Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qutbi Zamon silsilasi: u valiy ham edi

Qutbi Zamon silsilasi: u valiy ham edi

Foto: «khalilicollections.org»

Naqshbandiya tariqati dunyoda keng tarqalgan eng xalqchil va insonparvar suluk hisoblanadi. Bu fikrni juda ko‘plab ulug‘larimiz e’tirof etishgan. Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy va Xoja Bahovuddin Naqshband hazratlari asos solgan mazkur tariqat, to‘g‘rirog‘i, uning shayxlari odamlarning ma’naviy-ruhiy kamolotida katta o‘rin tutishgan. Hatto buyuk hukmdorlar ham ularga ixlos va  iqtido qilishib, himmatlaridan fayz olishgan. Sohibqiron Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur va vaziri a’zam Alisher Navoiy ham ana o‘shal zotlar jumlasidandir.

Islom aqidasiga ko‘ra, avliyolar payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamning vorislari hisoblanadilar. Ulug‘ payg‘ambarlarga Alloh taolodan Jabroil alayhissalom orqali vahiylar, ya’ni ma’lum xabarlar kelib turgan. (Muhammad sallallohu alayhi vasallam Me’roj kechasi Alloh taoloning jamolini parda ortidan ko‘rishga ham musharraf bo‘lgan.) Avliyolarda esa ibodat va zikrning ziyodaligi bois goh-gohida ilohiy fayz, ilhom namoyon bo‘lgan. Buning natijasida ular ayrim voqea-hodisa yoki taqdirlarga oid bashoratlar qilishib, karomat sohibiga aylanishgan. (Ba’zi avliyolar mo‘’jiza ko‘rsatishga ham qodir bo‘lishadi, deyishadi. Bu xato fikr. Mo‘’jiza qurbi faqat payg‘ambarlarga berilgan.)

Xo‘sh, valiylarning karomat va bashoratlari qanday hosil bo‘ladi? Ko‘p ibodat qilish, zikrdagi barakot va muntazamlik tufayli tariqatdagi kishining nafaqat tani, ruhi ham tozalanib, ko‘ngil oynasi tiniqlashib boradi, natijada ma’lum narsalarni akslantiradi. Inson poklanib, Allohga yaqinlashgani sari unga muakkil-farishtalarning soni ham ortaveradi. Yaratuvchining qudrati va izni bilan ana o‘sha muakkillar (nokis odamlarga jinlarning ta’siri ham bor) ma’lum vaqtlarda tariqat soliklari diliga go‘zal mujdalar, ishoratli bashoratlar solib turadilar. Bashorat va karomatlar asosan rahmoniy tushlarda ayon bo‘ladi. (Rahmoniy tush payg‘ambarlikning 46 dan bir juzidur, degan gaplar ham bor.)

Pok ruh va qalb sohibi bo‘lgan valiy zot tushida istiqboldagi narsalarni ko‘ra oladi. Yoki atrofidagi narsalarning, voqealarning hikmatini uqib ham bashoratli fikrlar aytadi. Bundan tashqari, valiylar kishining shuuriga ta’sir etib, fikru o‘yini o‘qish orqali ham karomat qilishgan. Xullas, bundan ortig‘ini gapirish yoki da’vo qilish shakkoklikka yetaklaydi. Naqshband hazratlarining «Bizning tariqatimiz karomat ko‘rsatish emas», degan gaplarini ham aslo unutmaslik lozim.

Naqshbandiya tariqatida sarvari koinot Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallamdan boshlanuvchi qat’iy asosli silsila mavjud. Unda eng ulug‘ shayxlarning nomlari zikr etilgan. Bir nechalari Qutbi Zamon (jahondagi ikki avliyodan biri), deya ta’riflangan. Bul piri komillar odamlarni davolay ham olganlar. Ba’zilari birovdagi eng og‘ir kasalliklarni o‘z tanasiga tortib olib, so‘ng duolar ila chiqarib tashlash qurbiga ega bo‘lganlar. Jumladan, Naqshband hazratlari ham bu ishga qodir edi.

Ana, endi muddaoga yetdik: Zahiriddin Muhammad Bobur shoh, ammo siyratan darvesh edi. U Naqshbandiya piriga qo‘l bergan, ya’ni bay’at qilgan. Bundan tashqari, ulug‘ shayx Xoja Ahrori Valiy ruhoniyatidan ham tarbiyat olib, ma’naviy himmatiga musharraf bo‘lgan. Ulug‘ pir shoirning tushlarida ko‘p ishoratlar bergani tarixdan ayon. Ba’zi janglarning natijasi, kelayotgan o‘lim xavfi va boshqalar Xoja Ahrori Valiy ruhoniyati himmatidan tushlarida oydinlashgan. Bu shoh va shoir umrining ikkinchi qismida ibodat hamda zikrda ziyodalikka erishganidan, ilohiy mushohada sohibiligidan dalolat beradi. Bu borada avliyolik ko‘pincha ba’zi insonlarning qonida, ruhida azaldan bo‘lishini ham unutmaslik kerak. Faqat u ko‘p ibodat qilish va Alloh yodi ila rivoj topadi.

Bobur Mirzoning suyukli farzandi Humoyun Mirzo og‘ir xasta bo‘lib, joniga o‘lim xavf soladi. Sho‘rlik ota qattiq iztirobda qoladi. Nihoyat qat’iy jahd ila o‘g‘li uchun o‘z jonini baxshida qilmoqchi bo‘ladi. Ma’lum tayyorgarlikdan so‘ng qalbdagi ilohiy jazba va fidolik ila duolar o‘qib, Alloh taolodan Humoyunning sog‘ayishini tavallo qiladi.  Chindan ham farzandi sog‘ayib ketadi, ammo Bobur Mirzoning o‘zi xastalanadi. Shu dard ila rixlati boqiy bo‘ladi.

Bundan ko‘rinadiki, Bobur tariqatda ma’lum maqomga erishgan, qalb ko‘zi xosiyatli, ruhida ilohiy ishq va fayz, ilhom jo‘sh urgan jazbali zot bo‘lgan. U farzandining dardini Allohga yovuqlashish ila o‘z taniga olganu qaytarib chiqarib tashlashga qurbi yetmagan. Ya’ni ruhiy maqomi ojizlik qilgan.

Ha, Bobur Mirzo avliyo zot edi. Buni yuqoridagi voqea, qolaversa, rahmoniy tushlari, «Boburnoma»dagi ayrim fikrlari, tasavvufiy she’rlaridagi tagdor ma’nolar ham ochiq-oydin isbotlaydi. Biz esa bu masalani chuqurroq o‘rganishga burchlimiz.

Nabi Jaloliddin

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring