Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

SSV: «2017-2019 yillar davomida tez yordam shifokorlariga 266 marta tajovuz qilingan»

SSV: «2017-2019 yillar davomida tez yordam shifokorlariga 266 marta tajovuz qilingan»

Foto: «ehonews.kz»

Keyingi paytlarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga g‘ayriqonuniy ravishda tajovuz va tahdid qilinishi bilan bog‘liq xabarlar ko‘payib bormoqda.

Afsuski, bugungi kungacha shifokorlarga qilinayotgan bunday qonunbuzarliklarga yetarli darajada huquqiy chora ko‘rilmay kelinmoqda. Ko‘p holatlarda tomonlar kechirim so‘rash bilan yarashtirilgan. Ba’zi holatlarda umuman huquqiy ta’sir choralari ko‘rilmagan. Masalan, 2017 – 2019 yillarda birgina shoshilinch va tez yordam tizimi shifokorlariga bemorlarning yaqinlari va qarindoshlari tomonidan 266 marta zo‘ravonlik qilish, ularga tan jarohati yetkazish kabi noqonuniy harakatlar sodir etilgan. Bundan 340 nafardan ko‘proq tibbiyot xodimlari jabr ko‘rgan. Ushbu vaziyatda bor yo‘g‘i 40 holatda jazo chorasi qo‘llanilgan. 109 holatda yarashtiruv bilan ish tugallangan, 128 holatda shifokorlarga tahdid qilgan shaxslarga nisbatan qonuniy jazo ko‘rish masalasi hal etilmagan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi xabar bermoqda.

«Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, amaldagi jinoyat qonunchiligida xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz qilish, ularga bu jarayonda tan jarohati yetkazish uchun javobgarlik choralari nisbatan yengil hisoblanadi. Holbuki, huquq-tartibot organlari xodimlari bilan shunday holat ro‘y bersa, aybdor qonun oldida qat’iy javob beradi. Ijtimoiy tarmoqlarda xabar qilinishicha, yaqinda Buxoroda yo‘l patrul xizmati inspektorining ko‘krak nishoni, radioaloqa vositasi va jezl tayog‘ini tortib olgan fuqaro 10 oyga qamaldi. Bundan bir muddat oldin Navoiyda tez tibbiy yordam shifokorini haqoratlab, tahqirlagan holatga bevosita vazirligimizning murojaatidan so‘ng ham aybdor shaxs esa 15 sutka qamoq va ozgina jarima bilan qutulib ketganligini qanday baholash mumkin?

Shundan kelib chiqib, yuqoridagi kabi noqonuniy xatti-harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi ko‘magida «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasiga kiritildi va birinchi o‘qishda qabul qilindi. Ayni paytda soha mutaxassislari va ekspertlari tomonidan ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda.

Bu hozirda qariyb har kuni sodir bo‘ladigan hodisaga aylanib ulgurgan tajovuzlarning oldini olishda katta profilaktik ta’sir kuchga ega bo‘lishidan umidvormiz.

Fuqarolarimiz ham zimmalariga zalvorli mas’uliyat yukini olib, insonlar salomatligi yo‘lida kunu tun xizmat qilayotgan shifokorlar mehnatini qadrlashni o‘zlarining vijdoniy burchlari deb bilishlari va bu borada qonun ustuvorligini ta’minlashga hamda qat’iy jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga o‘z hissalarini qo‘shishlarini so‘rab qolamiz»,-deyiladi xabarda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring