlar bizni qoniqtirmaydi. Bular asosan importga qaramlik va energiya iste’moli yuqoriligi hamda ortiqcha xarajatlar ko‘pligi sababli bo‘lmoqda», – dedi davlat rahbari.

Yirik sanoat tarmoqlariga soliq yuki kamaytirilgan bo‘lsa-da, ko‘p tarmoqlar davlatga tushumni ta’minlash o‘rniga xarajatini oshirayotgani qayd etildi. Jumladan, 10 ta yirik korxonada xarajatlar daromaddan tezroq o‘sgani kuzatilgan.

«Bu yil iqtisodiy kompleks rahbarlari va barcha davlat korxonalari uchun tannarxni qisqartirish va samaradorlik yili bo‘ladi.

Bundan buyon, sanoatda qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari birinchi galda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan va bozori bor mahsulotlar uchun beriladi», – dedi Prezident.

Mas’ullarga 2024-yilda qo‘shilgan qiymatni 45 foizdan oshirish, tannarxni 15 foizga kamaytirish, umuman, sanoatda 7 foiz o‘sishni ta’minlash bo‘yicha korxonabay chora-tadbir tasdiqlab, amalga oshirish topshirildi.

Shuningdek, yirik tarmoqlarda tannarxni 20 trillion so‘mga, debitor qarzdorlikni 8 trillion so‘mga kamaytirish zarurligi aytildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, Strategik islohotlar agentligiga har oyda kamida 2 tadan tarmoqni tahlil qilib, qanday qilib tannarxni kamaytirish, qo‘shilgan qiymat va mehnat unumdorligini oshirish hamda yangi imkoniyatlarni ishga solish mumkinligini ko‘rsatib berish vazifasi qo‘yildi.

Umuman, joriy yilda iqtisodiyotda samaradorlikni oshirish hisobiga yalpi ichki mahsulotning kamida 6 foiz o‘sishini ta’minlash iqtisodiy kompleks rahbariyatining asosiy vazifasi etib belgilandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring