Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Koronavirus bilan yuzma-yuz kurashayotgan shifokorlarimiz sharafiga

Koronavirus bilan yuzma-yuz kurashayotgan shifokorlarimiz sharafiga

Foto: SSV matbuot xizmati

15 kundan beri AOKA shtabida har kuni kasallik alomatlari mutlaqo yo‘q va sog‘lom 5-10 nafar jurnalist orasidaman. Azbaroyi zarurat tufayli. Nimaiki xavfsizlik talabi bo‘lsa rioya qilayapman, hech kimni yaqinimga yo‘latmayman, niqob bilan qo‘lqopni kerak bo‘lsa, har soatda almashtiraman. Ammo, baribir, kechqurun uyga qaytganimda qizimni quchishga, o‘g‘limni erkalashga ikkilanaman. Alloh asrasin!..

Endi butun dunyoni dahshatga solayotgan koronavirusga chalingani aniq, hatto kasallikning og‘ir bosqichini boshidan kechirayotgan bemorlarga muolaja qilayotgan shifokorlar holatini ko‘z oldingizga keltiring. Yuzidagi niqobini bir lahzaga yechsa, bu la’nati virusni yuqtirib olish xavfi muqarrar bo‘lgan hamshirayu sanitarkalar xayolidan nimalar kechyapti ekan?!

Har kuni internetda falon davlatdagi vrachlar ish tashlash e’lon qilibdi, falon davlatning do‘xtirlari kasalni davolashdan bosh tortibdi, degan uzun-yuluq gaplar kelib turibdi. Lekin bizga «Men shu shifokorlar orasiga qo‘shilishim uchun kimga murojaat qilay?» — deb savol berayotgan vrachlarimiz ko‘p. Shukrki, hali shu paytgacha falon do‘xtirlar ishidan bosh tortibdi, degan gapni eshitmadik. Eshitmaylik ham!

Aziz shifokorlar, hamshiralar!

Shuni bilingki, tinch-omon kunlarda qilingan katta jasoratlar balki unutilishi mumkin, lekin og‘ir va sinovli damlarda Siz qilayotgan mardlikni hech kim unutmaydi. Ishoning, bu sinov sizga pastroq yoki boshqacharoq ko‘z bilan qarab yurgan insonlarga saboq bo‘ladi. Xudo xohlasa, bu kunlar boshimizdan tezroq arisa, eng katta mukofotlar sizniki bo‘ladi.

Ungacha bardam bo‘ling! Qalban birgamiz!

Ahmadjon Yusupov,
Koronavirus Info kanali muharriri

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring