Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Davronbek Tojialiyev

Yo asling kabi ko‘rin, yo ko‘ringaning kabi bo‘l! (Jaloliddin Rumiy)

2017-yili yo‘qotganlarimiz

2017-yili yo‘qotganlarimiz

Foto: «Ziyouz.uz»

Tugab borayotgan 2017-yilda O‘zbekiston ilm, fani va madaniyati bir nechta arboblaridan ayrildi. Biz ushbu yilda vafot etgan o‘zbekistonlik davlat va jamoat arboblari, ziyolilarni xotirlashni lozim topdik.

Akademik Boris Bondarenko (1923-2017)

Hisoblash matematikasi va differensial tenglamalar sohasidagi taniqli olim, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Boris Anisimovich Bondarenko 1923-yil 12-oktabrda Rossiya Federatsiyasining Boshqirdiston Respublikasi Davlekanovo shahrida tug‘ildi. 1953-yili O‘rta Osiyo davlat universitetini (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) matematika mutaxassisligi bo‘yicha tugatdi. Dastlab nomzodlik, keyinchalik doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun 2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.

Iste’dodli olim qariyb 70 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti kafedrasi mudiri, Fanlar akademiyasining Matematika instituti katta ilmiy xodimi, ilmiy kotibi, Kibernetika instituti laboratoriya mudiri, yetakchi ilmiy xodimi, direktorning ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida samarali mehnat qildi va mamalakatimizda matematika sohasidagi dolzarb masalalarni tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shdi.

Olimning chiziqli va yarimchiziqli differensial tenglamalar sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan 500 dan ziyod ilmiy maqolalari, kitob va monografiyalari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar olimlari va mutaxassislariga yaxshi ma’lum. U «O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi» faxriy unvoni va «Jasorat» medali bilan mukofotlangan edi.

Jamoat arbobi Ahmadjon Odilov (1925-2017)

Taniqli jamoat arbobi Ahmadjon Odilov 1925-yili Namangan viloyati Pop tumanidagi G‘urumsaroy qishlog‘ida tug‘ilgan. 1960—1970-yillarda Pop tumanidagi Lenin nomli jamoa xo‘jaligiga raislik, 1970-yillar oxirida Pop tuman agrosanoat kompleksiga rahbarlik qilgan.

1980 yillar o‘rtalarida qo‘zg‘atilgan «Paxta ishi» bo‘yicha ayblanib, qamoqqa olingan, Moskvadagi Butirka qamoqxonasida saqlangan. 1991-yil dekabrida qamoqdan ozod etilgan, biroq 1993-yil iyunida yana ozodlikdan mahrum etilgan. Shu bilan 2008-yil iyunida — 83 yoshida ozodlikka chiqqan.

U sobiq Ittifoq davrida «Sotsialistik mehnat qahramoni» unvoni, uch marta «Lenin» ordeni, bir marta «Oktyabr inqilobi» ordeni bilan taqdirlangan.

Akademik Anna Glushenkova (1926-2017)

Tabiiy birikmalar kimyosi va texnologiyasi sohasidagi taniqli olima, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Anna Ivanovna Glushenkova 1926-yil 1-avgustda Rossiya Federatsiyasining Volgograd viloyatidagi Rudna tumanida tug‘ildi. 1948 yili O‘rta Osiyo industrial institutini (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti) tugatib, ushbu institut aspiranturasida tahsil oldi. Dastlab nomzodlik, keyinchalik doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun 2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylandi.

Iste’dodli olima qariyb 70 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Toshkent politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti) kafedra mudiri, Fanlar akademiyasining O‘simlik moddalari kimyosi instituti katta ilmiy xodimi, laboratoriya mudiri, direktori, Fanlar akademiyasi prezidiumi a’zosi kabi mas’ul lavozimlarda samarali mehnat qildi va mamlakatimizda tabiiy birikmalar kimyosi va texnologiyasi sohasidagi dolzarb masalalarni tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shdi.

Olimaning tabiiy birikmalar kimyosi va texnologiyasi sohasining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan 400 dan ziyod ilmiy maqolalari, kitob va monografiyalari yurtimiz va xorijiy mamlakatlar olimlari va mutaxassislariga yaxshi ma’lum. U «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi» faxriy unvoni va «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan edi.

O‘zbekistonning sobiq rahbari Inomjon Usmonxo‘jayev (1930-2017)

O‘zbekiston davlat va jamoat arbobi Inomjon Usmonxo‘jayev 1930-yil Farg‘onada tug‘ilgan Inomjon Usmonxo‘jayev 1972—1974-yillarda Namangan viloyatiga, 1974—1978-yillarda Andijon viloyatiga rahbarlik qilgan.

1978-yildan to Sharof Rashidovning vafotiga qadar — 1983-yilgacha O‘zbekiston Oliy Kengashiga raislik qilib, 1983—1988-yillarda O‘zbekistonga rahbarlik qilgan.

«Qayta qurish» davrida korrupsiyada ayblangan. 1989-yil dekabrida «paxta ishi» bo‘yicha 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan, 1990-yil ozodlikka chiqarilgan. 2016-yil dekabrida to‘liq oqlangan.

Jurnalist, professor Feliks Nesterenko (1930-2017)

O‘zbekiston jurnalistikasi taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan olim, professor Feliks Petrovich Nesterenko 1930-yili Moskva shahrida tug‘ilgan. Ota-onasi qatag‘on qilinganidan so‘ng bolalar uyida katta bo‘lgan. Naxodka va Saxalinda harbiy flotda, Angrenda ko‘mir shaxtasida, «Tashtekstilmash» va «Sыrdarinskaya pravda» gazetalarida xizmat qilgan.

1968 yili Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini sirtdan tamomlagandan so‘ng shu yerda dars bera boshlagan. 1972-yili dotsent, 1984-yili professor unvonlarini olgan.

Feliks Nesterenkoning bir qancha shogirdlari uning rahbarligida nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini yoqlagan. U jurnalistika sohasida bir qancha kitob va darsliklar muallifi. Uning 1700 iborani o‘zida jamlagan «Lug‘at – jurnalistika, reklama, pablik rileyshn» kitobi talabalar va jurnalistikaga qiziquvchilar uchun birlamchi manbadir.

O‘zbekiston vrachlar uyushmasi raisi Abdulla Xudoyberganov (1936-2017)

Abdulla Matkarimovich Xudoyberganov 1936 yili To‘rtko‘lda tug‘ilgan. 1959-yili Toshkent tibbiyot institutining tibbiyot fakultetini tamomlagan. Faoliyatini jarroh sifatida Mo‘ynoq tumanida boshlagan. 1960 yillar Mo‘ynoq tuman shifoxonasi bosh vrachi bo‘lgan.

1970-yillarda Qoraqalpog‘iston ASSR sog‘liqni saqlash vaziri bo‘lgan. 1981–1986-yillarda O‘zbekiston SSR sog‘liqni saqlash vaziri bo‘lgan.

2004-yilga qadar Xudoyberganov akademik Vosit Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazi direktori o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Shoir va tarjimon Tursunboy Adashboyev (1939-2017)

Tursunboy Adashboyev 1939-yil 1-yanvarda O‘sh viloyati, Olabuqa tumanidagi Safed Bulon qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUni hamda Moskvadagi Jahon adabiyoti institutini bitirgan (1962).

Ilk she’rlar to‘plami — «Kamolning olmasi» (1964). «Biz sayohatchilar» (1966), «Olatovlik bo‘laman», «Arslonbob sharsharasi» (1969), «Surnay» (1970), «Nur daryo» (1975), «Guldasta» (1968), «Olatog‘-lolatog‘» (1978), «Oqbo‘ra to‘lqinlari», «Sovg‘a», «Arslonbob afsonasi» (1988), «Sichqonning orzusi», «Uch bo‘taloq va sirli qovoq» (1990), «Orzularim — qo‘sh qanotim» (2003), «Oltin yolli tulpor qissasi» (2003, ertaklar) kabi to‘plamlari nashr etilgan.

Uolter De Lamer, K.Chukovskiy, S.Marshak, L.Briyedis kabi shoirlarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Mohir tarjimon Yanglish Egamova (1943-2017)

Yanglish Egamova 1943-yilning 2-mayida Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Olchin qishlog‘ida tug‘ilgan. Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universitetining xorijiy filologiya fakultetida tahsil olgan. Filologiya fanlari nomzodi, dotsent. Tarjima nazariyasi va til ilmiga oid bir qancha ilmiy maqolalar muallifi.

Yanglish Egamova nemis allomasi, jahon xalqlarining sevimli adibi, shoiri, dramaturgi Iogann Volfgang Gyote asarlarining tarjimoni sifatida dong taratdi.

Yanglish Egamova 1975-yilda Gyotening «Yosh Verterning iztiroblari» romanini G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida nashr ettirgan. Shundan so‘ng Bruno Apitsning «Qashqirlar changalida» romani, Volfgang Borxertning hikoyalari, Firts Vyurtlening Zahiriddin Muhammad Bobur haqidagi «Andijon shahzodasi» qissasi, Gyotening «Muhabbatnoma» nomli saylanma kitobi, «Yosh Verterning iztiroblari» (qayta nashr), «Hamroz dillar» romanlari Yanglish Egamova tarjimasida chop etilgan.

Yohann Peter Ekkermanning Gyote hayoti va ijodiga bag‘ishlangan «Gyote bilan gurunglar» nomli yirik kitobining Yanglish Egamova tarjimasida nashr etilgan.

Shoira Tursunoy Sodiqova (1944-2017)

Tursunoy Sodiqova 1944-yili Andijon shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetini tamomlagan. O‘rta maktabda muallim, yoshlar tashkilotlarida, keyinchalik Andijon Davlat tillar institutida, Respublika «Ma’naviyat va ma’rifat» markazida ishlagan. Filologiya fanlari nomzodi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.

Tursunoy Sodiqovaning ilk she’riy to‘plami «Kuy» nomi bilan 1976-yilda chop etilgan. Shundan beri «Gul fasli» (1981), «Iqbol» (1984), «Dil gavhari» (1985), «Izlay-izlay topganim» (1988), «Girya» (1994) kabi o‘nga yaqin she’riy guldastalar yaratib, o‘z o‘quvchilariga taqdim etdi. Shuningdek, odob-axloq mavzularida bitilgan maqolalarini «Andisha» (1988), «Mehrigiyo» (1989), «Baxtli bo‘ling» (1989), «Baxt nima?» (1994), «O‘zbek she’riyatida an’ana va o‘ziga xoslik» kabi nomlar bilan to‘plam va qo‘llanmalar tarzida nashr ettirgan.

Publitsist va shoir Nosir Muhammad (1946-2017)

Nosir Muhammad (Nasriddin Muhammadiyev) 1946-yilning 2-dekabrida Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ qo‘rg‘onida tug‘ilgan. 1968-yili Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetini bitirgan.

«Toshkent oqshomi» gazetasida kichik adabiy xodim, bo‘lim mudiri, 1976-79-yillari Eronda tarjimon, «Yoshlik» jurnalida mas’ul kotib (1985-1993), O‘zbekiston Milliy axborot agentligining xalqaro axborotlar tahririyati bosh muharriri (1993), «Jahon» axborot agentligida (1994), O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasida Matbuot kotibi (1996-99), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmatining yetakchi konsultanti (1999-2005) bo‘lib ishlagan. 2005 yildan buyon Respublika baynalmilal madaniyat markazi direktori.

Nosir Muhammad O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi (1972) va Yozuvchilar uyushmasi (1989) a’zosi, 20 ga yaqin she’riy va ilmiy-ommabop kitoblar muallifi.

Taniqli suxandon Nasiba Maqsudova (1948-2017)

Nasiba Maqsudova 1948-yilda tavallud topgan. Uzoq yillar O‘zbekiston milliy tederadiokompaniyasida faoliyat yuritgan. Uning so‘nggi 10 yillikdagi faoliyati xususiy telekanallar bilan bog‘landi. U «Diydor shirin» ko‘rsatuvining boshlovchilaridan biri edi.

Nasiba Maqsudova 14 yoshidan televideniye sohasiga kirib kelgan. Qariyb 50 yil davomida suxandonlik qilgan.

Nasiba Maqsudova «Shuhrat» medali, «Oltin qalam» milliy mukofoti sohibasi edi.

Fizika-matematika fanlari doktori, professor Abdumajid Po‘latov (1949-2017)

Mashhur olim, fizika-matematika fanlari doktori, professor Abdumajid Po‘latov Professor 1949-yil 4 martda Toshkentda tavallud topgan. 1966-1971-yillari Novosibirsk davlat universiteti matematika fakultetida tahsil olgan. 1971-1979-yillari Novosibirskdagi SSSR Fanlar akademiyasi Sibir bo‘limi Matematika instituti ilmiy xodimi bo‘lib ishlagan.

1976-yil fizika-matematika fanlari nomzodi, 1979-1994-yillarda Toshkent davlat universiteti amaliy matematika va mexanika fakulteti dotsenti, 1980-1992-yillarda brilliant bichish usullari bo‘yicha qator grantlar sohibi, dasturlar rahbari bo‘lgan.

So‘ngra 1992-yili fizika-matematika fanlari doktori, 1994-2000-yillarda ToshDU matematika va mexanika fakulteti professori, 2000-2002-yillarda O‘zMU kompyuter texnologiyalari fakulteti professori, 2002-2006-yillarda O‘zMU O‘zbek filologiyasi fakulteti Kompyuter lingvistikasi kafedrasi mudiri sifatida faoliyatini davom ettirgan.

1988-yildan buyon uning rahbarligida 12 ta nomzodlik dissertatsiyasi himoya qilingan. Matematika sohasida «Po‘latov maktabi», «Toshkent maktabi» ilmiy yo‘nalishi bilan tanilgan.

1994-1998-yillarda Xalqaro informatika jamiyati (Germaniya), 1993-yildan O‘zbekiston matematiklar jamiyati a’zosi, «XXI asrning 2000 mashhur olimi» (Kembrij) kitobiga kiritilgan.

U «Qavariq ko‘pyoqlar» (Novosibirsk, 1992), «Ingliz tili» (rus tilida. Toshkent, 1998), «Dunyoviy o‘zbek tili» (T.Mo‘minova va I.Po‘latova bilan hamkorlikda. Toshkent, 2003), «Hayot formulalari» (qo‘lyozma), «Ingliz tili» (o‘zbek tilida, qo‘lyozma), «Kompyuter lingvistikasi» (2 jild, qo‘lyozma), «Inglizcha-o‘zbekcha- ruscha lug‘at» kitoblari hamda «Kompyuter lingvistikasi» (S.Muhamedova bilan hamkorlikda. Toshkent, 2007) o‘quv qo‘llanmasi muallifi edi.

Abdumajid Po‘latov nafaqat matematika sohasida, balki ingliz tili, tilshunoslik, falsafa fanlari doktori, professori sifatida kitoblar yozgani uchun AQShning «Who is who?» («Kim aslida kim?») kitobiga kiritilgan.

O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi raisi o‘rinbosari Bo‘ritosh Mustafoyev (1949-2017)

Bo‘ritosh Mustafoyev 1949-yilda Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida tug‘ilgan. 1971-yilda Toshkent davlat universitetining yuridik fakultetini tugatib, mehnat faoliyatini Samarqand viloyat prokuraturasining bo‘lim prokurori lavozimidan boshlagan.

Ko‘p yillar davomida prokuratura organlarida mas’uliyatli lavozimlarda ishlab, 1989-yilda O‘zbekiston prokurori, 1993-yilda esa O‘zbekiston Bosh prokurori lavozimiga tayinlangan. 1998-yildan boshlab O‘zbekiston Prezidentining Davlat maslahatchisi o‘rinbosari, Adliya vazirining o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy sudining raisi, Markaziy saylov komissiyasining raisi, Oliy sudining raisi lavozimlarida ishladi.

2014-yilda O‘zbekiston Konstitutsiyaviy sudi raisining o‘rinbosari lavozimiga saylanib, umrining oxirigacha shu lavozimda mehnat qilib keldi.

Bo‘ritosh Mustafoyev «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist» faxriy unvoni, II darajali «Shon-sharaf» va «Mehnat shuhrati» ordenlari bilan taqdirlangan. Oliy malaka darajali sudya. I darajali Davlat adliya maslahatchisi.

O‘zbekiston bank tizimi asoschilaridan biri Fayzulla Mullajonov (1950-2017)

O‘zbekiston bank tizimi asoschilaridan biri, atoqli iqtisodchi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi Fayzulla Maqsudjonovich Mullajonov 1950-yili Sirdaryo viloyatida tug‘ildi. 1971-yili Toshkent xalq xo‘jaligi instituti (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti)ni iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomladi. Mehnat faoliyatini davlat banki Sirdaryo viloyati bo‘limida kredit nazoratchisi vazifasidan boshladi. Keyinchalik ushbu viloyatda bank sohasida turli mas’ul lavozimlarda xizmat qildi.

Katta mehnat va hayot tajribasiga ega bo‘lgan F.Mullajonov 1991-yilda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi etib tayinlandi. Ana shu o‘ta mas’uliyatli lavozimda qariyb 26 yil samarali faoliyat ko‘rsatdi.

F.Mullajonovning ko‘p yillik samarali xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. U «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi» faxriy unvoni, «Mehnat shuhrati» va «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari bilan mukofotlangan edi.

Shoir va tarjimon Usmon Qo‘chqor (1953-2017)

Shoir, tarjimon Usmon Qo‘chqor 1953-yilning 15-iyulida Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tug‘ilgan. Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘ZMU)ning filologiya fakultetini tugatgan.

G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida (1975—1977), Shofirkonda ona tili va adabiyoti o‘qituvchisi (1977—1979), «O‘zbekiston» nashriyotida muharrir (1979—1986), «Cho‘lpon» nashriyotida (1986—1988), «Yoshlik» jurnalida, «Ma’naviyat» nashriyotida bosh muharrir lavozimida (1988—1996) ishlagan.

Usmon Qo‘chqorning birinchi she’riy to‘plami 1982-yilda «Hayajonga ko‘milgan dunyo» nomi bilan chop etilgan. «Akssiz sadolar» (1986), «Uyqudagi minora» (1987), «Og‘ir karvon» (1991), «Chamangul», «Shiroq» kabi she’riy kitoblari chop etilgan.

Usmon Qo‘chqorning «Og‘ir karvon» nomli she’riy to‘plamiga kirgan ko‘pchilik she’rlari inson ruhiyati, ruhiy olami, ma’naviyati haqida bitilgan goh qasida, goh pamflet bo‘lib yangraydi. Shoir «Quvg‘in» dostonida qatag‘onlik davri aziyatlari, iztirob va alamlari haqida hikoya qiladi.

U ozarbayjon adiblaridan Sayyid Imoddiddin Nasimiyning «Men bu jahonga sig‘masman» she’rlar to‘plamini, Husayn Jovidning «Amir Temur» dramasini, Jalil Mammadqulizodaning qissa va hikoyalarini, Yusuf Samad o‘g‘lining «Qatl kuni», Anorning «Besh qavatli uyning oltinchi qavati» va boshqa asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Uning «Chamangul» (1996) nomli bolalar uchun yozilgan she’riy guldastasi Respublika Davlat matbuot qo‘mitasi mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring