Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sayyor qabul: muammolar joyida hal etildi

Sayyor qabul: muammolar joyida hal etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi o‘rinbosari A.Usmonov rahbarligidagi Respublika ishchi guruhi joriy yilning 11-18-sentyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida, Taxiatosh, Bo‘zotov, Taxtako‘pir, Chimboy, Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot, Qorao‘zak, To‘rtko‘l va Amudaryo tumanlarida sayyor qabul o‘tkazdi.

O‘tkazilgan tadbirlar davomida jami 3076 ta masala bo‘yicha murojaat qabul qilinib, shundan 1017 ta murojaat ijobiy hal qilindi, 785 ta murojaatga tushuntirish berildi va 1274 ta murojaat ijro uchun nazoratga olindi. Fuqarolar tomonidan asosan ish bilan ta’minlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, uy-joy va moddiy yordam, sud qarorlari, ichki ishlar organlari faoliyati, yo‘llarni ta’mirlash, gaz va elektr ta’minoti, uy-joy kommunal xizmati, sog‘liqni saqlash, tijorat banklariga oid va boshqa masalalarda murojaat kelib tushdi.

Ommaviy qabul doirasida sayyor sud majlislari o‘tkazilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 73-moddasiga asosan 30 nafar mahkum jazoning o‘talmagan qismidan shartli ravishda ozod qilindi. Bundan tashqari, 25 nafar shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rilib, huquqbuzarlar Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 21-moddasiga asosan ogohlantirilib, javobgarlik va jazodan ozod etildi.

Tadbirkorlar va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlardan kelib tushgan 11 ta da’vo ariza ko‘rib chiqilib, shundan tadbirkorlik sub’yektlari foydasiga 590,3 million so‘m undirildi.

Bosh prokuratura tomonidan 2 ta sud qaroriga protest keltirildi, 5 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi qaror bekor qilindi, 4 ta jinoyat ishiga ko‘rsatma berildi. Bundan tashqari, Qorao‘zak tumani «Quralpa»ovul fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi 90 ta xonadonga tozalangan ichimlik suvi yetkazib berildi, jami 5 kilometr yo‘llarga qum-shag‘al yotqizildi. 5 nafar fuqaroga jami 238 million so‘mlik kredit mablag‘i olib berildi va 31 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.

Ichki ishlar vazirligi rahbarlariga murojaat qilgan 6 nafar fuqaro ichki ishlar organiga ishga qabul qilinib, 2 nafar fuqaro qayta ishga tiklandi, 11 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti berildi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tan olish bo‘yicha 17 nafar fuqaroga hujjat rasmiylashtirildi. 1 nafar fuqaroga manzil koloniyasiga o‘tkazish masalasi hal qilindi. Kelib tushgan murojaat bo‘yicha 1 kilometr yo‘lga shag‘al yotqizildi, 1 ta kam ta’minlangan oilaning uy-joyi to‘liq ta’mirlandi.

— Qabul doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi vakillari maktabimizda bo‘lib, sharoitlar bilan yaqindan tanishdi, — deydi Qorao‘zak tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 8-umumta’lim maktabi direktori o‘rinbosari Davron To‘reniyazov. — Jamoamiz tomonidan bildirilgan murojaat inobatga olinib, 16 dona kompyuter jamlanmasi, maktab o‘quvchilarining so‘nggi yangiliklar bilan tanishib borishlari uchun radiouzel, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun qo‘l yuvish rakovinasi sovg‘a qilindi. Bundan judayam mamnunmiz.

O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilalarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi mutasaddilari tomonidan Kegeyli tumanida yashovchi kam ta’minlangan Z.Ibragimovaga uy-joyini ta’mirlash uchun 6 ming dona g‘isht, Chimboy tumanida yashovchi kam ta’minlangan T.Jiyemuratova va Qorao‘zak tumanida yashovchi 2-guruh nogironligi bo‘lgan shaxs K.Jumabayev xonadonlari ta’miri uchun 240 ta shifer berildi. Shuningdek, 1,6 kilometr yo‘lga qum-shag‘al yotqizildi. 860 metr yo‘l tekislandi va 15 kilometr yo‘l chuqurlari ta’mirlandi.

Joylardagi ommaviy qabul mobaynida 29 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlandi. 41 nafar fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishiga jalb qilindi. 46 nafar fuqaro kasbga tayyorlash uchun yuborildi. 31 nafar fuqaroga ishsizlik nafaqasi tayinlandi. 3 nafar fuqaroga moddiy yordam, 85 nafar ishsiz fuqaroga ishga qabul qilish uchun yo‘llanma berildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari tomonidan 22 nafar fuqaroga davolanish uchun order, 8 nafar fuqaroga nogironlik guruhiga chiqish uchun ekspertizaga yo‘llanma berildi. 1 nafar fuqaro kislorod konsentratori bilan ta’minlandi. Shuningdek, 15 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi va eshitish moslamasi topshirildi. Bundan tashqari, 3 nafar fuqaro tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha ishga joylashtirildi. Buyuk Britaniyalik tibbiyot xodimlari ishtirokida 2 nafar bemorga teletibbiyot muloqoti orqali tashxis qo‘yildi. Qorao‘zak tumanida 3 nafar bemorga murakkab yuqori texnologik amaliyot bajarish uchun 200 million so‘mlik moliyaviy manbani topib yordam ko‘rsatish belgilandi.

— 1986-yilda tug‘ilgan farzandim Baxitboy Avezbaqiyevga jarrohlik amaliyoti uchun yordam so‘rab murojaat qildim, — deydi Bo‘zatov tumanidagi «Sarancha» ovulida yashovchi fuqaro Biybiro‘za Qabilbekova. — Murojaatim inobatga olinib, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Qoraqalpog‘iston kasaba uyushmasi tashkilotlari birlashmasi Kengashi tomonidan 36 million so‘m mablag‘ ajratib berildi.

Tabiiy gaz, elektr energiyasi ta’minoti va ichimlik suvi bo‘yicha bir qator muammolar yechimini topdi. Jumladan, 2 ta transformator ta’mirlandi, 3 ta elektr yoritgich, 2 ta elektr hisoblagich o‘rnatildi, 400 metr SIP kabel tortildi va 7 ta tayanch ustun yangisiga almashtirildi. Qorao‘zak va To‘rtko‘l tumanlarining chekka hududlariga ichimlik suvi yetkazib berildi. 1 kilometr suv quvuri tortilishi boshlandi.

Xalq ta’limi vazirligi rahbarlari tomonidan 5 ta umumta’lim maktabiga 75 dona kompyuter sinfi jihozlari yetkazib berildi. Oliy ta’lim muassasalarini tugatgan va ishsiz 32 fuqaro ishga qabul qilindi. Maktabgacha ta’lim tashkilotiga 10 nafar fuqaro ishga joylashtirildi. 3 ta maktabgacha ta’lim tashkilotiga jihozlar ajratib berildi va bittasida ta’mirlash ishlari boshlandi.

Qozog‘iston Respublikasidan 48 nafar talabaga Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti va Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutiga o‘qishini ko‘chirish uchun buyruq chiqarildi. Tijorat banklari tomonidan 15 ta tadbirkorlik sub’yektiga 2,3 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratildi. Qarz va zararni undirishga oid 16 ta murojaat bo‘yicha 67,4 million so‘m undirildi.

Bo‘lib o‘tgan sayyor qabullar davomida fuqarolarni kundalik hayotida qiynab kelayotgan aksariyat muammolar ijobiy yechimini topdi. Bu ezgu ishlar aholining farovon hayotini ta’minlashga, bugungi kundan rozi bo‘lib yashashlariga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring