Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev ta’ziya bildirdi

Shavkat Mirziyoyev ta’ziya bildirdi

Mamlakatimiz tog‘-kon sanoati og‘ir judolikka uchradi.

«Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyatining «Qolmaqir» konida ko‘p yillar fidokorona xizmat qilgan mohir ekskavator mashinisti, mehnat faxriysi, O‘zbekiston Qahramoni Jonsaid Turdiyev shu yil 20 oktyabrda 69 yoshida vafot etdi.

J.Turdiyev 1954 yil 20 iyun kuni Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatib, harbiy xizmatni o‘tagach, Toshkent viloyati, Olmaliq shahridagi 80-avtokorxonada haydovchi bo‘lib ish boshladi.

1977 yildan mehnat faoliyatini Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tizimida davom ettirib, qariyb o‘ttiz yil mobaynida «Qolmaqir» konida samarali xizmat qildi, ko‘plab shogirdlar tayyorlab, mamlakatimizning tog‘-kon sanoati rivojiga katta hissa qo‘shdi.

O‘z kasbining haqiqiy jonkuyari bo‘lgan J.Turdiyev bilim va tajribasi, mehnatsevarlik, mardlik va matonat, jonajon Vatanimizga muhabbat singari yuksak insoniy fazilatlari bilan nafaqat jamoasi, balki ko‘p millatli xalqimizning hurmat-e’tiboriga sazovor bo‘ldi. 

Keyingi yillarda jamoatchilik ishlarida faol ishtirok etib, Olmaliq shahar «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, faol targ‘ibotchi sifatida hududda islohotlarni amalga oshirish, aholini ijtimoiy himoya qilish, turli millat vakillari o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashda jonbozlik ko‘rsatdi.

J.Turdiyevning davlatimiz va xalqimiz oldidagi xizmatlari yuksak e’tirof etilib, u 1998 yilda «O‘zbekiston Qahramoni» oliy unvoni hamda «Oltin yulduz» medali bilan mukofotlangan edi. 

Mamlakatimiz kon-metallurgiya sohasining taniqli vakili, samimiy va kamtarin inson Jonsaid Turdiyevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov, 

A.Aripov, Z.Mirzayev, A.Xursanov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring