Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkent viloyatida yangi dor yo‘li foydalanishga topshirildi

Toshkent viloyatida yangi dor yo‘li foydalanishga topshirildi

Foto: «Xabar.uz»

Kuni kecha, 26 dekabr kuni Toshkent viloyatidagi «Amirsoy» tog‘-chang‘i kurortida «Amirsoy Ekspress» yangi dor yo‘li rasman ishga tushirildi.

Tantanali marosimni Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi. Turizm va sport vazirligi tomonidan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.

«So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizmning boshqa turlari qatori tog‘ turizmini rivojlantirishga ham e’tibor qaratilmoqda, O‘zbekiston nafaqat qadimiy shaharlari, balki betakror tog‘lari bilan ham mashhurdir. Shuni alohida qayd etish joizki, mamlakatimizda turizm to‘rt faslda ham faoliyat yuritadi. Ushbu yangi ochilgan maskan albatta, xalqimizga va yurtimiz mehmonlariga maroqli hordiq chiqarishga xizmat qiladi. Dor yo‘lida uchish narxi dam olish kunlari 80 ming, qolgan kunlar 70 mingni tashkil etadi. Qariyalarimiz va bolalarimizga 50 foizlik chegirma bilan, imkoniyati cheklangan kishilar uchun mutlaqo tekin xizmat ko‘rsatiladi»,—deya ta’kidladi turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov.

Gondola toifasiga kiruvchi mazkur dor yo‘li dunyo miqyosida mashhur ishlab chiqaruvchi — «Doppelmayr» kompaniyasi tomonidan yaratilgan. Zamonaviy dizayn, innovatsion xavfsizlik komponentlari va eng yuqori sifatli po‘lat uskuna dam olish maskaniga tashrif buyuruvchilar uchun qulaylik va xavfsizlikni kafolatlaydi. Salonlarning panoram oynalari yo‘lovchilar oldida o‘ziga xos aylanma ko‘rinish hosil qilib, ularga o‘zlarini tabiat bilan hamnafasdek his qilish imkonini beradi.

«Amirsoy Ekspress» tashrif buyuruvchilarni avtomobil yo‘lidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kurort hududiga yetkazib qo‘yadi, bu esa uzoq masofali tog‘ yo‘lini chetlab o‘tib, haydovchilar uchun 5 km. ga qisqartiradi. Dor yo‘li 10 kishilik sig‘imga ega 74 ta gondola (kabina) dan iborat. Uning umumiy uzunligi 2913 metr bo‘lib, soatiga 2400 kishini tashish quvvatiga ega. Sayohat vaqti 9 daqiqani tashkil etadi. Mazkur ob’yekt joriy yilning 1 mayidan 15 dekabrigacha bo‘lgan qisqa davrda qurib bitkazildi. Investitsiyalarning umumiy qiymati 15,2 mln. yevroni tashkil etdi.

Dor yo‘lining to‘siqsiz dizayni bolalar aravachalari, nogironlar aravachalari yoki sportning qishki turlari bilan shug‘ullanish uchun muqobil qishki sport jihozlarini tashishni osonlashtiradi. Mukammal yechib olish texnologiyasi stansiyalarda yo‘lovchilar uchun qulay va xavfsiz chiqish va tushirish  imkoniyatini yaratadi.

Dam olish maskaniga tashrif buyuruvchilar va «Amirsoy Ekspress» yo‘lovchilariga qulaylik yaratish maqsadida bepul avtoturargoh tashkil etilgan.

Shuningdek, dam olish maskanining 2290 metr balandlikdagi tog‘li hududda o‘ziga xos va ilk restoran majmuasi joylashgan. 70 kishiga mo‘ljallangan «2290» restorani «À la carte»ga ega bo‘lib, yo‘lovchilar va piyodalar uchun noyob atmosfera va taassurotga boy tog‘ manzaralaridan bahramand bo‘lish imkonini beruvchi «take it and go» formatidagi terrassa va yo‘lovchilar uchun barni o‘z ichiga oladi. Majmua terrassasi go‘zal tabiatdan bahramand etuvchi panoram ko‘rinishga ega.

Ayni paytda Bo‘stonliq tumanida xalqaro standartlarga javob beradigan tog‘-chang‘i kurortini yaratish loyihasini amalga oshirishning ikkinchi bosqichiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Loyiha doirasida 200 va undan ortiq xonali 4 yulduzli va 3 yulduzli mehmonxonalar, yangi chang‘i jihozlari va ekipirovkalarini ijaraga berish punktlari, yozgi basseyn va faol mavsumiy dam olish zonalari quriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring