Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sharqona va me’moriy go‘zallik. Zomin dexqon bozoriga fotonigoh

Sharqona va me’moriy go‘zallik. Zomin dexqon bozoriga fotonigoh

Foto: O‘zmilliybank matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan 2019 yil 1 sentyabr kuni Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi «Zomin» dehqon bozorida zominliklar va mehmonlar uchun ochilish marosimi tashkil etildi.

«Xalqning qanday yashayotganini bilmoqchi bo‘lsang bozorini ko‘r», deydi dono xalqimiz. Bu bejiz emas. Zero, turmushimizni bozorlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Negaki, bozorlarimiz shunchaki, savdo-sotiq ishlarini amalga oshiradigan maskan bo‘lib qolmay, azaldan xalq farovonligi va turmush tarzini namoyon etuvchi o‘ziga xos ijtimoiy-iqtisodiy markazlardan biri sanalgan. Bir so‘z bilan aytganda, bozorlar xalq farovonligining ifodasidir. Bugun yurtimiz bozorlarida bo‘lgan va obodlikni kuzatgan har bir inson qalbidan ana shu fikrlar o‘tishi shubhasiz.

«Xalqimiz ertaga yoki yaqin kelajakda emas, bugun yaxshi yashashga har tomonlama munosibdir!» Shu ma’noda Jizzax viloyatining Zomin tumanida ko‘lami jahatidan salmoqli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari qizg‘in olib borilayaptiki, bularning har biri yurtdoshlarimiz hayotida o‘chmas iz qoldirmoqda. Eng aziz va ulug‘ bayram kunlarida zamonaviy ko‘rinishdagi «Zomin» dehqon bozorining foydalanishga topshirilishi tuman ahli uchun o‘ziga xos bayram tuhfasi bo‘ldi.

E’tiborlisi, majmua sharqona va milliy me’morlik an’analarining nodir namunalarini o‘zida mujassam etgani holda, zamonaviy savdo majmualari shaklida mukammal rekonstruksiya, sotuvchi va xaridorlarga qulay sharoit yaratish, savdo xizmati sifatini yaxshilash orqali savdo-bozor infratuzilmasini yanada shakllantirishda alohida ko‘rinishga ega bo‘ldi.

Umumiy maydoni 1,2 gektardan iborat mazkur dehqon bozori qisqa fursatlarda bunyod etilib, uning qurilishiga O‘zbekiston Milliy bankining 25 milliard so‘mlik mablag‘lari yo‘naltirildi. 500 ta savdo rastasiga ega zamonaviy tipdagi yangi bozorda sotuvchi va xaridorlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Jumladan, non mahsulotlari, ho‘l mevalar, quruq mevalar, guruch va dukkakli mahsulotlar bo‘limlaridagi savdo rastalaridan o‘rin olgan mahsulotlar dasturxonlarimiz to‘kinligi va farovon turmushimizdan dalolat beradi. Bozor hududida tadbirkorlar uchun O‘zbekiston Milliy bankning maxsus shoxobchasi tashkil etilganligi hududdagi tadbirkorlar imkoniyatlarini yanada oshirishi bilan ham ahamiyatlidir.

Ilk kundanoq sotuvchiyu xaridorlar bilan gavjum bo‘lgan dehqon bozori sarxil mevalar, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari bilan yanada fayzli va barakali bo‘ldi. Bu yerda tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish sifati, xaridorlarga yaratilgan kulayliklar ham e’tibordan chetda qolmagan.

Avvalom bor, bularning barchasi hurmatli Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarining natijasidir. Chunki xalq farovonligi yo‘lida yurtimizda bunyodkorlik ishlarini ortib borayotgani barchaga sir emas. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki xalqimizning turmush tarzida qulayliklar yaratish borasida o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring