Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Yashashni istasang, men bilan yur»: Terminator 72 ni urib qo‘ydi

«Yashashni istasang, men bilan yur»: Terminator 72 ni urib qo‘ydi

«Terminator 2» filmidan kadr

Dunyodagi eng mashhur «kiborg» Arnold Shvarsenegger bugun, 30 iyul kuni 72 yoshini qarshiladi. «Avstriya emani»ning eng eng yaxshi obrazlari kinotanqidchi Artur Zavgorodniy talqinida.

«Kino yulduzi bo‘lishni istab, nechta Hollivud agentiga uchragan bo‘lsam, hammasi bir ovozdan bunaqa xomxayolni miyangdan chiqarib tashla, deyishgan — ulkan gavda, aytish qiyin familiya, tushunarsiz aksent ular uchun o‘ta g‘alati va g‘ayrioddiy tuyulgan-da. Ilgari mushaklarimni bo‘rttirish uchun qanchalik ter to‘kkan bo‘lsam, bosh rolga chaqirishlari uchun keyinchalik tilimni shunchalik charxlaganman. Buni qaranki, bir paytlar haligi agentlar aytgan kamchiliklarim, kutilmaganda meni jangari kinolar qahramoniga aylantirdi, hammasi «Konan» va «Terminator»dan boshlandi».

Ulkan mushaklar sohibi, inglizchada bazo‘r tili aylanadigan Arnold Shvarsenegger hamma qatori AQShga «Amerika orzusi»da uchib keldi — boylik orttirish va boyligicha qolish.

Bu jihatdan Shvarseneggerning tolei kuldi deyishning o‘zi kam. «Temir Arni», eng yosh «Janob Olimpiya», natsist (otasi natsistlarga xizmat qilgan va partiya a’zosi bo‘lgan) nafaqat Hollivudning nomdor aktyoriga aylandi, balki bir qur siyosatga bosh suqib, AQShning eng boy Kaliforniya shtati gubernatori ham bo‘ldi. Biroq bugungi hikoya respublikachi Konan, Katta Bush davridagi sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha eng katta mutaxassis haqida emas. Shvarseneggerning eng yaxshi rollarini eslaymiz. Qisqasi, uning o‘zi aytmoqchi: «Enough talk!» va «Listen to me very carefully».

«Terminator» (1984)/ «Terminator 2: Qiyomat kuni» (1991)

Arnini mashhur qilgan aynan Jeyms Kemeronning debyuti. To‘g‘ri, birinchi «Terminator» qotil-kiborgdan ko‘ra ko‘proq Sara Konnor haqida. Darvoqe, Shvars avvaliga askar Kayl Rizni o‘ynashi kerak edi, biroq Kemeron uni robot bo‘lishga ko‘ndirdi, avstriyalik esa rolni qoyillatdi. Bu fantastik slesherda Shvars — eng katta, qo‘rqinchli, tengi yo‘q («I’ll be back» — klassika), ammo iqror bo‘lish kerak, eng qiziqmasiyam shu. Sovuq nigohli yovuz, qudratli va dahshatli, g‘ayriinsoniy ongning borib turgan shamoyili. Nima bo‘pti, hissiyotlarning mavjudmasligi ham — hissiyot.

«Terminator»ni suratga olish jarayoni. 1984 yil.

Ammo keyin bosh ko‘targan mashinalarga qarshilik harakatining davomi paydo bo‘ldi. «Qiyomat kuni» — remeykka o‘xshash buyuk sikvel. Kemeron tund retro-horrorni bola va robot haqidagi «oilaviy» tomoshaga aylantirdi. O‘sha paytda kino tarixidagi eng qimmat bu filmda Shvars bir dumalab, o‘ylab, muhokama qilib o‘tirmaydigan qotildan «Xarley»ni jilovlagan mashinaga, mohiyatan o‘ziga o‘ldirmaslik va kulishni o‘rgatgan bezori o‘smir, bo‘lg‘usi inqilob sardorining otasiga aylanadi. Hukmi o‘qib bo‘lingan bizning dunyo robotning odamlar nima uchun yig‘lashini anglab yetgani, bizning gunohlarimiz uchun bosh barmog‘ini ko‘targanicha temirga qo‘shilib erib ketgani uchun saqlanib qoladi. «Matritsa»ga yo‘l ochgan «Terminatorlar» Arnoldning kimligini ko‘rsatib bergan. «Come with me if you want to live».

«Barchasini eslash» (1990)

Shvarsenegger daho emas, ushbu fantastikada bosh rolni Bryus Uillis yoki Harrison Ford o‘ynaganida, Filip K. Dikning kichik hikoyasi ekranda tamomila boshqacha ko‘rinishda bo‘lardi, aniq. Balki u aqlliroqdir? Buni bilmadik, ammo Shvarsda xarizma (odamlarni ohanrabodek tortish) kuchliligi rost — uning Marsda bo‘rtib ketgan yuzini qanday unutish mumkin?!

«Barchasini eslash» filmidan kadr.

«Barchasini eslash» — «Bleydranner» emas, biroq barcha davrlarning eng kuchli fantastik satirasi «Robokop»ni suratga olgan golland rejissyori Pol Verxoven Marsga uchishga orzumand proletariy (Arni — ishchi obrazi!) haqida ajoyib o‘tkir syujetli antiutopiyani yarata oldi. Xullas, kunlarning birida qahramonimiz o‘zi orzu qilib yurgan Marsda bo‘lganini, u yerda qarshilik harakati tarkibida maxfiy agent bo‘lib ishlaganini bilib qoladi: «Sen sen emassan. Sen — bu men». Ana shu narsa uni inqilobchiga, yangi texnologiyalarni to‘liq nazoratiga olgan la’nati kapitalistlar tomonidan qullarga aylantirilganlarni ozod qiluvchiga aylantiradi. Xotiralarni eslash, abadiy «men kimman?», sayyoralararo fitna, paranoyya, qonli otishmalar, ajoyib grim, maxsus effektlar va albatta Arnining  SCREW YOU!»ga o‘xshagan «one-liners»lari kinoni bezagan.

Filmning yakuni o‘yga cho‘mdiradi — jinnining alahsirashimasmi bu?

«Barchasini eslash» — Arnining siyosatga ketib parodiyaga aylanishdan oldingi oxirgi buyuk roli.

«Kommando» (1985)

Taniqli prodyuser Joel Silverning «Kommando»si — Jon Metriks kabi, janr klassikasi. Birgina sahna kinoni ochib bergan — qahramon armiya jileti va botinkasini kiyib, tish-tirnog‘igacha qurollanadi, yuziga jangovar bo‘yoq surib o‘zini ko‘z-ko‘z qiladi va otish va portlatish uchun jo‘navoradi. Yoki boshlanishini olaylik, Shvars yelkasida Jeymk Xornerning saundtreki sadolari ostida katta yog‘ochni ko‘tarib kelyapti, bir qo‘lida benzinda ishlaydigan arra. Bemalol va ishonch bilan. Bu filmda Arnold hech o‘ylab o‘tirmasdan mushtni va qilichni ishga soluvchi obrazni gavdalantirgan.

«Kommando» filmidan kadr.

«Kommando» Amerika militarizmining yaqqol namunasi, buning davomini «Yirtqich»da ham ko‘ramiz. Bir so‘z bilan aytganda, Shvarsenegger — mushaklardan iborat qo‘rqinchli mashina, boshqa filmlaridagi singari bunda ham bitta narsa uqtiriladi — Arnold Shvarsenegger bilan o‘ynashma!

«So‘nggi kinoqahramon» (1993)

Jangari kinolarni qanday olishni Jon MakTirnandan so‘rang: «Yirtqich» va «Qattiq yong‘oq» izma-iz chiqqan. «Qattiq yong‘oq-3»i ham chakkimas. Modomiki gap Shvars haqida ketarkan, «Yirtqich»ga qaytamiz: spetsnazchilarni ovlashga kirishib ketgan ulkan maxluq endi g‘alaba marrasiga yaqinlashganida yo‘lini ulkan Arni to‘sadi. To‘g‘ri, siyqasi chiqib ketgan mavzu, ammo shunday bo‘lishi kerak.

Shvarsenegger — Hamlet.

«So‘nggi kinoqahramon» ana shunday jangari filmlarga atalgan parodiyadir. Unda jangari filmlar tomoshasiga mukkasidan ketgan nyu-yorklik bolakay sehrli chipta sabab o‘z kumirining kinosiga tushib qoladi. Biroq bu yerda «Terminator»ni Stallone o‘ynaganini va Arnining personaji ulardan zavq olishi, Shvarsning o‘zi esa Hamlet (!) ekanini bilib olamiz. «Sen o‘ldirdingmi otamni... Katta xato» va «Yo hayot yo mamot? Mamot» (portlash) — bebaho jumlalar.

«So‘nggi kinoqahramon» — jangari filmlar ustidan rosmanasiga kulish, Shvarsenegger qiyofasidagi komiks qahramoni o‘zining o‘ylab topilgan personaj ekanini bilib, tushkunlikka tushadi.

Hatto shu kinofilmda ham Arni mashhur «Men qaytaman» iborasini ishlatadi, biroq hazil ma’nosida.

«Rojdestvo sovg‘asi» (1996)

Kelajakdan kelgan robot, sovet zobiti, afsonaviy samuray, Marsda josuslik qilgan, fazoviy maxluqlarga kun bermagan, terrorchilarga qarshi beayov kurashgan Shvarsenegger «Egizaklar»da komik rollarni ham qoyillatishini isbotlay oldi. «Rojdestvo sovg‘asi» orqali Arni og‘ir vaznli qahramonlar 80-yillarda qolib ketganini isbotladi — xafa bo‘lgan o‘g‘lining bayramini qutqarishga uringan namunali oilaboshini gavdalantirdi. Ota o‘yinchoq sotib olishni unutgan, hech qayerdan topolmaydi, o‘yinchoqni qo‘lga kiritish uchun xaridorlar o‘rtasida dahanaki kurash boshlanib ketadi. «O‘yinchoqlar chiqaruvchi monopoliyalar bizga pand berishdi. Bu semiz mushuklar o‘tirib olib, ishchi sinfini ezish bilan band! Telereklamaga milliardlab sarflab bolalarning miyasini zaharlaydi. O‘yinchoqni sotib olsang — shu zahoti buziladi, chunki arzimas plastikdan yasashgan!».

Ota va bola.

«Rojdestvo sovg‘asi» — yoqimli komediya va sentimental satira. Bunday ertaklar qishki bayramlar arafasida kerakli kayfiyatni ato etadi. «Put the cookie down! NOW!»

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring