Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident tibbiyot xodimlarini bayram bilan tabrikladi

Prezident tibbiyot xodimlarini bayram bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev noyabr oyining ikkinchi yakshanbasida nishonlanadigan «Tibbiyot xodimlari kuni» munosabati bilan soha vakillariga tabrik yo‘lladi.

«Avvalo, o‘z hayotini el-yurt salomatligini asrashdek olijanob ishga bag‘ishlab kelayotgan siz, azizlarni qutlug‘ kasb bayramingiz – Tibbiyot xodimlari kuni bilan samimiy muborakbod etaman», deyiladi tabrikda.

Davlat rahbari sohaga davlat tibbiy sug‘urtasi va raqamlashtirish mexanizmlari bilan birga xususiy tibbiyot muassasalari faoliyati ham keng joriy etilayotganini ta’kidlab, shifoxonalarni zamonaviy transport va tibbiy jihozlar bilan ta’minlash darajasi keskin yaxshilanayotganini e’tirof etgan.

«Aynan ana shunday o‘zgarishlar, jonkuyar shifokorlar, yuqori malakali tibbiyot mutaxassislari, hamshiralarning mashaqqatli mehnati tufayli yuqori texnologik jarrohlik operatsiyalari nafaqat poytaxtimiz va viloyatlar markazlarida, balki tumanlarda ham muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda va minglab bemorlar o‘z dardiga shifo topmoqda», deyiladi qutlovda.

Prezident «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida tibbiyot sohasida ham ulkan o‘zgarishlarni amalga oshirish reja qilingani, jumladan, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini 78 yoshga yetkazish, buning uchun tibbiyotga yo‘naltiriladigan mablag‘lar hajmini 2 barobar oshirish, onkologiya, yurak-qon tomir, diabet va nafas yo‘llari kasalliklari bo‘yicha erta o‘limni 2,5 barobar kamaytirish, O‘zbekistonni sil xastaligidan xoli mamlakatga aylantirish ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi.

Shu bilan birga, aholi o‘rtasida mustahkam salomatlik garovi bo‘lgan sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilishini aytdi.

«O‘z qasamyodiga, kasbi va burchiga sadoqat bilan mehnat qilayotgan, Abu Ali ibn Sinodek buyuk ajdodlarimiz an’analarining davomchilari bo‘lgan siz, azizlar bundan buyon ham shu ezgu yo‘lda bor bilim va tajribangizni safarbar etasiz, deb ishonaman. Sizlarni Tibbiyot xodimlari kuni bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, g‘oyat sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda sihat-salomatlik, yutuq va omadlar, oilaviy baxt-saodat tilayman», deyiladi tabrik so‘zi yakunida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring