Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yosh shoir xotiralari: Shavkat Rahmon maktabi

Yosh shoir xotiralari: Shavkat Rahmon maktabi

Maktabda o‘qib yurgan chog‘larim juda ko‘p zamondosh shoirlarni sirtdan yaxshi tanirdim, albatta, vaqtli matbuot orqali, biroq to Toshkentga kelguncha ularning birontasi bilan yuzma-yuz suhbatlashish nasib etmagan bizga.

Dongdor shoirlardan Abdulla Oripov va Erkin Vohidovlarning gazeta-jurnallarda e’lon qilingan turkumlarini (chunki kitoblari maktabimiz kutubxonasida yo‘q edi), mavzui yoshimga to‘g‘ri kelmasa ham, yodlab olaverardim («Ustoz ko‘rmagan shogird har maqomga yo‘rg‘alar»)... Xudo yorlaqab, nihoyat, ustoz tanlash imkoniyatiga ega bo‘lib qoldim.

O‘shanda, aniqrog‘i, 1994-yilning may oyi o‘rtalarida kamina mashhur millatparvar shoir Shavkat Rahmonning ishxonasiga borib, ulug‘ tahririyat taklifini yetkazdim – «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» haftaligida e’lon qilinadigan she’rlarimga taqriz yozib berishini so‘radim va shu tahririyat tayyorlagan qo‘lyozmani qo‘liga tutqazdim. Avvaliga tanlangan she’rlarimni sinchiklab o‘qib chiqdi, atigi, to‘rt-beshta edi, bir pasda tugadi. Qo‘lyozmaning oxirgi varag‘ining orqa tomoniga yuzlanarkan, menga qarab «Bor-yo‘g‘i, shumi?!» dedi ajablanib. Men iljayib yelka qisdim. Keyingi savollar ustma-ust keldi:

– Kitobingiz chiqqanmi?

 – Yo‘q hali, lekin qo‘lyozma to‘plamim tayyor, qaysi nashriyotga berishni bilmay turibman.

– Ha, nashriyotlar ancha charchab qoldi. Qog‘oz yo‘q.

– ...

– Menga o‘sha qo‘lyozma to‘plamingizni qachon olib kela olasiz?

– Ertaga olib kelsam, bo‘ladimi?

– Bo‘ladi. Agar men bo‘lmasam, qabulxona kotibasiga tashlab ketsangiz ham bo‘laveradi. Har xil yig‘ilishlar ko‘p, kutib o‘tirmang, deyman-da...

Qanchalik og‘ir o‘ylar bosimida borgan bo‘lsam, u kishining oldidan shunchalik yengil bo‘lib chiqdim. Hatto qushday uchib ketishgayam tayyor edim. Menga qolsa-ku, qo‘lyozmani shu kuniyoq ustoz huzuriga yetkazardim, lekin ishxonadan bir soatga ruxsat olib, tez kelish sharti bilan chiqqandim, tez qaytib bormasam bo‘lmasdi. Respublika radiosining sanoat bo‘limida ishlardim. Yil boshida arzimagan (esimda qolmagan) xatoim uchun ishim 0,5 stavkaga tushirib qo‘yilganidan maosh cho‘g‘i pasayib, moddiy jihatdan qiynalib yurgan paytlarim edi. Boz ustiga, endigina mustaqil bo‘lgan mamlakatda iqtisodiy o‘tish davri: yo‘g‘on – cho‘zilgan, ingichka – uzilgan: aksar xonadonlarda qora qozon o‘choqdan yuz o‘girib, to‘nkarilib yotgan zamon!..

Xullas, ertasiga bog‘ichli qog‘oz papkani qo‘ltiqlab, Shavkat akaning oldiga oshiqdim. U kishi Baynalminal madaniyat markazida o‘rinbosar lavozimida ishlardi. Ishxonasi hozirgi Olimpiya shon-shuhrati muzeyi binosining birinchi qavatida joylashgan edi. Eshikni taqillatib, ochdim va kirishga izn so‘rasam, darrov «Kiring-kiring» deb iliq qarshi oldi, lekin ko‘rinib turibdiki, ish nihoyatda ko‘p. O‘sha kunlari Qirg‘iziston bilan madaniy aloqalar uyushtirishga tayyorgarlik ko‘rilayotgandi, qirg‘iz delegatsiyasini kutib olish va qayerlarda qanday tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha dam sayin hali unisi, hali bunisi qog‘oz ko‘tarib kirib kelar, gohida chaqqongina kotiba shoshilinch kirib, u-bu hujjatlarga qo‘l qo‘ydirib chiqib ketardi. Shavkat aka esa, ustma-ustiga sigara tutatar, orada she’r o‘qishga ham fursat topardi va men bilan – yonginasida jim o‘tirgan yangi mehmon bilan suhbatlashishniyam esdan chiqarmasdi: kimlarni, qaysi kitoblarni o‘qishim, she’riyat haqidagi qarashlarimga chunonam qiziqardi.

Mashinkalangan qo‘lyozma she’rlarimni bir-bir varaqlab o‘qirkan, Shavkat aka ayrimlarini bir chetga ajratib qo‘yardi. Nimagadir «Qadimiy qalqon»ni ikki-uch marta o‘qidi. Xonaga kirib-chiquvchilar chalg‘itgani uchun bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Nihoyat, menga yuzlandilar:

– Shunday she’r janri bormi o‘zi?

– Ha, «alleteratsiya usuli» deyiladi.

Sharq she’riyatida tajohuli orif, ya’ni «bilib turib bilmaslikka olish» ma’nosidagi she’riy san’at qadimdan mashhur. Uning go‘zal namunalarini Ogahiy, Navoiy, Lutfiy, Gadoiy, Atoiy, Furqat singari ulug‘ shoirlar ijodida ko‘plab uchratish mumkin. Shavkat Rahmonday yetuk shoir bunday latif san’atdan bexabar bo‘larmidi! U ataydan mening bilib yozganimga ishonch hosil qilish uchungina bilmaslikka olib so‘radi – bildim. Ma’qullab, boshini irg‘ab qo‘ydi-da, uniyam alohida ajratilgan she’rlar qatoriga qo‘shdi. So‘ngra qachon kelishimni tusmol bilan aytdi. Chamasi, ikki-uch kun narisini belgiladi, yana shahar telefon raqamini bir qog‘oz bo‘lagiga yozib berdi-da, kelishdan oldin albatta qo‘ng‘iroq qilishimni tayinladi.

Nimagadir aytilgan kuni qo‘ng‘iroq qilishga botinolmadim. Ishi boshidan oshib-toshib yotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganim uchunmi yo salobati izn bermadimi, bilmadim. Yana bir-ikki kun hayallab qo‘ng‘iroq qildim. Salomlashib, o‘zimni tanishtirdim va oldiga o‘tmoqchi ekanligimni bildirdim. Shunda Shavkat aka beozorgina «ha-ha» deb turdi-da, kechroq soat 4 dan keyin kelishimni tayinladi. O‘sha vaqtda borsam, xonasida ekan, meni ko‘rib, yuzlari yorishdi, ichkariga taklif qildi. O‘ziga yaqin joydan – o‘ng tomonidan joy ko‘rsatdi. Hol-ahvol so‘rashib, bir piyola choy quyib uzatdi-da, u yoq-bu yoqdan gurunglashib o‘tirdi. Lekin «nega kelding» deb so‘ramadi. Men ham muddaoga o‘tmadim, gurunglari yoqimli edi. Ko‘proq suhbatlashgim kelardi, ayniqsa, o‘zi haqida ko‘p narsa bilishni istardim. Shaxsiy qarashlari deymizmi, xarakteri deymizmi, bari menga qiziqarli edi. Ancha o‘tirdik. Axiyri, kotiba kirib keldi-da, originali oq, nusxasi sariq qog‘ozga ko‘chirilgan bir sahifa taqrizni qo‘liga uzatdi. Shavkat aka shu zahoti oq qog‘ozdagisini o‘qib chiqib, tuzatdi va qo‘l qo‘ydi. Keyin ikkinchi nusxasini bir qur ko‘zdan kechirib, tag‘in imloviy xatolarni to‘g‘riladi. O‘sha ikkinchi nusxa hozir ham mening arxivimda saqlanadi: unda sakkizta imloviy xato tuzatilgan (kotiba shoshilinch ko‘chirgan, shekilli), eng qizig‘i, oxirgi xatboshidagi ismim har ikkala joyda «So‘fi» tarzida yozilgan, ustoz ularni yashil siyohda «Safar» deb tuzatgan va «23.05.94» sanasini zarb etgan.

Nihoyat, shu taqriz va bir turkum she’r «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 1994 yilning 23 dekabr sonida e’lon qilingandi.

Turkiylar

Qilichin tashladi beklar nihoyat,
bosildi tulporlar,
tig‘lar suroni,
urhoga o‘rgangan tillarda oyat,
turkiylar tanidi komil Xudoni.

Qilichlar zangladi…
falokat hushyor,
turkiylar quvvatin berdi yerlarga.
Hiylagar do‘stlarday yaqinlashdi yov
komillik qidirgan jasur erlarga.

Ilvasin yigitlar,
bobur yigitlar,
sajdaga bosh qo‘ydi yovga ters qarab,
g‘ullarni kemirib yig‘ladi itlar,
buyuk boshni kesdi qilich yaraqlab.

Turkda bosh qolmadi…
qolmadi dovlar,
xotin-xalaj qoldi motam ko‘tarib,
«Bizga tik qarama», — buyurdi yovlar,
yovlarga ters qarab yashadi bari.

Talandi samoviy tulpor uyuri,
talandi zarlari,
zeb-u zabari,
«Ters qarab o‘ling», — deb yovlar buyurdi,
yovlarga ters qarab jon berdi bari.

Lahadga kirdilar o‘zlarin qarg‘ab,
qolmadi arabiy,
turkiy xatlari.
«Tug‘ingiz, — dedi yov, — teskari qarab»,
yovlarga ters qarab tug‘ildi bari.

Tug‘ildi,
tug‘ildi,
tug‘ildi qullar,
qirqida qirqilgan — imdodga muhtoj,
yovlarga ters qarab itlarday hurar,
bir-biriga dushman,
bir-biridan koj.

Jo‘mardlar qirilgan Turonzaminda
do‘zaxiy tajriba pallasin ko‘rdim:
eshshak suvrati bor qay bir qavmda,
qay birida to‘ng‘iz kallasin ko‘rdim.

Bu holda buvaklar bo‘g‘ilib o‘lar,
qul Bilol ezilib yig‘lar falakda…
O‘zlarin yondirar borliqdan to‘ygan
Badaxshon la’liday asl malaklar.

Mo‘minlar besh bora Allohni eslar
sajdaga bosh qo‘yib jallod toshiga.
O‘grilib sal ortga qarayin desa,
boshiga urarlar,
faqat boshiga.

Bormi er yigitlar,
bormi er qizlar,
bormi gul bag‘ringda jo‘mard nolalar,
bormi bul tufroqda o‘zligin izlab,
osmon-u falakka yetgan bolalar.Bor bo‘lsa,
alarga yetkarib qo‘ying,
bir boshga bir o‘lim demagan ermas,
shahidlar o‘lmaydi,
bir qarab tuying:Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!
Yovga ters qaragan musulmon emas!

Shavkat Rahmon

Ustozim Shavkat Rahmon xotirasiga bag‘ishlov

Shukuhli sururni, vohkim, yo‘qotdim,
Judolikka zo‘rg‘a yetdi toqatim!..
Sizsiz mubham, nursiz bu olam ichra
Kimdir zir yugurdi, yo‘lda yotdi kim.

Chopgan zotlar ora yo‘lda qolmadi,
Yo‘lin yo‘qotganlar hamroh bo‘lmadi...
Shukur desam, orga malol kelmasmi,
Qalamdan qo‘l qotdi, bilak tolmadi.

Evoh, yoningizda yurolmadim-a,
Joy topib berolmas dunyo dardima:
So‘nggi so‘zingizni qalb ila tinglab,
Qabringiz boshida turolmadim-a!

Men qanday shogirdu Siz qanday ustoz –
Uzoqlik yaqinu yaqinliklar oz.
Ne ajab, ustozlar bo‘lsa nuroniy –
Shogirdlar qalbi shod, qaddi sarafroz!

Siz nega yo‘laro qoqilgansiz-a,
Yo qismat barvaqt hur yo‘l ochgan Sizga...
O‘zbekning benazir jigarbandisiz,
Fikratu futuvvat ijodingizda!

Topilgaymi Sizday tiynati kabir,
To‘g‘riso‘z, sobitqalb va jo‘mard Shoir!!
Millatni bemisl sevishingizdek
Nekbin fazilatlar mangu saboqdir!!!

Safar Olloyor

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring