Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkent shahar hokimi qarori loyihasi bo‘yicha

Toshkent shahar hokimi qarori loyihasi bo‘yicha

Foto: «gulobodtongi.uz»

Toshkent shahar hokimligi tomonidan tayyorlanib, muhokama uchun qo‘yilgan loyiha ijtimoiy tarmoqlarda turli tushunmovchiliklar keltirib chiqardi, deyiladi Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Shu munosabat bilan Adliya vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi:

Birinchidan, «Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida»gi Qonun bilan ushbu yo‘nalishdagi asosiy munosabatlar tartibga solinadi. Xususan, Qonunning 4-moddasiga asosan dafn etish joylari tuman, shahar davlat hokimiyati organlarining bevosita tasarrufida bo‘ladi.

Ikkinchidan, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonunning 6-moddasiga muvofiq hokimlar o‘z vakolatlari doirasida tegishli hududdagi barcha tashkilotlar va aholi uchun majburiy bo‘lgan qarorlar qabul qilishi mumkin. Bunday tusdagi qarorlar loyihalari hududiy adliya organlari tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi.

Uchinchidan, muhokamaga sabab bo‘layotgan loyihada nazarda tutilgan ijtimoiy munosabatni tartibga solish hokimliklar zimmasiga yuklangan. Xususan, Hukumatning 2011-yil 4-apreldagi qarori bilan tasdiqlangan Dafn etish joylarini saqlash, ulardan foydalanish va qabr usti yodgorliklarini o‘rnatish tartibi to‘g‘risidagi nizomda esa go‘r qazish va marosim xizmatlari uchun pulli xizmatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadigan tariflar bo‘yicha amalga oshirilishi belgilangan.

To‘rtinchidan, qabristonlarni obodonlashtirish, mukammal va joriy ta’mirlash, ularni zarur darajada saqlash mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Qabr qazish va marosim xizmatlari bo‘yicha ishchilar esa pulli xizmatlardan tushgan mablag‘lar hisobidan oylik olishadi.

Beshinchidan, hozirgi vaqtda ham barcha hududlarda dafn etish joylaridagi xizmatlar haqi miqdori tegishli viloyat hokimi qarori bilan tasdiqlangan tariflar bo‘yicha undiriladi. Masalan, Samarqand viloyat hokimining 2019 yil 13 avgustdagi 213-q-son qaroriga muvofiq, katta o‘lchamda musulmoncha qabr qazish uchun 84 964 so‘m pul undirilishi nazarda tutilgan. Toshkent shahar hokimining 2018-yil 3-maydagi qaroriga asosan katta o‘lchamda musulmoncha qabr qazish uchun 92 000 so‘m miqdorda pul undirilishi belgilangan.

Oltinchidan, taklif etilayotgan loyiha hududiy moliya organi bilan kelishilgan. Narxlar oylik ish haqi, sarflanayotgan materiallar qiymatining oshganligi munosabati bilan qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Yuqoridagilarga ko‘ra, Adliya vazirligi axborot tarqatuvchilardan axborot tarqatishda jamiyat va fuqarolar oldidagi mas’uliyatni unutmaslikni so‘rab qoladi, deyiladi vazirlik xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring