Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kann kinofestivalida o‘zbek kinosi ilk bor qatnashadi

Kann kinofestivalida o‘zbek kinosi ilk bor qatnashadi

71-Kann xalqaro kinofestivalida ilk marta «Uzbekistan» paviloni tashkil etiladi. Bu haqda O‘zA yozmoqda.

Joriy yilning 8-19-may kunlari Fransiyaning mashhur Kruazet sohili bo‘yidagi Festivallar va kongresslar saroyida birinchi marotaba taqdim etiladigan yurtimiz paviloni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi, «O‘zbekkino» milliy agentligi hamda Yosh kinoijodkorlar kengashi tomonidan tashkil etilmoqda.

Kinematografiyani rivojlantirish markazi dunyoning birinchi raqamli xalqaro kinofestivali Kann kino bozori direksiyasi bilan shartnoma imzolagan. Har yili tashkil etiladigan kino bozori dunyo kinosi sanoatidagi asosiy madaniy voqealardan biri hisoblanadi. O‘tgan yilning o‘zida mazkur tadbirda jahonning 118 mamlakatidan 12 mingdan ortiq kishi ishtirok etgan va bu ko‘rsatkich yil sayin ortib bormoqda.

Pavilon qatnashchilari kino bozorida turli mamlakatlardan tashrif buyurgan mehmonlarga O‘zbekiston kinoijodkorlarining filmlari hamda mamlakatimizning boy kino lokatsiyasi haqida ma’lumotlarni taqdim etib, respublikamizning madaniy va ma’naviy qadriyatlari bilan ularni yaqindan tanishtiradi. Shuningdek, pavilonda 2018-yilning oktyabr oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan, shu yildan boshlab xalqaro kinofestival maqomini olgan «PROlogue», yaqinda respublikamizda tashkil etilgan O‘zbekiston kinokomissiyasi hamda Respublika kinoprokat markazi taqdimoti ham o‘tkaziladi.

Yurtimiz paviloni xalqaro maydonda mamlakat imijini oshirish, kelajakda respublikamizning iste’dodli kinoijodkorlarini dunyo miqyosida tanitish, O‘zbekiston kino san’atiga xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratish, shu bilan birga «PROlogue – 2018» kinofestivalida ko‘plab xorijiy mutaxassis va kinoijodkorlarining ishtirokini ta’minlashda katta ahamiyat kasb etadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring