Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda «ixtisoslashgan tutingan oila» tizimi joriy etiladi

O‘zbekistonda «ixtisoslashgan tutingan oila» tizimi joriy etiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda ota-ona mehriga muhtoj bolalarga g‘amxo‘rlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Bugungi kunda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni e’tibordan chetda qoldirmaslik uchun keng ko‘lamli ishlar olib borlmoqda. Shunga qaramay, quyi bo‘g‘indagi e’tiborsizlik oqibatida joylarda qarovsiz qolib ketgan bolalar aniqlanayotgani qayd etildi. Hozirda ularga vasiylik belgilanmoqda.

Shuningdek, ota-onasi migratsiyada bo‘lgan, noqulay ijtimoiy muhitdagi oilalarda tarbiyalanayotgan, ruhiy-jismoniy rivojlanishida xususiyatlari bor bolalarga yordam tizimini takomillashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bundan buyon joylarda vasiylik, homiylik, patronatga olingan hamda oilaviy bolalar uylaridagi bolalar bilan mahalladagi ijtimoiy xodimlar shug‘ullanishi belgilandi.

Ular ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxslar bola oldidagi majburiyatini qay darajada bajarayotganini monitoring qilib, baholab boradi.

Buning uchun hokimliklar huzuridagi Vasiylik va homiylik komissiyalari tugatilib, ularning vakolati «Inson» markazlariga o‘tkaziladi.

Sog‘lig‘i, hayoti xavf ostida bo‘lgan, yetim va nazoratsiz qolgan bolalarni qaramog‘iga olish bo‘yicha «ixtisoslashgan tutingan oila» tizimi joriy etiladi.

Tutingan oila maxsus sertifikatga ega 30 yoshga to‘lgan odamlar tomonidan tashkil etilib, unga 3-5 nafargacha bolalar qabul qilinadi.

Ixtisoslashgan 160 ta ta’lim muassasasida bosqichma-bosqich «g‘amxo‘rlik» guruhlari tashkil qilinadi. Ya’ni, og‘ir kasalligi bor bolalarga shu guruhlarda qarash orqali, ota-onalariga ishlashi uchun sharoit yaratib beriladi.

Ota-onasidan ayrilgan yoshlarni hayotda o‘z o‘rnini topib ketishi uchun ko‘maklashish tizimi ham o‘zgaradi. Endilikda «Yoshlarga hamrohlik» dasturi asosida bunday yoshlarni qo‘llab-quvvatlash 23 yoshgacha etib belgilanadi (hozirda 18 yosh).

Yig‘ilishda Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari ishini o‘zgartirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bu markazlarni tarbiyasi og‘ir bolalarning muammolari bilan ishlab, ularni ijtimoiy hayotga moslashtirish bo‘yicha kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatadigan maskanga aylantirish lozimligi qayd etildi.

Mutasaddilarga bunday markazlarni «Hayot maktabi» sifatida qayta tashkil etish topshirildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring