Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Tungi janjal, ajabtovur rasmiy izoh va xonanda Kanizaning haqiqatlari

Tungi janjal, ajabtovur rasmiy izoh va xonanda Kanizaning haqiqatlari

Faqat men emas, siz ham ko‘rdingiz Chilonzor tumanidagi tungi janjal videolavhasini, to‘g‘rimi? Oddiy aholi bir tomon va ko‘rinishidan yengiltakligi sezilib turgan «kapalak»lar bir tomon! Baqir-chaqir, qiy-chuv, so‘kinishu haqoratlar!.. Jikkakkina qiz kela solib, hammaga tashlanyapti. Keyin ikkinchisi shiddat bilan hujum qilyapti!..

Bular kim o‘zi? Ota-onasi, aka-ukalari, amakiyu tog‘alari, xolasi-yu ammalari yo‘qmi? Boshqa yaqinlari-chi? Hech kimi bo‘lmasa, qonun-chi? Nahotki O‘zbekistonning qonun-qoidalari aholi tinchini buzayotgan bunday kaslarning jilovini tortib qo‘ya olmasa?

Rasmiy izohni qarang: «O‘rganishlar jarayonida, shu kuni taxminan soat 00.30 larda ushbu hududda NEXIA va SOBALT rusumli transport vositalari o‘zaro to‘qnashganganligi sababli fuqarolar YTHni ko‘rish uchun to‘planganligi aniqlangan».

Bu qanday yolg‘on bo‘ldi? Oyni etak bilan yopmoqchimisiz? Axir janjal sababchilari «tungi kapalaklar» ekanligi besh qo‘lday ayon-ku? Sharmandali videoni deyarli hamma ko‘rib bo‘ldi-ku, hurmatli izohchilar!

Aynan shu rasmiy izohga zid ravishda MY-5 telekanalining «Markaziy studiya»si hammasini ro‘yi-rost aytdi. Ya’ni Shuhrat ko‘chasidagi mahalliy aholining toqati toq bo‘lgan. Surbet, betakalluf, suyuqoyoq «kapalaklar» ular yashaydigan «dom»larning pod’yezdigacha kirib boryapti, yerda esa taqiqlangan dorilarni ko‘mib ketib, boshqalari kelib kavlab olyapti. Bu uyushgan jinoyatchilik, mafiya emasmi? Nega ularning mushugini pisht demayapti qonun nazoratchilari? Aynan shu bois ham aholi norozilik bildirmadimi? «Pichoq suyakka qadalib», o‘zgacha «jang» boshlamadimi?..

Bu yoqda, boshqa odamlar orasida esa gap yuribdi: «Tungi kapalaklar»ni baribir yo‘qotib bo‘lmaydi, taqiqlangan dorilarni ham! Chunki ortida kattalarning o‘zi turibdi, ular yaxshigina manfaatdor!..» Shunchaki ko‘chaning gapi, deysizmi?!. Shoshmang, keyingi vaqtlarda aynan «ko‘cha» tushunchasi chuqur ildiz otmayaptimi? Turli «razbor»lar, quyushqondan chiqishlar, kattalar va yoshlar, hatto o‘smir qizlarning «samosud»lari...

Siyqasi chiqqan nomlanishdagi «ma’naviyat»chilar esa tadbir ustiga tadbir uyuushtirishdan bo‘shamaydi. Ularga chiroyli, jimjimador gapirish, minbarlardan va’z o‘qish bo‘lsa bas! Aslida «tungi kapalaklar»ni ma’naviyatchilar bartaraf etadi, deyish ham juda kulgili! Rost-da, suyuqoyoqlarning oldiga kelib, ma’ruza o‘qib berisharmidi? «E, bor, toshingni ter!» degan javob olishadi, vassalom!..

Hozir bormi-yo‘qmi, bilmayman, ammo bir paytlar «Axloq militsiyasi» bo‘lardi. Fohishalar bilan alohida shug‘ullanardi, ularni mashinasiga solib olib ketardi. Agar bugun ham bo‘lsa, qanday ish bilan mashg‘ul ekan-a? O‘zi «tungi kapalaklar» uchun aniq javobgar idora bormi?

Nima bo‘lganda ham Chilonzordagi tungi muhoraba, bu – barchamizning sharmandaligimiz! Or-nomusimizga tutilgan ko‘zgu! Bevosita javobgar mahalla mas’ullarimi? Uchastka nozirimi? Xo‘sh, ular qanday chora ko‘rishi mumkin? Nari borsa, «tungi kapalaklar»ni kunduzi chaqirishadi-da, tushuntirish xati olishadi va bo‘ldi!.. Shundayam bu «hasharot»lar yozishga ko‘nsa, deng!..

Qonunlarni kuchaytirish kerak! Toki surbet, betgachopar, o‘zidan kattalarning yuziga chang soladigan, og‘zidan bodi kirib, shodi chiqadiganlar uchun hech qanday vaj qolmasin! Afsus, ming afsuski, bizda bor qonunlar ham gohida ishlamaydi, aniqrog‘i, ayrimlarga kelganda, qonunlar chiroyli tarzda aylanib o‘tiladi. Bandixonlik «vallomat»ni misol keltirsak, kifoya! Qonun posboniki mahalla raislarini «Itdan tarqagan» deb turrgach, «tungi kapalaklar» boshqalarni nima desin? Shahar bedarvoza qolishi tugul sharmandaga rosa keng ham bo‘lib ketdi bugun!

Ammo xonanda Kaniza bopladi! Ijtimoiy tarmoqda uni haqorat qilgan yigitni sudga berib, jarimaga torttirdi. Aytishicha, buni o‘zi uchun emas, boshqalarga saboq bo‘lsin, deb qildi... Uning yana bir gapi topib aytildi: «Agar mas’ul xodimlar masxarabozlik qilmasdan... Prezidentimiz chiqargan qarorlarga jiddiyroq qarasa, xalq orasida qonunga bo‘lgan ishonch ko‘payarmidi, samosudlar kamayarmidi?..»

Eh, mas’uliyati yo‘q mas’ullar!..

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring