Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sen bizga keraksan, bolajon! Artistlar, deputatlar va oddiy insonlar qon topshirdi

Sen bizga keraksan, bolajon! Artistlar, deputatlar va oddiy insonlar qon topshirdi

Foto: Adolat SDP

Qon – tiriklik manbai. Kundalik hayotimizda uning ahamiyati har doim ham sezilmaydi. Ammo istalgan kasalxonaga kiring, butkul boshqa olamga tushasiz. Mana shu tomirlaringizda beminnatgina oqib turgan qonning bir qatrasiga muhtojlarni ko‘rasiz. Ular orasida hayotimiz mazmuni bo‘lgan qorako‘zlar – bolajonlar borligi esa borlig‘ingizni ag‘dar-to‘ntar qilib yuboradi.

O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi mamlakatimizning barcha hududlarida ijtimoiy-tibbiy ko‘makka muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Partiya fuqarolarni ko‘ngilli ravishda qon topshirishga chaqiradi. Shu orqali bemor bolalar hayotini saqlab qolish, jamiyatda insonparvarlik va mehr-oqibat g‘oyalarini targ‘ib qilishga qaratilgan an’anaviy xayriya aksiyasini o‘tkazilmoqda.

Xususan, 2018 yilning 1 iyun kuni Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni hamda 3-4 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan aksiyada Respublika bo‘ylab 1500 ga yaqin xayrixohlar ishtirok etdi. Ulardan 398  000 gramm qon to‘plandi. Ushbu aksiya an’anaviy tarzda o‘tkazilmoqda.

Navbatdagi beg‘araz donorlik aksiyasi Toshkent shahridagi qon quyish markazida o‘tkazildi. Aksiyada turli kasalliklar yoki baxtsiz xodisalar tufayli qon almashtirishga muhtoj bemor bolalarga jon bag‘ishlash, ularning hayotga qaytishlariga yordam berish, og‘ir bemor bolalarning umidvor ko‘ngillariga malham bo‘lish, bu yorug‘ dunyo go‘zalliklariga intiq ko‘zlarga nur ato etish hamda ularning sog‘ayib ketishiga hissa qo‘shishdek xayrli va savobli ishga bel bog‘lagan uch yuzdan ortiq yurtdoshlarimiz ixtiyoriy ravishda qon topshirdilar.

O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasining «Har bir bolaga mehr-muruvvat» shiori ostida oyligi doirasida bo‘lib o‘tgan aksiyada partiya Siyosiy Kengashi Markaziy apparati xodimlari va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlardagi deputatlari, hududiy partiya tashkilotlari faollari, «Ayollar qanoti» va «Yosh adolatchilar» qanoti a’zolari, xayrixohlar hamda boshqa ko‘ngilli fuqarolar faol ishtirok etishdi.

Bolajonlarga qon berish uchun ko‘plab taniqli shaxslar tashrif buyurdi. Xususan, qonunchilik palatasi deputatlari Lyudmila Koshelapova, Jamshid Pirmatov, Ulug‘bek Samatov, Umid Sulaymanov, Davron Tangirov, «Shuhrat» medali sohibi, xonanda Umid Shahobov, taniqli jurnalistlar – «Adolat» gazetasi bosh muharriri Islom Hamro, O‘zbekiston telekanali «Assalom O‘zbekiston» ko‘rsatuvi boshlovchisi va muallifi Fahriddin Samadov, partiya siyosiy kengashi raisi o‘rinbosarlari Abdukamol Raxmanov va Farhod Ishankulovlar shular jumlasidandir.

Partiyaning ushbu dasturiy maqsadlari doirasida tashkil etilgan donorlik aksiyasi davomida 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan, 55 kilogramdan oshiq vaznga ega O‘zbekiston fuqarolari donor sifatida ishtirok etishdi. Tadbirda ayollarda gemoglabin darajasi 120, erkaklarda esa 130 dan yuqori bo‘lishi kabi talablarga javob beradigan sog‘lom ayollar har uch oyda, erkaklar ikki oyda bir marta donorlik qilishlari mumkinligi va bir necha marotaba tibbiy hamda qon tekshiruvidan o‘tishlari lozimligi aytib o‘tildi.

Qon bu – hayot, inson tirikligining asosidir. Uning qiymatini dunyoda hech bir narsa bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Tibbiyotda turli xil kasalliklar, shuningdek, favqulodda jarohat olgan insonlar, ayniqsa, jajji bolajonlar ko‘p qon yo‘qotishi natijasida hayoti qil ustida bo‘lib qoladi. Bunday bemorlarni davolash barobarida donorlarning beminnat yordami juda muhim.

O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi tomonidan «Har bir bolaga mehr-muruvvat!» shiori ostida o‘tkazilgan beg‘araz donorlik aksiyasi Toshkent shahridan tashqari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlaridagi ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonalarida ham uyushqoqlik bilan tashkil etilib, mingdan ortiq ko‘ngilli yurtdoshlarimiz qon topshirishdi. Natijada yuzlab bemor bolajonlar salomatligi uchun zarur bo‘lgan 360  297 gram tiriklik manbai to‘plandi.

Aksiya davomida beg‘araz qon topshirgan donorlarga «Adolat» partiyasi minnatdorchilik bildiradi!

«Har bir bolaga mehr-muruvvat!» oyligi doirasida tashkil etilayotgan «Bor mehrimiz senga, bolajon» beg‘araz donorlik aksiyasi 11 iyulga qadar respublikamizdagi Oliy ta’lim muassasalari hamda jamoat tashkilotlarida davom ettiriladi. Barcha hamyurtlarimizdan imkon qadar unda ishtirok etishni so‘rab qolamiz.

O‘zbekiston «Adolat» SDP
matbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring