Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sog‘liqni saqlash vaziri: Tug‘uruqxonadan chiqish marosimlaridagi ortiqcha dabdababozliklar chaqaloq salomatligiga salbiy ta’sir qiladi

Sog‘liqni saqlash vaziri: Tug‘uruqxonadan chiqish marosimlaridagi ortiqcha dabdababozliklar chaqaloq salomatligiga salbiy ta’sir qiladi

Alisher Shodmonov — O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Farzand dunyoga kelishi har bir oila uchun katta bir quvonch. Ushbu quvonchli hodisa oilalarda turlicha nishonlanadi. Elu yurtga ma’lum qilish uchun har xil marosimu tadbirlar o‘tkaziladi. Hatto tug‘uruqonadayoq boshlanib ketadigan tadbirlardan biri chaqaloqni tibbiyot muassasasidan olib chiqish bilan bog‘liq. To‘g‘ri, yangi mehmon katta izzat-hurmat bilan uyga olib ketilishi yaxshi, ammo marosim ortiqcha dabdababozliklar bilan o‘tkazilib, atrofdagilar tinchini buzsa, eng yomoni bundan ona va bola salomatligi aziyat cheksa-chi?

Bugun Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev ushbu masalaga davlat darajasida e’tibor qaratmoqda. Viloyatlarga safarlari chog‘ida, turli soha vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuv va muloqotlarda ortiqcha dabdababozlik bilan kimo‘zarga o‘tkaziladigan marosimlardan na jamiyat, na tadbir egalari naf ko‘rishi, bu davlatimizning rivojlanishi, jamiyat taraqqiyotiga ham bolta urib kelayotgan illatlardan biri ekani takror va takror aytilmoqda.

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, ayni shu masala necha yillar, hatto asrlardan beri kun tartibidan tushmasdan keladi. Jadidchilik asoschilari ham to‘y-marosimlardagi isrofgarchilik, dabdababozlik, maqtanchoqlik millatimizni ma’naviy tanazzulga yetaklaydigan illat ekani haqida qanday kuyunib o‘tganlari barchamizga ma’lum. Eng achinarlisi, bu narsa inson salomatligi, bolalar sog‘ligiga ham katta ta’sir qilmoqdaki, bugun ushbu muammoga «Menga tegishli emas», qabilida qaray olmaymiz.

Shu munosabat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligida oilada farzand dunyoga kelishi munosabati bilan o‘tkaziladigan marosimlar, ayniqsa, tug‘uruqxonadan chaqaloqni olib chiqish tadbirlaridagi dabdababozlik, milliy urf-odatlarimizga zid bo‘lgan turli ortiqcha marosimlarning oldini olish bo‘yicha tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

— Tan olib aytish kerak, haqiqatan ham millatimiz ushbu masalada tanazzul yoqasiga kelib qolgani rost, — deydi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov. – Davlatimiz rahbari juda o‘rinli ta’kidlaganlaridek, to‘y-marosimlarni o‘tkazish faqat shaxsiy ish emas, balki ijtimoiy masala ham. U bir oilada tashkil qilingani bilan tadbirning ta’siri butun jamiyat hayotiga, xalqimiz salomatligiga ta’sir qiladi. Joriy yilning fevral oyida tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda «Oilada farzand tug‘ilishi munosabati bilan o‘tkaziladigan marosimlardagi dabdababozliklarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi» tasdiqlanib ijroga kiritildi. Tibbiyot xodimlari xalq orasiga chuqur kirib, yangi va ta’sirchan usullarda targ‘ibot ishlarini olib bormoqda. Kuzatuvlarimizdan ko‘rinmoqdaki, tushuntirishning eskicha usullari bugun o‘zini oqlamaydi. Shu bois ayni damda tibbiyot muassasalarida akusher-kinekologlar, oila shifokorlari, patronaj hamshiralar bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz. Homilador ayollar, qaynona-qaynotalar bilan alohida targ‘ibot ishlari o‘tkazilmoqda. Chaqaloq dunyoga kelishi bilan o‘tkaziladigan ortiqcha dabdababozlikdagi marosimlarning yangi tug‘ilgan go‘dak va ona sog‘ligiga salbiy ta’siri tibbiy nuqtai nazardan tushuntirilmoqda. Ayniqsa, chaqaloq tug‘ilgach, dastlabki qirk kun ona va bola sog‘ligi uchun eng muhim palla ekani, bu muddat ichida qarindosh-urug‘larning yo‘qlovi ham ular salomatligiga salbiy ta’sir qilishi haqida suhbatlar o‘tkazilmoqda. Chilla davri deb aytiladigan bu muddatga xalqimiz qadimdan ham alohida e’tibor qaratib kelgan.

Birgina Toshkent shahrida ushbu targ‘ibotlar natijasida mingga yaqin yosh oilalar tug‘ruq majmuasidan chiqish jarayonlarini ixcham, ortiqcha dabdaba va isrofgarchiliklarsiz, milliy urf-odatlarimiz bo‘yicha o‘tkazishdi. Bugun ularning qamrovi kengayib bormoqda. Bola salomatligi, kelajagi, ertangi hayoti uchun uning tug‘uruqxonadan qanday avtomashina, ertak qahramonlariyu, karnay-surnay bilan chiqishi emas, unga beriladigan tarbiya, tibbiy yordam va ota-ona namunasi muhim ekanini anglab yetayotgan oilalar soni ortib bormoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring