Tashqi yozuvlar bo‘yicha tashabbus: jonkuyarlikmi yoki chiroyli piar?

«Davlat tili haqida»gi qonunni qabul qilish biz uchun oson kechmaganini ham, mustaqillik yillarida o‘zbek tilini davlat tiliga aylantirish yo‘lida amalga oshirilgan qator chora-tadbirlarni ham xalqimiz juda yaxshi biladi...».
Bu jumlalar ko‘p takrorlangan, to‘g‘rimi? Ayniqsa, 21-oktyabr – O‘zbek tili bayrami kunini har nishonlaganimizda bot-bot eslashni yaxshi ko‘ramiz. Xo‘sh, bayram bo‘lmasa ham nega yana eslab qoldim davlat tili haqida?..
Gap shundaki, «Milliy tiklanish» partiyasi lideri Alisher Qodirov partiya deputatlari «Tashqi yozuvlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasini tayyorlayotganini ma’lum qilgan. Bu haqda A.Qodirovning telegram kanaliga tayangan holda Xabar.uz ma’lum qilgan.
«Toshkentdan boshlab barcha shaharlarimizda tashqi yozuvlar, e’lonlar, ko‘rsatmalar boshqa tillarda, hatto boshqa alifbolarda yozilayotgani achinarli muammo!
O‘zbekistonda barcha tashqi yozuvlar, e’lon, ko‘rsatmalar o‘zbek tilida bo‘lishi shart. Zaruratga qarab boshqa tillarda takrorlanishi mumkin. Tayanch qadriyatimiz sifatida o‘zbek tiliga munosabatimiz tubdan o‘zgarishi kerak», – deydi Qodirov.
U, shuningdek, bu borada avvalo tadbirkorlar, mulkdorlar va boshqaruv idoralari o‘zbek tiliga hurmat, qonunga itoatda namuna bo‘lishlari kerakligini, jamoatchilik esa bu masalada murosasiz bo‘lishi lozimligini aytadi.
«Urush holatida bo‘lishiga qaramasdan, Rossiya dumasida so‘nggi oyda rus tili bilan bog‘liq uchinchi jiddiy, majburiyatlarga to‘la qonun (RF Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin 2-yanvar kuni «rus tilini himoya qilish, ya’ni «ingliz va xorijiy so‘zlardan foydalanishni sezilarli darajada cheklash haqidagi qonun loyihasi»ni taqdim etgan edi – muallif) qabul qilinmoqda. Bu masalada o‘rnak olishimiz mumkin va zarur deb o‘ylayman», deya izohlaydi o‘z fikrini partiya lideri.
Alisher Qodirov davlat tilimiz himoyasi haqida tez-tez chiqish qilib turadigan sanoqli deputatlarimizdan, tilimiz kuyunchaklaridan biri. Til masalasida asosan Kreml tarafidan bo‘ladigan iddaolarga ham o‘z vaqtida javob yo‘llashi bilan ko‘pchilik hurmatini qozongan. Bu safar tashqi yozuvlar – e’lon va peshlavhalar «tili»ga bo‘lgan talabni qat’iylashtirishni maqsad qilgan ko‘rinadi. Bu jonbozligini albatta qo‘llab-quvvatlaymiz. Rostdan ham tashqi yozuvlar, e’lonlar borasida tilimiz egasiz bo‘lib qoldi, go‘yo. Ammo...
Ammo Alisher Qodirov ilgari surgan loyihadan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi qonunida mustahkamlab qo‘yilganku!
Bilamiz, «Davlat tili haqida»gi qonun O‘zbekistonimiz mustaqillikka erishmasidan oldin – 1989-yil 21-oktyabrda qabul qilingan. 1995-yil 21-dekabrda esa, «Davlat tilini izchil joriy etish jarayonini takomillashtirish va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga mukammal o‘tishini ta’minlash maqsadida” ushbu qonunga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritilgan.
«Davlat tili haqida»gi qonunning 20-moddasida Qodirov ko‘targan loyiha shu tarzda lo‘nda ifodalangan: «Lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin.»
Xo‘sh, bizga yoki «Milliy tiklanish» partiyasiga bundan ortiq nima kerak?.. Balki «Davlat tili haqida»gi qonunning bir qator normalari deklarativ va umumiy xarakterga ega bo‘lganligi sababli ko‘zlangan maqsadga to‘la erishishning imkoni bo‘lmayotgandir. Nima bo‘lganda ham qonunni ishlamayotgani yoki uni ishlata olmayotganimiz sabab emasmi o‘zbek tili nufuzi pastlayotganiga!
Agar Qodirovni dastaklaydigan bo‘lsak, qonunning yana boshqa bir qator moddalari bo‘yicha ham alohida-alohida qonunlar ishlab chiqishimizga majbur bo‘lib qolmaymizmi? Masalan, qonunning 8-moddasi («O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va e’lon etiladi...») yoki 10-moddasi («Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritiladi...») ijrosiga ham to‘liq amal qilinyapti deb aytolmaymiz.
Partiya loyihasi Parlamentda qabul qilinadimi-yo‘qmi bilmayman. Lekin qabul qilingan taqdirda ham ijrosini ta’minlash yana muallaq qolaveradi, nazarimda. Chunki Qodirovning o‘zi bu qonun ijrosini aylanib o‘tadigan «darcha» qoldiryapti: «O‘zbekistonda barcha tashqi yozuvlar, e’lon, ko‘rsatmalar o‘zbek tilida bo‘lishi shart», deydi partiya lideri. Shu nuqta o‘rniga undov bo‘lganida va gap tugallanganida men bu maqolani yozmagan bo‘lardim. Biroq muallif fikrini davom ettiryapti, ya’ni («Davlat tili haqida»gi qonunda bo‘lganidek) istisnoga yo‘l ochyapti: «Zaruratga qarab boshqa tillarda takrorlanishi mumkin.»
Aynan shu «Zaruratga qarab boshqa tillarda takrorlanishi mumkin» degan jumla Qodirov istayotgan qonun ijrosiga soya solishi mumkin. Davlat tiliga panja ortidan qaraydiganlar shu istisnoni qonunning o‘ziga qarshi ishlata olishadi deb o‘ylayman.
Fikrimni yuqorida misol keltirganim mavjud qonunning 8-moddasi bilan tushuntirishga harakat qilaman: «O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va e’lon etiladi. Bu hujjatlarning tarjimalari boshqa tillarda ham e’lon qilinadi», deb belgilangan. Bu moddadagi istisno: «Bu hujjatlarning tarjimalari boshqa tillarda ham e’lon qilinadi» jumlasidir. Ayrim sohalardagi davlat idoralarida hujjatlarni davlat tilida qabul qilish yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagani ayni shu istisno natijasi emasmikan?
Davlat tili nufuzini belgilash bo‘yicha internetda e’lon qilingan maqolalar («Davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik: muammo va yechimlar» – O‘zA, 08.10.2020) orqali xorij tajribasi bilan ham tanishib chiqdim. Albatta, Alisher Qodirov ham ulardan xabardor bo‘lsa kerak. Mana ular:
Fransiyada 1994-yilda qabul qilingan Tubon qonunida davlat tashkilotlari tomonidan ish yuritish istisnosiz fransuz tilida olib borilishi, atamalarning fransuzcha muqobili turganda, boshqa tildagisini ishlatish taqiqlanishi qat’iy belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari, kinosaroylarda filmlar namoyishi va reklamalarda fransuz tili qoidalariga to‘liq rioya qilishi belgilangan.
«Polyak tili to‘g‘risidagi» qonunga ko‘ra, mehnat munosabatlarida taraflardan biri Polsha hududida doimiy yashovchi shaxs bo‘lgan hollarda ish yuritish polyak tilida olib boriladi. Ya’ni, mamlakatda faoliyat yuritadigan xorijiy korxonalarda bittagina Polsha fuqarosi yoki Polshada doimiy yashovchi shaxs ishlasa, bu korxonada davlat tili to‘g‘risidagi qonun talablariga rioya qilinishi kerak.
2002 yil 30 sentyabrda qabul qilingan «Ozarbayjon Respublikasida davlat tili to‘g‘risida»gi qonunda Ozarbayjon Respublikasining har bir fuqarosi davlat tilini bilishga majburligi, ozarbayjon tili mamlakat siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ilmiy va madaniy hayotining barcha jabhalarida davlat tili sifatida qo‘llanilishi nazarda tutilgan.
Mutaxassislar bundanam ko‘p misollarni bilishi turgan gap.
Aslida Davlatimiz rahbarining 2019-yil 21-oktyabrdagi «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bu mavzuga uzil-kesil nuqta qo‘yishi kerak edi.
Yana yangi qonun – «Tashqi yozuvlar to‘g‘risida»gi qonun orqali «Milliy tiklanish»chilar O‘zbek tili, Davlat tili mavqeini mustahkamlashni maqsad qilishgan bo‘lishsa, biz ular bilanmiz. Shu orqali partiya obro‘sini oshirish, «biz qo‘l qovushtirib o‘tirganimiz yo‘q, ishlayapmiz» qabilidagi chiroyli piar bo‘lsa... Tag‘in bilmadim.
Usmonjon Yo‘ldoshev,
jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter